Tarbiya

Anjelina Joli va Bred Pitt 6 farzandini qanday tarbiyalaydi?

Aktyorlar Anjelina Joli va Bred Pittning olti farzandi bor, ularning uch nafari asrab olingan. Xo‘sh, Gollivudning eng go‘zal ayollaridan biri ularni qanday tarbiyalamoqda?

Internetga taqiq

Aktrisa internet axborot manbasi emas, balki turgan-bitgani boshog‘riq deb hisoblaydi. Shu sababli Joli bolalarini kitob o‘qishga majburlaydi (ularning uyida ajoyib bolalar kutubxonasi bor), kompyuter qarshisida o‘tirish uchun esa ko‘pi bilan bir soat vaqt sarflashga ruxsat beradi.

Individuallik

Katta e’tiborni aktrisa farzandlaridagi individuallikni, o‘ziga xoslikni tarbiyalashga qaratadi. Anjelinaning fikricha, bola o‘ziga nima kerakligini yaxshiroq biladi, shu tufayli, uning intilishlarini cheklamaslik va o‘z fikrini o‘tkazmaslik kerak.

Umumiy qiziqishlar

Aktrisa to‘ng‘ich o‘g‘li Meddoks bilan bir xil xobbiga ega, bu — pichoqlar yig‘ish. Ammo u o‘g‘liga mardlik, jasurlik, sharaf hamda kuchsizlarni himoya qilish kerakligi haqida gapirib berishni ham unutmaydi.

Talabga ko‘ra ovqatlanish

Yulduzli juftlikning farzandlari ular bilan xizmat safarlariga tez-tez borib turadi, shu tufayli, ularning kun rejimi siljiydi. Buni nazarda tutib, Bred va Anjelina bolalarni o‘z talabiga qarab ovqatlantiradi. Aktrisaning fikricha, ovqatlanishning bunday rejimi bolaning salomatligi va aqliy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Anjelina barcha ota-onalarga bolalarni qat’iy belgilangan vaqtda zo‘rlab ovqatlantirmaslikni, balki ularga bu borada erkinlik berishni maslahat beradi.

Oilaviy an’analar

Joli-Pitt oilasi oilaviy kechki ovqatni o‘z an’anasiga aylantirib olgan. Ular kechki ovqatga birgalikda, katta dasturxon atrofida o‘tiradi. An’analar oilani jipslashtiradi, umumiy qiziqishlarni yuzaga keltiradi, asosiysi esa, bolalarning o‘zaro aloqada bo‘lishini ta’minlaydi.

Har kim xato qilishga haqli

Anjelina xatolardan qo‘rqmaslik kerakligi, chunki ular tabiiy ekanligini bolalariga uqtirib keladi. Tajribali ona farzandlarini chashkani tushirib qo‘ygani yoki qandaydir buyumni sindirib qo‘ygani uchun hech qachon koyimaydi. “Tushirdingmi — ol, sindirdingmi — yig‘ib ol, xato qildingmi — uni to‘g‘rila” — mana shunday oddiy haqiqatga Joli tarbiya jarayonida tayanadi.

Bred va Anjelina hech qachon jahllarini bolalarga to‘kib solmaydi — yaxshisi, biroz vaqtga nari ketib, tinchlanib, so‘ng o‘tirib gaplashib oladi. Bunday xulq bolalarda vazminlikni hamda nizolarga oqilona yondashuvni shakllantiradi.

Taqiq zonasi

Joli farzandlari tashqi muhitning salbiy ta’siriga tushib qolishini istamaydi, shu tufayli ular qanday internet-manbalarga kirayotganini muntazam tekshirib turadi va, hatto, bolalar ruhiyatiga yomon ta’sir qilishi mumkin deb hisoblagan saytlarini bloklab ham qo‘yadi. Jonkuyar ona, shuningdek, zo‘ravonlik va qonli sahnalar bo‘lgan filmlarni ko‘rishga ruxsat bermaydi.

Ota-onaning obro‘si

Juftlik hech qachon bolalar oldida janjallashmaydi. Joli bolalar ko‘z oldida otaning rolini pastga tushirmaydi. “Menimcha, ota-ona bolalar qarshisida bir-birining haqligini shubha ostiga olishidan yomoni bo‘lmaydi. Kelishmay qolsak, bolalarga eshittirmay janjallashamiz. Shuning uchun katta o‘g‘limga nimanidir taqiqlaganimda, bu haqda otasiga shikoyat qilishni xayoliga ham keltirmaydi”, — deydi aktrisa.