Bog‘cha yoshi

Bolani bog‘chaga qanday tayyorlash kerak?

Bog‘chaga ketishda bolalar qo‘lingizga mahkam yopishib baqirmasligi, jazavaga tushmasligi uchun ruhshunoslar va bunday davrni boshlaridan kechirgan tajribali ota-onalarning maslahatlarini o‘qishni taklif qilamiz.

1-qoidaOldindan to‘g‘ri rejimga o‘ting

Farzandingiz gangib qolmasligi uchun, siz uni oldindan ertaroq yotish va ertaroq turishga o‘rgatishingiz kerak. Agar u kunduzi uxlamaslikka odatlangan bo‘lsa, siz bolaga «osoyishtalik soati» to‘g‘risida tushuntiring.

2-qoidaBog‘chaning ijobiy va salbiy tomonlari haqida aytib bering

Bog‘cha haqida bolaga to‘g‘risini — u yerda o‘yinchoqlar ham, bolalar ham ko‘pligini, bu masalada ayrim qiyinchiliklar tug‘ilishini ayting. Va kimdir uni xafa qilsa, osoyishtalik soatida hojatxonaga chiqqisi kelsa va boshqa muammolar chiqsa nima qilish kerakligini tushuntiring.

3-qoidaBolani o‘z vaqtida oling

Bola bog‘chaga bora boshlagandan keyin uni har doim o‘z vaqtida olishga harakat qiling. Agar siz bolani olishga kechikib borsangiz, u o‘zini tashlab ketilgandek his qilishi mumkin. Chunki bu hissiyot bolalar uchun eng qo‘rqinchlisi hisoblanadi.

4-qoidaTarbiyachi bilan tanishing

Agar siz tarbiyachi bilan oldindan tanishsangiz o‘zingizga ham, farzandingizga ham osonroq bo‘ladi. Bu ayol sizning erkatoyingizga qarab turishini, uni ovqatlantirishi va kiyintirishini esingizdan chiqarmang.

5-qoidaKoyimang, aksincha, maqtang

Kechqurun bog‘chadan keyin qilgan ortiqcha injiqliklari yoki to‘polonchiligi uchun bolalarni koyimang. Ularni dadilligi va jasurligi uchun maqtang, bog‘chada nima voqealar bo‘lgani haqida tez-tez surishtirib turing va umuman — vaqtingizni ko‘proq birga o‘tkazing!

Manba: Daryo.uz