Tarbiya

Bolangizga taqiq qo‘ymang!

Inson taqdiri avvaldan belgilab qo‘yilganmi yoki tanlov huquqimiz bormi? Psixologik nuqtai nazardan yondashilsa, taqdirning yozilgani bor gap. Ba’zan esa kishi o‘z taqdiridan “uzoqlashadi”. Sababi, oilaviy muhit, tarbiya, hayotiy ko‘nikmalar, odatlar, yon-atrofdagilar unga ta’sir ko‘rsatadi.

Ota-onaning bolani haqoratlashi, unga turli taqiqlar qo‘yishi, qarg‘ashi, ishonch bildirmasligi ham kelajakda uni o‘z taqdiridan yiroqlashtirar ekan. Nahot, ota-onaning beixtiyor aytgan so‘zlari bola taqdirini o‘zgartira olsa, deysizmi? Ha, shunday...

Mutaxassis – Laylo NODIROVA, psixolog.

Hayotiy quvvat «kesilishi» mumkin

Deylik, farzandingiz sho‘x, shu bilan birga qaysar, o‘z bilganidan qolmaydigan bola. Uni tartibga chaqirasiz, tergaysiz, to‘polon qilsa, jazolaysiz va turli so‘zlar bilan qo‘rqitishga urinasiz. Misol uchun, mana bunday: «Aytganimni qilmasang, o‘ldiraman!», «Yana bir marta shunday qilsang, o‘zingdan ko‘r, tug‘ilganingga pushaymon qilaman!».

To‘g‘ri, hech bir ona farzandiga yomonlik tilamaydi. Faqat shunisi ham haqiqatki, beixtiyor aytib yuborilgan so‘zlar bolaning ong ostida «sen yashamasliging kerak, mavjud bo‘lma» ma’nosidagi taqiqni keltirib chiqaradi. Bilasiz, bu so‘zlar miya uchun axborotdir. Va bu axborot nihoyatda katta kuchga ega. Agar salbiy xarakterda bo‘lsa, fikrni chalg‘itadi. Bola balog‘at yoshiga yetganida turli muammolar kelib chiqishiga zamin hozirlaydi.

Yodda tuting, bolani haqorat qilish, qarg‘ish so‘zlarni aytish uning uchun ruhiy «tepki»dir. Transaksion tahlilda shunday deyiladi: «Bola ota-onasidan qanchalik ko‘p rag‘bat eshitsa, u kelajakda shu qadar kam qoqiladi. Aksincha, ko‘p negativ fikrlar bilan ulg‘ayganlar ko‘pyiqiladi, adashadi».

«O‘ynama, yugurma, shovqin ko‘tarma!»

Bolalar ham xuddi kattalardek his-tuyg‘ularini ifoda etishni istashadi. Ko‘p hollarda bu xarxasha qilish, yugurib (sakrab)o‘ynash, aka yo uka bilan o‘yinchoq talashish, biror nimadan norozi bo‘lish tarzida namoyon bo‘ladi. Bunday paytda siz qanday yo‘l tutasiz? Ishonchimiz komilki, tartibga chaqirasiz, urishasiz.

Deylik, bola ko‘chada o‘ynayotib yiqilib tushdi. Uning tizzasi shilindi, qonayapti. Yig‘laganidan yuragingiz achishsa-da, sir boy bermay, uni tergashga tushasiz: «Necha marta aytdim, o‘sha bolalar bilan o‘ynama, deb, mana, nima bo‘ldi! Ayb o‘zingda! Yig‘laganingni eshitmay, ichingga yut!»

Bola shu ondayoq hissiyotlarini «bosish»ga urinadi. Chunki do‘qingizdan qattiq qo‘rqŗan. Buning yomon tomoni shundaki, bolangizni keyinchalikruhiy-emotsional holat o‘zgarishlari azoblay boshlaydi. Negaki, u vaqtida ichki kechinmalarini tashqariga chiqara olmagan. Farzandingiz qay bir holatda bo‘lmasin, uning his-tuyg‘ularini «bo‘g‘mang».

