Ba’zi bolalar qorong‘ilikdan qo‘rqadi. Bu qo‘rquv qayerdan paydo bo‘ladi? Dastlab shu savolga javob izlaymiz.
Televizor
Dahshatli film tomosha qilishni xohlagan kattalar buni bolalar ishtirokisiz ko‘rishlari shart. Chunki kattalar uchun unchalik qo‘rqinchli bo‘lib tuyulmagan manzaralar bolada qo‘rquv uyg‘otib, salbiy taassurot qoldiradi va xotirasiga mixlanib qoladi.
«Tarbiyaviy» usullar
Ko‘pincha bolaga aytganini qildirish uchun ularni yalmog‘iz kampir, bo‘ri va shunga o‘xshagan narsalar bilan qo‘rqitishadi. Bunday «tarbiya»dan keyin bola yolg‘iz qolishdan va ayniqsa, qorong‘ida qolishdan qo‘rqadigan bo‘lib qoladi.
Psixologik muhit
Bolalar psixologlari ta’kidlashlaricha, bolada qo‘rqish paydo bo‘lishiga olib keladigan asosiy sabab oiladagi psixologik muhitning nosog‘lomligidir. Bolalar oiladagi psixologik muhitning qandayligini xuddi barometr kabi aniq sezib turishadi. Bu muhitning salbiy tomonga o‘zgarishi bolada psixologik javob reaksiyasini keltirib chiqaradi. Bunday reaksiyalarning bir ko‘rinishi qorong‘ilikdan qo‘rqishdir.
Muammoning keng tarqalgan sabablari haqida bilib oldik. Endi bu muammoni qanday bartaraf etish mumkinligi ustida to‘xtalsak bo‘ladi.
Bunday holatda tegishli mutaxassis yordami kerak bo‘ladi. Birinchi navbatda bolalar psixologiga murojaat qilinadi. Psixolog muolajani boshlagach, ota-ona ham chetda qarab turmasligi kerak. Xo‘sh, otalar va onalardan nima talab qilinadi? Bunday vaziyatda ularning asosiy vazifasi bolaning qo‘rquvni yengib o‘tishiga yordam berishdir. Buning uchun nimalardan foydalanish mumkin?
Ertak qahramonlari
Bolalarda tasavvur kuchli rivojlangan bo‘lib, xayollarida ertak qahramonlarini osonlik bilan jonlantira oladilar. Salbiy qahramonlar qorong‘ilikdan qo‘rqishni keltirib chiqarsa, ijobiylari bu qo‘rquvni yengishga yordam beradi. Bolani salbiy qahramonlar ijobiylaridan juda qo‘rqishlariga ishontirish kerak. Masalan yalmog‘iz kampir Cheburashkadan qanday qo‘rqishini qiziqarli qilib tasvirlab bergach, o‘yinchoqlar do‘koniga bola bilan birga borib, shu qahramonlarga o‘xshatib yasalgan o‘yinchoqlarni sotib olish kerak. Bola uyquga yotishidan oldin shu o‘yinchoqlar bilan vaziyatli o‘yin o‘ynash kerak. Bunda bolaga salbiy qahramonni jonlashtirish vazifasi beriladi. Natijada bola o‘zi qo‘rqqan narsani ko‘z oldiga keltiradi, bu obraz xayolida kichiklashib, yo‘qoladi.
Tungi chiroq
Bolani qorong‘ilikda qoldirmaslik uchun xonasiga tungi chiroq yoqib qo‘yish kerak. Tungi chiroqni bolaning ko‘ziga yorug‘lik tushmaydigan qilib o‘rnatish kerak, xavfsizlik qoidalarini ham esdan chiqarmagan ma’qul.
Stressdan himoya qilish
Oilada sokin va tinch muhit yaratish, bolaga ortiqcha tanbeh berishdan saqlanish kerak.
Nimalardan saqlanish kerak?
- Bolani fikridan qaytarishga urinmaslik kerak.
Ota-onalar ko‘pincha bolasiga qorong‘idan qo‘rqish kerak emasligini jon kuydirib tushuntirishga harakat qilishadi. Lekin bola kattalarning mantiqiy asoslariga tushunmaydi, unga bosim o‘tkazilaversa, sizga nisbatan ishonchi yo‘qolib, muloqot uchun yopilib qoladi.
- Bolani uyaltirmaslik kerak
Bolani qo‘rqqani uchun uyaltirish, uning ustidan kulish bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchining yo‘qolishiga olib keladi. Bu esa qo‘rquvning ko‘payishi demakdir.
- Bolani urishishdan saqlanish kerak
Ba’zan kattalar bolani urishib, muammoni hal qilmoqchi bo‘lishadi. Buning natijasida bolada yangi muammolar kelib chiqishi aniq.
Manba: Daryo.uz