Tarbiya

Bolani tarbiyalashda taqiqlangan 4 ta usul

Bolani tarbiyalashda aniq qoidalar bo‘lishi mumkin emas, axir har bitta bola o‘ziga xos bo‘lib, nozik pedagogik yondashuvni talab qiladi. Ammo keng tarqalgan shunday tarbiya usullari mavjudki, ular bolaga faqat zarar keltiradi. “Deti.mail.ru” ana shunday usullarni sanab o‘tdi.

Bolani kamsitish

O‘sib kelayotgan shaxs ruhiyati boshqa odamlar, avvalo, yaqin kishilar bilan hamkorlik sharoitidagina shakllanadi. Bolaga onasi, otasi va boshqa yaqin kishilari qanday munosabatda bo‘lishiga qarab, u o‘zini himoyalangan yoki aksincha his qiladi.

Bolani shafqatsiz jazolar, jumladan, jismoniy jazo yoki undan ustunligingizni qo‘pol ravishda namoyish qilish orqali kamsitmang. Shuningdek, bolani xafa qiladigan so‘zlar bilan atash, gapini bo‘lish, aybini yuziga solish va hokazolar umuman mumkin emas. Ayniqsa, boshqa odamlar oldida kamsitilgan bolaning yuragida yanada chuqur yaralar qoladi.

Tajovuzga tajovuz bilan javob qaytarish

3—4 yoshda bola o‘zining qoniqmaganligi, xavotiri, qayg‘usini qay tarzda ifoda etishni bilmaydi va ularni ba’zan yonidagi kishiga to‘kib-sochadi. Bunda shafqatsizlik belgilari hali yo‘q, ammo unda tajovuz (agressiya) yuzaga kelishi xavfi mavjud. Bu sodir bo‘lmasligi uchun ota-ona bolaga tajovuzkor  bo‘lmagan xulqni namoyish etishi kerak — yuzaga kelgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, bolani xotirjamlik va mehr bilan “o‘rab olish” kerak. Agar ota-ona tajovuzga tajovuz bilan javob qaytarsa, bola o‘rnak olish uchun boshqa hech kimni ko‘rmaydi va uning moyilligi oshib boradi.

Do‘q-po‘pisa qilish (shantaj)

Birinchidan, gapingizni bolaga o‘tkazishning bunday usuli sizning zaifligingizdan va obro‘yingiz yo‘qligidan darak beradi, bola ertami, kechmi buni tushunib, xulosa chiqarib oladi. Ikkinchidan, bu ota-ona va bola o‘rtasidagi hamfikrlik va hissiy aloqaga putur yetkazishning eng ishonchli yo‘li.

Agar farzandingiz g‘amxo‘r, tushunadigan va odamlar haqida o‘z fikriga ega bo‘lgan shaxs sifatida ulg‘ayishini istasangiz, u bilan muloqotda ushbu xususiyatlarni namoyon qiling. Do‘q-po‘pisa va taqiqlar yordamida faqat vaqtinchalik natijaga erishish, bolada esa “hissiy karlik”ni yuzaga keltirish mumkin.

Aldash

Ba’zan ota-onalar “pedagogik maqsadda” bolani bir-ikki marta aldash — qo‘rqinchli emas, deb o‘ylaydi.

Bolalar g‘oyatda zo‘r intuitsiyaga ega bo‘lib, ma’lum yoshdan boshlab ota-onaning nosamimiyligini juda yaxshi his qiladi. Agar ular ota-ona yolg‘on gapirayotganini sezib qolsa, ularning obro‘si bola ko‘z o‘ngida yer bilan yakson bo‘ladi. Boz ustiga, bu holda bolaning o‘zidan rost gapirishni talab qilish g‘alati bo‘lib qolmaydimi?

Ishonch lahzalik pedagogik usulga almashtirish uchun juda qimmatlik qiladi, buning ustiga, ishonchsiz do‘stlikni yaratib bo‘lmaydi. Agar farzandlaringiz bilan do‘stlashishni istasangiz, ularga rost gapiring.