Tarbiya

Bolalarni tarbiyalash maqsadida ularni jismoniy jazolash mumkinmi?

Bolalarni tarbiyalash maqsadida ularni jismoniy jazolash mumkinmi? Umuman olganda ularni urish mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, qanaqa shaklda? Bu mavzudagi bahsli munozaralarning oxiri yo‘qdek ko‘rinadi. Bu masalada ruhshunoslar va olimlar qanday fikr bildiradi? Keling, bu boradagi bir nechta qarashlarni o‘rganib chiqamiz.

Bolalarni jazolash maqsadida ularni urish eng qadimiy va munozarali tarbiya usullaridan biri hisoblanadi. XX asrning o‘rtalariga qadar, shapaloq tushirish yoki qo‘lida qayish yo tayoq tutib turgan ota-ona hech kimda e’tiroz uyg‘otmasdan kelgan.

O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab bolalarni bunday jazolash usulining samaradorligi va natijalari o‘rganila boshlangan. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, bolalarni urish bu yomon tarbiya vositasidir.

Bunday jazo turini butunlay taqiqlamaydigan ruhshunoslar ularni qo‘llashning bir qator shartlarini keltirib o‘tadi:

  1. Sog‘liq uchun xavfsiz ekanligi

Bu shart shunchalik jiddiyki, bolani urish uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan usul faqat dumbasiga yoki oyoqlariga qo‘l bilan urib qo‘yishdir.

  1. Qo‘llashdagi takroriylik davri

Bolani urish qanchalik kam qo‘llanilsa, shunchalik samarali bo‘ladi. Bu usul hech qachon odatiy va doimiy tarbiya usuliga aylanib qolmasligi kerak.

  1. Kamsitmaslik

Bolani omma oldida urmaslik lozim. Bu nafaqat urish, balki boshqa barcha jazo turlariga ham taalluqlidir.

  1. Kechiktirmaslik

Bola u sodir etishi mumkin bo‘lmagan ishni bajarayotgan paytning o‘zida jazolanishi kerak va bu uning ushbu harakatni to‘xtatishiga sabab bo‘lishi kerak. Agar siz farzandingizning nojo‘ya harakati haqida bir qancha vaqtdan keyin xabardor bo‘lsangiz, bolani buning uchun jazolash ma’nosiz va zararlidir. Oldini olish uchun jazolash esa yanada ko‘proq zararlidir.

  1. Tushuntirish

Bola nega jazolanganligini aniq tushunib yetishi kerak. Ota-ona tushuntirish orqali bolaga nojo‘ya ish o‘rniga qanday to‘g‘ri yo‘l tutishi kerakligini taklif qilishi mumkin bo‘ladi.

  1. Bolaning yoshi

Bu borada aksariyat ruhshunoslarning fikricha, jismoniy jazolash 2 yoshgacha qo‘llanmasligi lozim. To‘qqiz yoshdan keyin ular butunlay istisno etilishi kerak.

Biroq yuqoridagi shartlarga rioya etilgan taqdirda ham, bolani jismoniy jazolash boshqa tarbiya usullariga qaraganda samaraliroq hisoblanmaydi. Aksincha tarbiyaning bunday usuli bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishi va ruhiy holatning buzilishiga olib kelishi mumkin.