Ko‘pincha yosh onalar farzandlari qizg‘anchiq ekanligi, o‘yinchoqlari bilan bo‘lishishni istamasligi va bilmasligini aytadi. Haqiqatan ham, 1 yoshdan 3,5 yoshgacha bo‘lgan davrda bola o‘z narsalarini boshqaga berishga tayyor bo‘lmaydi. Chunki bu paytda bola har bir buyumning o‘z egasi borligini va faqat ugina uni ishlatishi mumkinligini tushuna boshlaydi.
Shunga qaramay, bolalarni saxiylikka o‘rgatish mumkin. Ammo, ta’kidlash joiz, bunda bolani o‘z narsasini bo‘lishishga majburlash emas, unda bunga xohish paydo qila olish muhim.
O‘yinchoqlari bilan bo‘lishishni taklif qiling
Bolalar o‘yinchoqni talashayotgan vaqtda emas, birga o‘ynayotgan paytda bunday taklifni kiriting. Buning ustiga, bolaga bo‘lishish — buyumni butunlay berib yuborish degani emasligini tushuntirsangiz, unga o‘z narsalari bilan bo‘lishish osonlashadi.
Saxiylikni ifodalovchi gaplarni o‘rgating
Ko‘pincha boladan bo‘lishishni so‘rasangiz, u nima deyishni va buni qanday aytishni bilmaydi. “O‘g‘lim, o‘rtog‘ingga — Mana bu mashinani olib o‘yna, keyinroq qaytarib berasan, deb ayt”, — desangiz, bu normal holat.
Bolani taqsimlash jarayoniga torting
O‘ynash, ovqatlanish yoki do‘kon aylanish vaqtida bolalarga buyumlar yoki yeguliklarni adolatli tarzda, halollik bilan taqsimlashda yordam bering.
O‘z narsasi bilan bo‘lishgan bola qanday ustunliklarga ega bo‘lishini aytib bering
Bular, masalan, birovning o‘yinchog‘ini o‘ynash imkoniyati, bolalarning unga xayrixoh bo‘lishi va o‘yinlarga jon-dili bilan taklif qilishi va hokazo.
Bolaning shaxsiy buyumlarini hurmat qiling
Uning buyumlarini olishdan avval albatta ruxsat so‘rang, so‘ng minnatdorlik bildiring. Shu tariqa bola o‘zining va birovning narsasini hurmat qilishni o‘rganadi.
Saxiylik ko‘rsatganida va bo‘lishish istagini bildirganida, maqtang
Bolaning nima qilgani va u qanday natijalarga olib kelganini albatta tushuntiring, masalan, “Sen vertolyotingni berganing uchun, o‘rtog‘ing xursand bo‘ldi”, “O‘rtog‘ing endi senga koptogini beradi”.
Farzandingizning rad javobini xotirjamlik bilan qabul qilishga o‘rganing
Bolaning o‘z narsalarini birovga bermaslikka haqqi bor. Siz bunga normal tarzda yondashayotganingizni ko‘rgach, unda ushbu buyum unga tegishli ekanligini barchaga isbotlab o‘tirish uchun ehtiyoj qolmaydi.
Saxiylikda o‘zingiz namuna ko‘rsating
Dugonalaringiz, boshqa bolalar va qarindoshlaringiz bilan o‘z buyumlaringizni bo‘lishing, toki buni bolangiz ko‘rib, sizdan o‘rnak olsin.
Ertak va multfilmlardan saxiylik belgilarini qidiring
Ertak o‘qib berayotganda yoki birga multfilm ko‘rayotganda, qahramonlarning saxiy xatti-harakatlariga va ular qanday natijalarga olib kelganiga e’tibor qarating.