Tarbiya

Bolaning aqlini charxlash

Ota-ona bolam aqlli bo‘lsin deb ko‘p harakat qiladi. Lekin bolaning miyasini tabiiy ravishda rivojlantirish uchun ko‘p narsa kerak emas ekan, bular ham bo‘lsa, ota-onaning bolaning rivojlanishiga to‘g‘ri yondashishidir.

Qanday qilib?

1. Bolaga ta’limni erta ham emas, kech ham emas, balki o‘z vaqtida berish lozim. Bolaning yoshiga muvofiq ravishda unga bilim berish kerak. Ikki yoshlik bolaga alifbeni o‘rgatsa, tez orada o‘rganib oladi, lekin shu bilan bir qatorda uning kreativlik, tabiiy qiziqish va tasavvur qilish qobiliyatlari so‘nib boradi. Endi unga "non" so‘zini aytsangiz, u "och qorin, issiqqina non, yumshoq patir, onamning qo‘llari" kabi tasavvurlarni o‘rniga "n","o","n" harflaridan iborat so‘zni tasavvur qiladi xolos. Bu uning miysining tasavvur va xayol qilish qobiliyatini zaiflashtiradi. Insho yozishda qiynalish sizga tanish holatmi?

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda quyidagilarni bilib olish foydali bo‘ladi:

  • Bolaning 3 yoshigacha miyasining asosiy tuzilmalari va asab to‘qimalari shakllanadi. Hissiyotlar miya rivojlanishida katta turtki bo‘lgani uchun, bu davrda bolaga ota-onaning mehr va muhabbati kerak xolos. Agar bola shu davrda ota-onaning mehrini yetarlicha olishga ulgurmasa kelajakda insolarga bog‘lana olmay, mehr yetishmovchiligidan qiynalib yashaydi.
  • Bolaning 3 yoshidan 5 yoshiga qadar miyasining o‘ylash qobiliyatini, odamgarchilik va ahloq tuyg‘ularini shaklantiruvchi qismi keskin rivojlanadi.
  • Bolaning 6 yoshidan 12 yoshiga qadar miyasining til, metamtika va jismoniy qobiliyatlarni shakllantiruvchi qismi rivojlanadi.
  • Bolaga ta’lim berilayotganda ana shu davrlarga muvofiq bo‘lgan bilimni berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

2. Bolaga shunday ta’lim berish kerakki, bunda uning barcha hissiyot a’zolari jalb etilgan bo‘lishi kerak. Ya’ni bola rivojlanish jarayonida o‘zi mustaqil ravishda tegish, ko‘rish, eshitish, hidlash va mazasini bilish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash lozim.

3. Bolaga yoshligidan ahloqni o‘rgatish miya rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Kichikligidan kattalarni hurmat qilishni, salom berishni, qoidalarga amal qilishni, yo‘l harakati qoidalarini hurmat qilishi va boshqa shu kabilarni o‘rganib borgan bola hayot davomida qiynalmaydi va kam xato qiladi.

4. Bolaga bilim olish hursandchilik keltirishi kerak. Bolani qiynab, barvaqt o‘qish yoki yozishga o‘rgatib, o‘yindan xoli qlish uning stress olishiga olib keladi. Natijada bolada har xil kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Bola bilimni o‘z xohishi bilan o‘zlashtirishi kerak. Agar istamayotgan bo‘lsa, demak ota-ona uni qiziqtirish yo‘lini topa olmayapti.

5. Agar ota-ona quyidagi tamoyillarga amal qilsa, bola aqlli bo‘lib o‘sadi:

  • Bola ertalab albatta nonushta qilishi muhim. Uyqudan so‘ng bolaning miyasi o‘z faoliyatini boshlashi uchun energiyaga muhtoj bo‘ladi.
  • Bolani kun mobaynida tez-tez ovqatlantirish lozim. Bunda uning xotirasi rivojlanadi.
  • Bola yetarlicha uxlashi lozim. Uyquda miya to‘qimlari dam oladi va uning imkoniyatlari yaxshilanadi.
  • Aktiv bolaning miyasi ham aktiv rivojlanadi. Bola ovqatlanishni, xonasini yig‘ishtirishni, o‘yinchoqlarini aktiv o‘ynash va hokazolarni mustaqil ravishda bajarishi kerak.
  • Tegish natijasida yuz beradigan hissiyotlar miya bilan keskin bog‘liq. Bolani kun mobaynida ko‘proq o‘pib, quchoqlb turish kerak!

Manba: Janubiy Koreya ta’lim, ilm-fan va texnika vazirligi ma’lumotlari