—Qizimning burni tez-tez qonab turadi. Bunday holda uy sharoitida qanday birinchi yordam berish mumkin? Burun qonashining sabablari nimada?
Mohira Ochilova, Samarqand shahri
Savolga oliy toifali shifokor-otorinolaringolog Gulnora Po‘latova javob beradi.
—Burundan qon ketishi ko‘pincha 5 yoshli bolalarda uchraydi, Bu hol chaqaloqlarda kamdan- kam kuzatiladi, 6-10 yoshli bolalarda va o‘smirlarda esa kam bo‘lsa-da uchrab turadi.
Sabablari
Burundan qon ketishiga aksirish,burunni kovlash, allergik rinit, sinusit, virusli kasalliklar, juda quruq yoki sovuq havo, balandlikka chiqish, burunning shikastlanishi, S va R vitaminlarining yetishmasligi sabab bo‘ladi.
Qon ketishi o‘z-o‘zidan, hech bir sababsiz, hatto uyqu holatida ham kuzatilishi mumkin. Burundan qon ketishining 62 foizi virusli infeksion kasallik bilan kasallanlarda uchraydi. Virus yuqqach bir necha kun o‘tib burun qonashi kuzatilishi mumkin.
Burun to‘sig‘idagi qon tomirlari burunning shilliq pardasi tagida joylashgan bo‘lib, yengil shikastlanadi va tez qonaydi.
Sababini aniqlash va birinchi yordam
Ko‘p hollarda burundan qon ketishi tez to‘xtaydi. Ammo bunday holat yuzaga kelganda nima qilish kerakligini bilib qo‘ygan yaxshi.
1. Agar bolangizning burni qonayotgan bo‘lsa, avvalo burunda jiddiy jarohat bor-yo‘qligini aniqlang. Agar burun yiqilish yoki urilishdan jarohatlangan bo‘lsa, kechiktirmasdan “Tez yordam”ga murojaat qiling.
Burundan qon ketishiga jarohat sabab bo‘lmasa, unda ushbu ko‘rsatma bo‘yicha harakat qiling:
Bolangizni o‘rindiqda o‘tqazib boshini oldinga eging. Bola boshini orqaga tashlamasin va yotmasin, chunki qon nafas yo‘liga tushishi mumkin.
Bola yig‘layotgan bo‘lsa, uni ovutib, burundan ketayotgan qon tezda to‘xtashiga ishontiring.
2.Tomoqning orqa devoridan oqib kelayotgan qonni yutmasdan tuflab tashlash kerak. Chunki qon oshqozonga tushib ko‘ngil aynishi va bola qusish mumkin (bu bolani battar qo‘rqitadi).
Bolaga hozir og‘zidan nafas olish zarurligini uqdiring va burunning qanotlarini barmoqlaringiz bilan qattiq qisib turing (10daqiqacha). Shunday qilsangiz qonayotgan qon tomirini siqib, qon ketishini to‘xtatasiz.
3%-li vodorod peroksidiga dokadan tayyorlangan naychani botirib burunga qo‘yish ham qon ketishini to‘xtatadi.
3.Agar 10 daqiqadan keyin xam burundan qon ketishi to‘xtamasa, dokani vazilinga botirib qonayotgan burun yo‘liga tiqing va yana 10 daqiqaga burunni qisib turing.
Qon ketishi to‘xtamasa sovuq kompress yoki muzni lattaga o‘rab bolaning peshonasiga va ensasiga kuying. Sovuq natijasida qon tomirlari qisqaradi va qon oqishi to‘xtaydi.
4.Bolaning oyog‘ini issiqroq suvga botiring. Bu tananing yuqori qismidagi qonni oyoqlarga haydaydi va burundagi qon tomirlarining to‘lishini kamaytiradi. Qon to‘xtagandan keyin bolaga 2 kun davomida burun tozalamaslik va qattiq qoqmaslik kerakligini tushuntiring, chunki burundan qon ketishi yana qaytarilishi mumkin.
5.Qon ketishi to‘xtagandan keyin burun bo‘shlig‘iga vazilin surish mumkin, bu burun yo‘lida qotib qolgan qonni yumshatadi. Agar burundan qon ketishi to‘xtamasa, “Tez yordam”ga murojaat qiling yoki bolani burnini qisgancha o‘tirgan holatda kasalxonaga olib boring.
Oldini olish
Isitish tizimi ishlatiladigan sharoitda uyingiz havosini namlantiring. Buning uchun isitish radiatorlarining ustiga suv solingan idish qo‘ying, ko‘chaga chiqishdan oldin esa burun shilliq qavatiga vazilin surib oling.
Burni tez-tez qonab turadigan bolaga S va R vitaminlariga boy limon, na’matak damlamalarini ichirish foydali.
Agar farzandingiz shamollab qolsa, burnini to‘g‘ri tozalashga o‘rgating. Burunni qoqish uchun, galma- galdan bitta burun bo‘shlig‘ini bekitib ikkinchisini qoqish kerak. Ikkala burun teshigini bir vaqtning o‘zida qoqmasin.
Bolaga burunga hech narsa tiqish mumkin emasligini tushuntiring.
Feruza Najimova tayyorladi
Manba: Darakchi.uz