Bolalar o‘rtasida ular jinoyatchilarni qanday tasavvur qilishi va xavfli vaziyatlarda qanday yo‘l tutishi lozimligi mavzusida o‘tkazilgan so‘rov natijalari e’tiboringizga havola etilgan edi. Shu mavzuning uzviy davomi sifatida xavfsizlikning oltin qoidalarini keltirib o‘tamiz:
- Salbiy fikrlar o‘rniga ijobiy fikrlarni bildiramiz. Bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiramiz
"Hech kimdan hech qachon hech narsa olma" degan so‘zlarning o‘rniga "Biror kishi senga o‘yinchoq, shirinlik taklif qilsa yoki biror joyga borib kelaylik desa, albatta avval mendan so‘ra, kelishdikmi?" deb ta’kidlashimiz mumkin.
- Eng oddiy vaziyatlarni ham o‘zimizda ko‘rsatib berishimiz kerak
Har bir vaziyatni tushuntirib emas, aynan ko‘rsatib berishimiz kerak:
- Telefonga qanday javob berish;
- Eshik qo‘ng‘irog‘i chalinganda qanday javob berish;
- Qanday qilib "yo‘q" javobini berish;
- Maktabgacha bo‘lgan eng xavfsiz yo‘lni topamiz;
- Biror kishi senga tegajoqlik qilganda qayerga qarab yugurasan?
- Bu odamlardan qay biri senga shubhali bo‘lib tuyulmoqda va aksincha qay birlariga ishonsang bo‘ladi?
Birinchi o‘zimiz biror vaziyatni ko‘rsatib beramiz, keyin farzandimizdan ham ko‘rsatib berishni so‘raymiz.
- Har bir sayr davomida besh daqiqani "ogohlikni tekshirish" uchun ajratamiz
Podezdda, liftga kirish yoki qurilish va garajlarni ko‘rganda xavfsizlik haqida suhbat tashkil etamiz.
- O‘zimiz o‘rnak bo‘lamiz
Eshikni ochishdan avval maxsus tirqishdan (glazok) qaraymiz. Bir daqiqaga chiqayotgan bo‘lsak ham kirish eshigini kalit bilan qulflaymiz.
- Telefonlar, uy manzillari hamda raqamlarni tez terish tugmalarini o‘rganamiz
Shu qatorga mashinalarni kuzatish — ularning raqamlari va markalarini eslab qolishni qo‘shish mumkin. Ko‘chalar, yaqin atrofda joylashgan supermarket va muassasalarning nomlarini yodlab olish mumkin. Bu oddiy mashqlar nafaqat e’tiborli bo‘lishga, balki atrof-muhitni xavfsizlik nuqtai nazaridan baholashga o‘rgatadi.
- Kattalardan kimga ishonish mumkinligini takrorlab turamiz
Bolaga shunday tushuntirish kerak: "Har bir kishining shaxsiy hududi mavjud, unga faqat eng yaqin kishilarga kirishga ruxsat beriladi. Sening yaqin kishilaring — bu oilang!"
- "Murakkab" mavzularda suhbatlashamiz
Ko‘pchilik ota-onalar odam o‘g‘irlab ketish, firibgarlik, ayniqsa, jinsiy tajovuzlar mavzusida farzandlari bilan gaplashishni istamaydi. Bu xatodir. Biz bu kabi murakkab narsalar haqida farzandimiz bilan qanchalik ro‘yirost va xotirjam suhbatlashsak, ularda shunchalik ko‘p ishonch uyg‘otamiz.
- Dastlabki mustaqil qadamlarga ruxsat beramiz
Do‘stlar bilan uchrashuv, shahar transportida safarga chiqish, sayrlar... Bu ota-onalar uchun og‘riqli tajriba bo‘lsa-da, bolani mustaqil bo‘lishga o‘rgata turib, unda ishonch va mas’uliyatni tarbiyalaymiz.
- Ojiz tomonlarimizni yashirmaymiz
Bola bilan do‘stlashish zarur. Do‘stlar esa barcha sirlari bilan bo‘lishadi. O‘zingizning omadsizliklaringiz haqida ham farzandingizga hikoya qiling. Bu yo‘l bilan siz murakkab o‘smirlik davriga kelib, do‘stona ishonch tuyg‘usini shakllantirasiz.
- Kelishuvga rioya etamiz
Agar farzandingiz oldindan ogohlantirgan bo‘lsa, uni kechikkanligi uchun koyimang. Qoida o‘rnatamiz: agar oldindan ruxsat so‘rasang yoki ogohlantirsang, o‘zing xohlagan narsani qo‘lga kiritasan. Agar yolg‘on gapirsang, shunga yarasha jazolar qo‘llanadi.
Ota-onalar farzandiga hech qachon hech narsa xavf tug‘dirmasligiga erisha olmaydi. Biroq xavfli vaziyatlar yuzaga kelganda ular qanday to‘g‘ri yo‘l tutishi va bunda sira ikkilanmasligi lozim ekanligini o‘rgatishga qodir!