Kutubxona

Bolalarni baxtli bo‘lishga qanday o‘rgatish mumkin?

Har qanday ota-ona farzandining baxtli bo‘lishini chin dildan istaydi va buning uchun qo‘lidan kelgan barcha sharoitni yaratib berishga harakat qiladi. Biroq bu haqiqatan ham baxtga olib boruvchi yo‘lmi?

Farzandlarining baxtli bo‘lishini istovchi ota-onalar uchun qimmatli rivoyat mavjud. Quyida uni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.

Bir kuni bir dono qariya so‘qmoqda sayr qilib yurgan ekan. U tabiatdan bahra olib, bahorning iliq shamolidan zavqlanib, quyoshning mayin nurlariga xursand bo‘lardi. Shu payt uning yo‘lidan bir ayol chiqib qoldi. U o‘zining yelkasida juda katta qopni ko‘tarib olgan ekan. Qopning og‘irligidan bechora ayolning oyoqlari qaltirar, yuzi esa terga botgan ekan.

Shunda qariya:

- Bu qopda nima bor? Nega shunchalik qiynalib uni ko‘tarib yuribsan? — deb unga murojaat qilibdi.

- Bu qopda qayg‘u va alamlar bor. Mening avlodlarim baxtli bo‘lishi uchun men bularni ko‘tarib yuribman. — deb javob berdi bechora ayol. - Mening katta buvim buvim uchun mehnat qilgan, buvim esa onam uchun, onam esa men uchun. Mana endi men bu yukni ko‘tarib yuribman hamda bolalarimning yaxshi va baxtli kunlari uchun azob chekayapman.

- Aytchi, oilangizda biror kishi baxtli yashaganmi? — so‘radi donishmand qariya.

- Yo‘q, hozircha hech kim baxtli yashamagan. Biroq mening farzandlarim va nabiralarim albatta baxtli bo‘lishadi! — deb umidvorlik bilan javob berdi ayol.

- Biroq sen savodsiz odam hech qachon yozishni o‘rgata olmasligi, sichqon esa bo‘rini tarbiya qila olmasligini bilmaysanmi, — xo‘rsindi ayolning suhbatdoshi. - Toki o‘zing baxtli bo‘lishni o‘rganmas ekansan, farzandlaringni ham baxtli bo‘lishga o‘rgata olmaysan. Shuning uchun qopingni tashla va baxtli yasha! Bu bolalaringga hadya qilishing mumkin bo‘lgan eng qimmatbaho narsangdir!

Shunday ekan, farzandlarini baxtli ko‘rishni istagan ota-ona avvalo bu hissiyotni o‘zlari his qilishlari lozim!

Maqolani tayyorlashda "Ya Happy mama" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.