Tarbiya

Bolani kompyuterdan chalg‘itish uchun foydali maslahatlar

Ba’zan farzandingizning kompyuter qarshisida o‘tkazayotgan vaqtini kuzatib tashvishga tusha boshlaysiz. Kompyuter bolangiz uchun haqiqiy hayotning o‘rnini egallay boshlaydi, yon-atrofdagi hayot u uchun qiziqarli bo‘lmay qoladi. Uni tengdoshlari bilan muloqot yoki ota-onasi bilan birgalikdagi turli mashg‘ulotlar ham o‘ziga jalb qilmay qo‘yadi. Nega bu kabi holatlar bizni tashvishga soladi?

Birinchi navbatda kompyuterga bunday bog‘liqlik bolaning sog‘lig‘iga yaxshi ta’sir qilmaydi.

Keling, bolaning virtual hayotga bunchalik kirib ketish sabablarini chuqurroq o‘rganib ko‘ramiz. Shuni anglashimiz kerakki, "bola va kompyuter" o‘rtasidagi muloqotni qat’iy ta’qiqlash yaxshi natijaga olib kelmaydi. Bunday paytda ota-onalardan aqlliroq bo‘lish talab etiladi.

Agar farzandingizning yoshi kichikroq bo‘lsa, ushbu muammoni hal qilish osonroq kechadi. Chunki uning xarakteri hali endi shakllanmoqda va siz unga ta’sir qila olasiz.

Nima sababdan kompyuter haqiqiy real hayotdan ko‘ra o‘ziga ko‘proq jalb etishini o‘rganib chiqamiz.

  1. Eng ko‘p tarqalgan sabablardan biri - tengdoshlar bilan muloqot qilishning o‘ziga xos qiyinchiliklari. Kompyuter bilan muloqot o‘rnatish osonligiga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. Axir u urishmaydi, xafa ham bo‘lmaydi, nasihat qilmaydi.o‘yinlar

Qanday yechim topish mumkin? Shuni yodda tutingki, muloqot qilish bilan bog‘liq muammoni birdaniga hal qilishning iloji yo‘q. Buning uchun vaqt va sabr talab etiladi. Ko‘proq mehmonlar, ayniqsa bolalarni taklif qiling. Bolangizni turli mashg‘ulotlar, to‘garaklarga bering. U jamoat joylarida ko‘proq vaqtini o‘tkazsin. Odamlar bilan tanishishda, muloqot qilishda va do‘stona munosabatlarni o‘rnatishda o‘zingiz unga o‘rnak bo‘ling.

  1. Ikkinchi sabab kompyuter bilan o‘ynash mas’uliyat talab etmaydi. Chunki undagi biror narsa siz xohlagandek bo‘lib chiqmasa yoki joningizga tegsa, undan voz kechish juda oson. Haqiqiy hayotda esa yoqmagan narsalarni yarim yo‘lda tashlab ketish yaramaydi. Virtual hayotda eng aqlli, kuchli va epchil bo‘lish juda oson. Real hayotda esa buning uchun ko‘proq mehnat qilish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va ba’zan muvaffaqiyatsizliklarni ham boshdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.

Ota-onaning qarori. Farzandingizga boshlagan ishini oxiriga yetkazishni o‘rgating, uning o‘ziga nisbatan bahosini oshiring! Uning kichkina muvaffaqiyatlariga ham e’tibor qaratib, tez-tez maqtab turing. Xatolari uchun uzoq koyish yaramaydi. Ota-onadan bolaning yonida turib, o‘z muhabbati va qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatish talab etiladi.

  1. Kompyuter o‘yinlarida xato qilib qo‘ysa, hammasini qaytadan boshlash mumkin. Haqiqiy hayotda esa bunday yo‘l tutib bo‘lmaydi. Xato qilishni ham bilish, o‘z aybini tan olish, kechirim so‘rash, kamchiliklarni to‘g‘rilash va ba’zan jazolanishga ham to‘g‘ri keladi.

Ota-onaning qarori. Farzandingizning xatolariga faylasufona yondashishga o‘rganing. Axir kattalar ham xato qiladi-ku. Bolangiz xato qilishdan qo‘rqmasin, xatoni tuzatishni o‘rgansin. Juda qattiqqo‘l bo‘lmaslikka va bolani har bir narsa uchun urishmaslikka harakat qiling.

  1. Kompyuter o‘yinlarini o‘ynay turib, ssenariyni ham, o‘yin qoidalarini ham o‘zingiz tanlashingiz mumkin.

Hayotda esa aksincha, ota-onalar tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga bo‘ysunishga to‘g‘ri keladi. Bu esa har doim ham bolalarga yoqavermaydi.

Sizning qaroringiz. Bolangizga haddan ortiq g‘amxo‘rlik qilavermang, unga ko‘proq kenglik va mustaqillik bering. Turli mashg‘ulotlar va o‘yinlarni tanlashda uning xohishini inobatga oling. Uning xarakteridan kelib chiqib, o‘qish va o‘yin vaqtlari belgilangan jadval tuzib chiqing.

  1. Kompyuter bola uchun vaqtni qiziqarli o‘tkazishning yagona usuli bo‘lib qoladi. Ota-ona tomonidan uning o‘rniga hech qanday muqobil variant taklif etilmaydi yoki tashabbus chiqmaydi.

Yechim. Bu safar hammasi tushunarli - bola uchun ko‘proq vaqt ajrating, u bilan ko‘proq muloqot qiling. Haqiqatan ham qiziqarli bo‘lgan o‘yinchoqlarni o‘ynash, birgalikda kitob o‘qish yoki sayr qilish uchun alohida vaqt ajrating. Ishoning, farzandingiz bunday harakatlaringizga munosib baho beradi.

yechim

Farzandingizni qanday muammo qiynayotganligini aniqlab, uni hal qilishga yordam bering va shu tariqa uning real hayotga qaytishiga yordam bering. Asosiysi bolani kompyuterdan uzoqlashtirishni asta-sekinlik bilan va zo‘rlamasdan amalga oshiring!

Maqolani tayyorlashda "Parenting.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.