Tajribali onalar bolalar emaklashni, yurishni, gapirishni qachon boshlashini aniq biladi, biroq tuvakka o‘rgatish jarayoni qanday yoshda oson kechishi haqida ko‘pchilik bilmaydi.
Xo‘sh, tuvakka o‘rgatishni qachon boshlagan ma’qul? Bu borada qanday usullar mavjud?
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bovul qilishni ixtiyoriy ravishda ushlab turishga bola bir yarim yoshlarda qodir bo‘la boshlaydi. Ushbu davrda bola o‘z tanasi va uning imkoniyatlarini faol ravishda o‘rganadi.
Shu paytda bolalarga tuvakka o‘tirishni taklif qilib ko‘rish mumkin. Biroq bola hali bir joyda uzoq o‘tira olmasligi tufayli tuvakdan doimiy foydalanishga o‘rgatib bo‘lmaslik mumkin.
Mutaxassislar bolani 10—13 oyligida tuvakka o‘rgatishni tavsiya qilmaydi. Gap shundaki, bu yoshda ularda krizis davri yuzaga kelib, ular mustaqil bo‘lishga intiladi, taqiqlar va majburlashlarga qarshi bosh ko‘taradi.
Biroq 2 yoshli bolalar bilan til topishish osonroq, chunki ular nutqni tushunadi, ularga hojatga qayerga va nima uchun chiqish kerakligini tushuntirish mumkin.
Bolani tuvakka o‘rgatish jarayonini tezlashtiruvchi va osonlashtiruvchi ba’zi tavsiyalar bilan quyida tanishishingiz mumkin:
- Tuvakka o‘rgatishni boshlashingiz bilan, bolaga taglik kiygizishni to‘xtatish lozim.
- Tuvak doim ko‘zga ko‘rinadigan va qo‘l ytadigan joyda (masalan, bolalar xonasi polida) turishi lozim: bola u bilan tanishsin, istagan vaqtida o‘tirib ko‘rsin.
- Bolaga tuvakka o‘tirishni taklif qilishda uning nima uchun kerakligini tushuntirish lozim.
- Har safar sodir bo‘lgan “baxtsiz hodisa”dan so‘ng bolaga shirinso‘zlik bilan buning uchun tuvak borligini eslating. Hafsalangiz pir bo‘lganini bildiring, biroq bolani hech ham urishmang va uni tuvakka o‘tirishga majburlamang. Aks holda u tuvakni yomon ko‘rib qolishi mumkin.
- Bola tuvakdan to‘g‘ri foydalansa, uni maqtang va boshini silab erkalab qo‘ying, shunda farzandingizda tuvakni ishlatish bo‘yicha yoqimli taassurot qoladi.
- Bola har safar uyqudan turganida va ovqatlanib bo‘lganidan so‘ng, tuvakka o‘tqizing.
- Hojatga chiqish uchun tinchlanish zarur. Stressli holatda, begona kishilar oldida bola bezovtalanishi va hojatga chiqa olmasligi mumkin. Tuvakka o‘rgatishda bunday vaziyatlarni ham nazardan qochirmang.