Tarbiya

Bolalardagi qizg‘anchiqlikka qarshi kurashamiz

Sizning farzandingiz qizg‘anchiqmi? U deyarli hech qachon boshqa bolalar bilan o‘zining o‘yinchog‘i, velosipedi yoki konfetlari bilan bo‘lishmaydimi? Bular tarbiyadagi bo‘shliqlar natijasida yuzaga keladi. Balki farzandingiz o‘zidan kattaroq kimgadir taqlid qilayotgandir. Bolaning qizg‘anchiqligiga guvoh bo‘lgan kattalar o‘zini qanday tutishi kerak?

Qizg‘anchiqlik — tug‘ma xislat emas. Bolalarda ilk qizg‘anchiqlik alomatlari juda erta 2—3 yoshlardayoq namoyon bo‘la boshlaydi. Bu yoshda bolalar uchun o‘yinchog‘ini kimgadir berish o‘zining bir parchasini berishga teng. Bu ularning ruhiyatiga bog‘liqdir. Bolalar taxminan 6—7 yoshgacha juda xudbin bo‘ladi. Ular bahsli vaziyatlarda o‘zini qanday tutishni bilmaydi. Ota-onalarning asosiy vazifasi bolaga bunday vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir.

Farzandingizdagi qizg‘anchiqlikdan xalos bo‘lish uchun uni boshqa bolalar bilan birgalikdagi o‘yinlarga ko‘proq jalb qilishga harakat qiling. Boshqa bolalarni mehmonga chaqiring yoki o‘zingiz bolalar bor xonadonga mehmonga boring. Farzandingiz o‘zini yaxshi tutsa, uni maqtab qo‘yishni unutmang! Uning saxiy va mehribon ekanligiga urg‘u qarating. Uyda qizg‘anchiq bo‘lish yomon ekanligi va boshqa bolalar bilan bo‘lishish qanday yaxshi ekanligi haqida hikoya qilishga intiling.

Agar bolaning qizg‘anchiqligi tufayli boshqa bolalar bilan mojaro yuzaga kelgan bo‘lsa, unga baqirish kerak emas. Bu holatda urishish orqali muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Bola biror narsani bo‘lishishga shunday bo‘lishi kerakligi uchun emas, balki boshqalarga xursandchilik ulashish va ular bilan birga shodlanish uchun o‘rganishi kerak.

Bolani boshqalar bilan bo‘lishishga o‘rgatishdagi eng ko‘p uchraydigan 3 ta xato:

  1. Hech qachon bolani majburlamang

Boladan biror o‘yinchoqni olib qo‘yib, uni boshqaga berish orqali unga nimani o‘rgatish mumkin deb o‘ylaysiz? O‘zingiz ham bir daqiqaga tasavvur qilib ko‘ring. Boshlig‘ingiz xonangizga kirib, sizning noutbugingizni tortib oladi va boshqa hamkasbingizga beradi. Bu sizda boshqalar bilan bo‘lishish istagini yuzaga keltirmasa kerak... Aksincha bu butunlay qarshi istakni shakllantiradi.

Bolaning qo‘lidagi narsani hech qachon tortib olmang. Jismoniy kuch ishlatish orqali siz bolani ham xuddi shu usulga o‘rgatasiz.

  1. Katta farzandingizni doim kichigiga yon bosishga majbur qilmang

Bolalar doim o‘zidan katta opasi yoki akasiga o‘xshashga intiladi. Agar katta qizingiz to‘p bilan o‘ynayotgan bo‘lsa, kichigi ham shu zahoti to‘pni istab qoladi. Biroq kichigi uchun katta farzandingiz doim o‘z o‘yinidan voz kechishi adolatdan emas. Ba’zan biz bo‘lishishni bilish bu boshqalarni hurmat qilishni anglatishini unutib qo‘yamiz. Bolaga saxiylikni o‘rgatish bilan birga uni boshqalarning istaklarini hurmat qilishga ham o‘rgatish muhim hisoblanadi. Kattalar bolalarning mojarosiga aralashar ekan, birinchi navbatda tarbiyaviy jarayonni emas, bolalarning his-tuyg‘usi haqida o‘ylashi lozim. Agar ona birinchi farzandidan o‘yinchoqni olib qo‘yib, kichigiga bersa, katta farzand "Onam uni mendan ko‘proq yaxshi ko‘radi" deb o‘ylay boshlaydi. Bu esa bolalar o‘rtasidagi salbiy munosabatlarni shakllantiradi.

  1. Bolaga "qizg‘anchiq", "xasis" kabi laqablarni qo‘ya ko‘rmang!

Saxiylik borasida farzandingizga o‘zingiz o‘rnak bo‘lishni ham unutmang!