Erinchoqlik va nimadir qilishni istamaslik o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Ular o‘z sabablariga ega. Biz erinchoqlik sababini aniqlash orqali uni yengishimiz mumkin.
Quyida bolalar erinchoqligining sabablarini keltirib o‘tamiz:
- Bola mijozining (temperamenti) xususiyatlari
Bolaning muvaffaqiyatli faoliyati uchun uning ruhiy o‘ziga xosligi, asab tizimining turi muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, xolerik (qiziqqon) mijozga ega bo‘lgan bolalar uzoq vaqt davomida diqqatni bir joyga jamlashni talab etuvchi topshiriqlarni bajarishga qiynalishi va erinishi mumkin. Introvert bola esa muloqot va faollikni talab qiluvchi vazifalarni bajarishni istamaydi.
- Qiziqishning yo‘qligi
Bola topshiriqni bajarishdan avval unga qiziqmasa, uni bajarish istagi ham bo‘lmaydi. Shuning uchun siz farzandingizning biror topshiriqni bajarishini istasangiz, unga qiziqtiring. Unga yangi tajriba hayotni yanada to‘liq qilishini ko‘rsating.
- O‘ziga ishonmaslik va omadsizlikdan qo‘rqish
Har doim harakatlari tanqidga uchragan bola tez orada hech narsa qilmagan ma’qul degan xulosaga keladi. U qo‘lidan hech narsa kelmasligiga ishona boshlaydi.
- Charchoq
Hafta davomidagi maktab mashg‘ulotlari va turli to‘garaklar bolani chindan toliqtirishi mumkin. Shuning uchun bola hech narsa qilmasdan divanda yotishni yoki shunchaki sayr qilishni istashi mumkin. Bolaning bandlik darajasiga baho bering va imkoniyat bo‘lgan paytlarda unga dam olish uchun vaqt bering.
- O‘qituvchi bilan yomon munosabat
Murabbiy yo o‘qituvchi bilan mojaroli vaziyat yoki yaxshi o‘zlashtirmaslik bolaning o‘qishni istamasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Dastlab bolaga uning tarafida ekanligingizni ko‘rsating, keyin mojaro sabablarini aniqlang. Bolaga muloqot qilishni, mojaroli vaziyatdan chiqib ketishni va munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni o‘rgatish muhim hisoblanadi.
- Ota-onaning ortiqcha talablari va ko‘proq natija kutishi
Boladan uning qo‘lidan kelmaydigan natijani kutish va talab qilish undagi erinchoqlik sababi bo‘lishi mumkin. Bolaning ruhiyati ko‘proq kuch sarflashning o‘rniga "quvvatni tejash rejimi"ga o‘tib olishi mumkin. Balki talablarni kamaytirish va bolaga ko‘proq bo‘sh vaqt berish kerakdir.
- Asab tizimining kamolotga yetmaganligi
Tadqiqotlar voyaga yetmaguncha bolaning miyasi harakatlarini rejalashtirish va hodisalarga baho berish uchun yetarli darajada rivojlanmasligini ko‘rsatdi. Shu tariqa, dangasalik o‘z harakatlarini rejalashtirishga qodir bo‘lmaslik yoki harakatsizligi oqibatlariga baho bera olmaslik natijasi bo‘lishi mumkin.
Maqolani tayyorlashda "Ya Happy mama" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.