Tarbiya

Beg‘ubor orzular

Tog‘da salqin shabada esa boshladi. O‘ynoqlab daraxtlarning bargini tortqiladi. Bolakay huzur qilib osmonga tikildi. Vuy yulduzlarning ko‘pligini. Oymomo buncha yaqin bo‘lmasa? Qo‘lingni uzatsang bo‘ldi, yetadigandek. U zavqlanib chigirtkalarning qo‘shig‘iga quloq tutdi. Nimalar haqida bunchalar berib kuylashayotganikan-a? Balki ular ham tunning go‘zalligi-yu, maftunkor manzarasiga mahliyo bo‘lishgandir. Bolakay kemtik tishlarini ko‘rsatib kuldi. Hayolida yulduzlar ko‘z qisib uni imlayotgandek bo‘ldi-da. Har ta’til u bobosinikiga keladi. Musaffo tog‘ havosidan simirib, muzday soyda cho‘milib chiniqadi. Hozir esa esa u har doimgidek tungi osmonga mahliyo bo‘lib qoldi. Jasurbek tunlari yulduzlarni, oyni, kunduzlari quyoshni erinmay kuzatadi. Ayniqsa, o‘tgan yili bobosini uni Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasini ko‘rishga olib borgandan keyin unda osmon jismlarini o‘rganuvchi olim — astronom  bo‘lish istagi paydo bo‘ldi. Baribir osmonning tungi ko‘rinishi hammasidan boshqacha-da. Yulduzlar chaman-chaman bo‘lib ochilgan oq qo‘ng‘iroqgullarga o‘xshaydi. Oymoma esa xushbo‘y qovun tilimidek bo‘lib samoning bir burchini egallaydi. Bola hozir o‘rtog‘i Sarvardek zo‘r rasm chizolmaganidan afsuslanib ketdi. Agar unga o‘xshab rasm chizishga usta bo‘lganida ko‘z oldidagi manzarani shunaqa tasvirlardiki, har bir bola samo va undagi ajoyibotlarni sevib qolgan bo‘lardi. Bobosining aytishicha,   astronom bo‘lish juda qiyin. Astronom degani juda ko‘p narsani bilishi, hamma fandan a’loga o‘qishi, eng muhimi dovyurak bo‘lishi kerak. Hatto ko‘ylagidagi tugma uzilib qolsa ham o‘zi qadashi kerak emish. Axir kosmik kemada yulduzlarni o‘rganish uchun chiqqanida tugmachasi uzilib tushsa oyisini yordamga chaqirolmaydi-ku. Shularni o‘ylab yotar ekan, bola yana orzularga berildi. O‘zini shundoqqina atrofni qurshab turgan haybatli, qorong‘uda jonli mahluqni eslatuvchi tog‘lar ustidan ko‘tarilib, kichik, shaffof kosmik kemasida samoga yo‘l olgandek his qildi. Shunda oymoma ham, yulduzlar ham tilga kirdi. Ular bir tebranib olishdi-da, bir-biriga navbat bermay so‘zlay ketishdi. —       Xush kelibsan, mitti olim, — dedi oymoma oyisidek yoqimli jilmaygancha. —       Xush kelibsan, — dedi yulduzlar ham milt-milt qilib. —       Sen albatta biz bilan do‘st bo‘lishing kerak, axir ezgu orzular amalga oshishi kerak-da. Ayniqsa,  bolalarning orzulari,— davom etdi oymomo. —       Nega endi aynan bolalarning ?— savol berdi Jasurbek. —       Chunki ularning o‘y-hayollari ham, ozu-istaklari ham o‘zlaridek beg‘ubor bo‘ladi-da. —       Axir sen yurtingda doim tinchlik bo‘lishini, ota-onang ko‘p kitoblar, daftar-ruchkalar olib kelishini xohlaysan-ku to‘g‘rimi? —       Albatta-da. —       Ana ko‘rdingmi?— oymomo ko‘z qisib jilmaydi. Bolakay shirin bir narsa chaynagandek huzur qildi. Axir oymomoning gaplari unga juda yoqqandi-da. Soydan baqalarning yangroq qo‘shig‘i eshitilib, uning hayoli bo‘lindi. Shu payt bobosining: —Jasurbek, bolam tur ketadigan payting bo‘ldi. Hali narsalaringni yig‘ishtirish kerak degan chorlovi eshitildi. Eh, bobosi. Bilmaydi-da Jasur hamma narsasini taxt qilib qo‘yganini. Axir yaxshi bolalar tartibli bo‘lishi kerak. Jasur esa yaxshi bola.  Ta’tilni maroqli o‘tkazib, bo‘yi ancha cho‘zilgan bolakay oqarib kelayotgan tong yorug‘ida g‘ira-shira ko‘rinayotgan oymomo-yu, yulduzlar bilan xayrlashdi. Axir shaharda ular bilan bemalol gaplashib bo‘lmaydi-da. Kelgusi yili u albatta teleskop bilan keladi.  Dadasi  : — Yaxshi o‘qisang, teleskop olib beraman. — deb va’da bergan-da. Jasur ketgisi kelmayotgan bo‘lsa ham bobosiga ergashdi. Ko‘p o‘tmay tog‘ yo‘lida shaharga eltuvchi  avtobus ko‘rindi.

Saida IBODINOVA