Tarbiya

Bolalar aravachasidan foydalanish qoidalari

Bolalar aravachasidan foydalanish juda oddiy va tushunarli bo‘lib tuyulishi mumkin, aslida esa bolaning shikastlanishiga olib keluvchi xatoni qilish hech gap emas. Eng ko‘p jarohatlarni bolalar aravachadan tushib ketish natijasida oladi. Maqolada ota-onalar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan eng “ommabop” xatoliklar va ularga yo‘l qo‘ymaslik borasida maslahatlar haqida aytib o‘tamiz.

Aravachani yig‘ish va ochishda ehtiyot bo‘ling

Bolalar aravachasini yig‘ib-ochishda chiqillagan tovushni eshitganingizga ishonch hosil qiling. Shoshayotgan vaqtingizda yoki aravachani ochishda biroz kuch talab qilingan paytda chiqillagan tovush eshitilgan-eshitilmaganini e’tibordan qochirishingiz mumkin. Bu holatda bolaning barmog‘i hali ochiq turgan oshiq-moshiqqa qisilib qolishi yoki, hatto, aravacha ichidagi bola bilan yig‘ilib qolishi mumkin.

Bolangizni aravacha tasmasi bilan mahkamlab qo‘yishni unutmang

Farzandingizni har safar aravachaga o‘tqizganingizda, uni xavfsizlik kamari bilan bog‘lab qo‘ying. Bolangiz katta bo‘lib qolgan yoki aravachaga yotqizganingizda uxlab qolgan bo‘lsa ham, kamar taqilganiga ishonch hosil qiling. Uch nuqtali xavfsizlik kamaridan bola aylanib tushib ketishi mumkin, shu tufayli yelkalarni ham mahkam ushlab turuvchi kamarlarni tanlang.

Zina va eskalatorlarda sayr

Ichida bola bo‘lgan aravachani hech qachon eskalatorda olib yurmang, pandus yoki liftdan foydalaning. Boshqa variant bo‘lmasa, kimdandir yordam so‘ng. Birov aravachani yuqoridan, boshqasi pastdan ko‘tarishi kerak.

Shuningdek, aravachani zinadan ham tushirmang. Pandus yoki lift bo‘lmasa, bolani aravachadan olib, qo‘lingizda ko‘tarib tushiring. Ko‘plab jiddiy shikastlanishlarni bolalar zinapoyalarda oladi.

Pinakka ketishmi yoki xayrli tun?

Belanchakli bolalar aravachasini sotib olayotgan bo‘lsangiz, uni karavotcha sifatida ishlatish mumkin deb o‘ylamang. Belanchakdan bolani kechasi uxlatishda hech qachon foydalanmang. Belanchakda to‘shak bor-yo‘qligini tekshiring, bo‘lmasa, alohida sotib oling. To‘shakning qalinligi 1,5 santimetrdan oshmasligi kerak, chunki o‘ta yumshoq va qalin to‘shakda bola boshini o‘gira olmasligi va nafasi qaytib qolishi mumkin.

Bolalar aravachasining dastasiga hech narsa ilmang

Aravacha dastasiga yo‘rgaklar solingan paket yoki sumkani osib qo‘yish istagiga berilmang, chunki aravachaning muvozanati buzilib, u bola bilan birga ag‘darilib ketishi xavfi bor. Aravacha ostidagi savatdan foydalaning, bozordan buyumlar xarid qilmoqchi bo‘lsangiz yoki o‘zingiz uchun ko‘proq narsalar olmoqchi bo‘lsangiz, ryukzakdan foydalaning va uni yelkangizga osib oling.

Maqolani tayyorlashga “Pervaya kolyaska” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.