Bilasizmi?

Bolani necha yoshda sport to‘garagiga berish mumkin?

Ko‘pchilik ota-onalar bola sport bilan shug‘ullanishni qanchalik erta boshlasa, muvaffaqiyatlarga shunchalik oson erishadi, deb o‘ylaydi. Shu tufayli farzandlarini 2,5 yoshligidayoq gimnastikaga yoki 3 yoshligidayoq tennisga bermoqchi bo‘ladi. Bunchalik erta yoshda ko‘p mashq qilish bolalar uchun xavfli emasmi?

Mutaxassis shifokor bu borada ba’zi tavsiyalarini berib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uch yashar bolani sportning qandaydir jiddiy turiga berish kerak emas. Umuman, masalan, uch yoshli bolani dzyudo to‘garagiga bersangiz, u yerda unga jang asoslarini o‘rgatishmaydi, balki uni umumiy jismoniy tayyorgarlikka yo‘naltirishadi. Jismoniy tayyorgarlik esa har qanday yoshdagi bola uchun ortiqchalik qilmaydi.

Bolani o‘zining yoshiga mos sport turiga berish lozim. Bundan tashqari, sport turidan qat’iy nazar, bola sport shifokori nazoratidan o‘tish kerak, busiz sport bolaga ziyon yetkazishi mumkin.

Ba’zi kasalliklarda katta sport bola uchun taqiq ostida bo‘ladi. Masalan, qandli diabetga chalingan bolalarga faqat davolash jismoniy tarbiyasi ruxsat etiladi. Bu yurak faoliyati izdan chiqqan bemor bolalarga ham tegishlidir.

Bundan tashqari, ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan bolalarga xokkey, futbol, basketbol, voleybol, shuningdek zarbli va kontaktli yakkakurash turlari tavsiya etilmaydi. Bola surunkali tonzillit, sinusit, gaymorit, nafas yo‘llari kasalliklari bilan og‘rigan bo‘lsa, sportning «sovuq» turlari — chang‘i, konki, suzish bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Umurtqa pog‘onasida muammolar bo‘lgan bolalarga yengil atletika, tennis, badminton va velosiped sporti bilan shug‘ullanish maslahat berilmaydi.

Xo‘sh, bolani qaysi yoshda qanday sport turiga qatnashtirish mumkin?

2—3 yoshdasuzish

Jismoniy yukka suvda bardosh berish oson, bunday yoshda esa organizmni qiynab yuborish kerak emas.

4 yoshda: sport raqslari, ushu; gimnastika

Sport raqslari bolani qayishqoq qiladi va boshqa sport turlarini boshlash uchun yaxshi asos hozirlaydi. Gimnastikada esa bolalar o‘z harakatlarini uyg‘unlashtirishni o‘rganadi.

4—5 yoshda: chang‘i, figurali uchish

Chang‘i sporti oyoq, qorin, bel mushaklarini mustahkamlab, bolani abjir qiladi.

5 yoshda: karate

Karate mashg‘ulotlarida bolalar diqqatni jamlash, o‘z energiyasini zarur oqimga yo‘naltirishga o‘rganadi.

6—7 yoshda: xokkey

Agar bola ozg‘in va zaifroq bo‘lsa, uni sportning bu turiga sal kechroq bergan ma’qul, chunki bu sportda taqiladigan anjomlar ancha og‘irdir. Xokkey bilan shug‘ullanishni boshlagach esa, u kuchli va bardoshli bo‘ladi.

7 yoshda: badminton

Bu yoshda bolani tennisga berish yaramaydi. Avval badminton bilan shug‘ullansa, uning beli qotadi. Tezkorligi va tezligi oshadi. Bir yildan so‘ng esa tennisni boshlasa bo‘ladi.

Manba: Daryo.uz