«Sen hali kichkinasan»

Qizaloqlar onasining lab bo‘yog‘i, kiyim va taqinchoqlari, pardoz vositalariga juda qiziqishadi. Ayrim ota-onalar nazdida bu yaxshi emas, bolaga yanada qattiqroq turish kerak.

Ona qizalog‘ini urishadi: «Nega pomadamga tegding?» yoki «Yosh bolaga qimmat ko‘ylak kiyishni kim qo‘yibdi?» deya. Bola esa nima uchun dakki eshitayotganini anglolmaydi. Taqiq sababi tushuntirilmasa, u qanday oqibatlarga olib kelishi haqida to‘g‘ri axborot berilmasa, bolada javobsiz savollar ko‘payib boradi. Zotan, «Sen hali kichkinasan», deyish qoniqarli izoh emas.

Ayniqsa, o‘g‘il bola tarbiyasida ushbu ibora imkon qadar ishlatilmagani ma’qul. Sababi, u o‘g‘il boladagi faollik, ijobiy fikrlash qobiliyatini yo‘q qiladi. Bola erkin harakat qilishdan, mustaqil fikrlashdan cho‘chib qoladi. Yangilik qila olmaydi. O‘ziga ishonchi past bo‘lib ulg‘ayadi.

«Yutgan bo‘lsang, yutibsan-da...»

Hayotimizda uchraydigan holatlardan biri:bolakay shaxmat bo‘yicha shahar birinchiligi bosqichida g‘alaba qozondi. Xursandchiligini yaqinlari bilan bo‘lishishni istab, ota-onasiga qo‘ng‘iroq qiladi: «Oyijon, men yutdim!» Onaning javobi: «Xursandman o‘g‘lim. Uyda gaplashaylik, ishim juda ko‘p». Keyin esa bola otasiga sim qoqadi: «Dadajon meni tabriklang, respublika bosqichiga chiqdim!» Ota: «Men seni yoshingda har oyda bittadan sovrin olardim. Endi bitta olding, shunga shunchami?»

Muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Iroda kuchi, sabr-qanoat, intiluvchanlik bilan erishiladi unga. Agar ota-ona farzandining muvaffaqiyatini muntazam ravishda xolis baholay olmasa, bu bolada ikki xil hissiyotni shakllantiradi. Birinchisi, bolada ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Keyinchalik u birgina g‘alaba bilan kifoyalanishi ham mumkin. Qay bir ishning boshini tutmasin, omadli yakun topishiga shubha bilan qaraydi. Ikkinchisi, bola o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari intiladi, ammo uni g‘alabaga erishish ishtiyoqi emas, balki alamzadalik boshqaradi. U faqat nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchungina harakat qiladi.

«Mumkin emas!»

Eng ko‘p foydalaniladigan ham, katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan taqiqlardan biri ham shu. Misol uchun, «Bosh kiyimsiz yurma, mumkin emas!», «Soatlab telefonda gaplashma, mumkin emas!», «Ko‘p shirinlik yeb bo‘lmaydi, mumkin emas!», «Dugonalaring bilan kinoga bormaysan, mumkin emas!» Bunday taqiqlar bolada passivlikni yuzaga keltiradi. O‘z hissiyotlari, fikrini yuzaga chiqara olmaslik, yolg‘iz qolish istagi, ba’zan o‘zi bilan suhbatlashish odati shakllanadi.

«Mumkin emas» so‘zidan foydalanilganida, albatta, fikr izohlanishi kerak. Yo‘qsa, doimiy «mumkin emas»lar bolani ko‘rinmas qobiq bilan o‘rab oladi.

«Sening dastingdan tinchlik bormi?»

