Ota-ona bolaga tarbiya berishda bolaning oldiga maqsad qo‘yishi kerak ekan. Ana shunda bola har bir ishiga ma’suliyat his qilishni o‘rganar ekan.
Maqsad bolaga intilish uchun bir talab qilinadigan kuchdir. Ya’ni bola ma’lum bir istagingizni siz aytganingiz uchun emas, balki bu narsa unga foydali bo‘lgani uchun qilishi kerakligini anglay olishi lozim.
Masalan, "Sen bugun yaxshi baho olishing kerak, bo‘lmasa adangdan kaltak yeysan" deganingizning ikki natijasi bo‘lishi mumkin: 1. Bola adasidan qo‘rqib qobiliyati yetsa yaxshi baho olib keladi. 2. Bolaning qobiliyati yetmay yomon baho olib, uyga kelishga qo‘rqib, sizdan haqiqatni bekitishga harakat qiladi.
Buning o‘rniga siz nega bola yaxshi baho olib kelishini unga tushuntirib berishingiz kerak. Axir buning sababi "adaning jahldorligi" emasku. Buning haqiqiy sababi: yaxshi baho olgan bola kelajakda imtihonlarni yaxshi topshira oladi, katta bo‘lganda yaxshi oliygohlarga kirib o‘qiy oladi, o‘zi istagan mamlakatlarga sayohat qila oladi, yaxshi ishda ishlab zo‘r mashinaga ega bo‘ladi va hokazo.
Mana shunday ezgu maqsadlar bolaga har vaqt tushuntirilishi kerak. Bir tushunmasa ham, bir necha bor misollar bilan keltirilgan ijobiy maqsadlar bola ongiga borib-borib singiydi va u o‘z ixtiyori bilan yaxshi o‘qishga intiladi.
Hamma bolaning o‘z kichik niyatlari bo‘ladi. O‘g‘il bolalar chiroyli mashinaga ega bo‘lish, multfilm qahramonlariga o‘xshash yoki adasiga (bobosiga) o‘xshashni xohlaydilar.
Qiz bolaning niyatlari o‘g‘il bolanikidan farqliroq bo‘ladi. Qiz bolalar kichikligida malika bo‘lishni, tarbiyachi, o‘qituvchi bo‘lishni istaydilar. Ularga ham ma’lum bir ish qildirayotganingizda oddiygina: "O‘yinchoqlaringni yig‘ishtirsang senga ko‘chada muzqaymoq olib beraman", deyish o‘rniga, "Malika bo‘lish uchun qizlar odobli, saramjon bo‘lishi kerak",-degan gapingiz unga ijobiy maqsad bo‘ladi.
Ana shu niyatlarni siz tushuna bilib unga shu orzuga erishish uchun qanday yo‘l tutish kerakligi yoki aksincha qanday yo‘l tutmaslikni tushuntira olsangiz, bola kichikligidan o‘z ishlariga ma’suliyatli bo‘lishni o‘rganadi.
Albatta bu bir kunlik ish emas, bu bolalik davrida davom ettirilishi kerak bo‘lgan kundalik hayotdir.
Misol uchun, ota-onasidan qo‘rqib yoki ma’lum bir sovg‘a olish uchun yaxshi o‘qib kelayotgan bola o‘z bilimlarini foydali qo‘llash ehtimoli kichik. Aksincha, o‘z xohishiga ko‘ra, o‘zi tushuna oladigan maqsad sari intilib yaxshi o‘qiyotgan bola butun umr o‘z oldiga ezgu maqsad qo‘yib, unga intilish foydali ekanligini anglab yutuqlarga erishib yuradi. O‘z oilasini qurganda ham oilaviy munosabatlarda ma’suliyatli, vafodor inson bo‘la oladi.