«Ko‘chaga chiqding, albatta, shimingni yirtib kelasan», «Uyda bo‘lsang, hamma senga e’tibor berishi kerak-da,a?», «Bir oyda bir marta yo piyola, yoki likopcha sindirishing shart...»

Bu gaplar, hali sodir bo‘lmagan hodisalarning bola hayotiga tirkalishidir. Ota-ona dakkisidan qo‘rqqan bola o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga harakat qiladi. Ammo xuddi shu holat ehtiyotsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, bolaning ong ostida «har bir xatti-harakatim biror falokatga sabab bo‘lishi mumkin» ma’nosidagi ma’lumot hosil bo‘lsa, ulg‘aygach, o‘z imkoniyatlariga shubha bilan qaraydigan bo‘ladi. Muhim qaror qabul qilish oldidan ikkilanadi. Biror yumushni reja qilganida uning yakunini omadsizlikka bog‘laydi. Va ko‘p o‘tmay hayotiga omadsizlik kirib kelishi mumkin.

«Boshqa kasal bo‘lma!»

Ba’zan ong ostida to‘planayotgan ma’lumotlar teskari ishlashi ham mumkin. Quyida shu holatga misol: bolangizning tobi bo‘lmayapti. Ishdan ruxsat so‘rab, uni parvarishlaysiz, kunibilan yonida bo‘lasiz, odatdagidan ko‘proq mehr ko‘rsatasiz. Bunday paytda onalar «Bolajonim, sen kasal bo‘lma» deya ko‘p aytishadi. Bola ongi «kasal bo‘lma» so‘zini taqiq deb qabul qiladi. Biroq hissiyotlarning «qo‘li» baland kelib, keyingi axborot shakllanadi: «tobim bo‘lmasa, hamma menga e’tibor berar ekan, meni eshitishyapti, avaylashyapti».

Bola kasal bo‘lish – noxush holat ekanligini tushunadi, ammo uning yordamida atrofdagilarning diqqatini jalb qilish mumkinligi haqida ko‘proq o‘ylaydi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, maktab yoshidagi bolalarni ertalabki qorin, tish og‘riqlari bezovta qiladi. Bunday paytlarda bola maktabga borishni istamaydi, uyda qolishni istaydi. U atay qilyapti, deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida esa haqiqatan ham bolani qorin yoki tish og‘rig‘i bezovta qilayotgan bo‘lishi mumkin. Og‘riq – maktabda o‘qituvchilari, do‘stlari bilan bog‘liq muammolarning psixologik qo‘zg‘alishidir. Bolaning tobi bo‘lmaganida unga odatdagidek muomala qiling.

Tushkun o‘ylardan asrang

«Sen ahmoqsan», «Shunchalik ham tentak bo‘ladimi?» Bu so‘zlar bola ruhiyatiga kuchli zarba hisoblanadi. Farzandlarimiz hamisha e’tiborda bo‘lishni istashadi. Ularni yaxshi gap, mehr-muhabbat bilan rag‘batlantirmasak, ong ostidagi bo‘shliqlar negativ o‘y (ular so‘zlar orqali hosil bo‘ladi)ga to‘ladi. Bolada shunday fikr paydo bo‘lishi mumkin: «Onam to‘g‘ri aytadi, men tentakman, yo‘qsa, xomxayolga berilarmidim».

Ruhiy-emotsional jihatdan farzandlar 21 yoshgacha ota-ona qaramog‘ida bo‘lishadi. Bu yoshdan so‘ng ularni bog‘lab turuvchi quvvat asta-sekin uziladi. Farzandingiz shu yoshga to‘lguniga qadar tarbiyasiga katta e’tibor bilan qarang. Do‘stona suhbatlashing, uni eshiting, tushunishga harakat qiling. «Bolajonim, nima istayapsan», deya xohishlari, hissiyotlarini yuzaga chiqarishi uchun sharoit yarating.

Samira ULUG‘BEKOVA yozib oldi

Manba: Darakchi.uz