Chaqaloq

Chaqaloq bilan qanday muloqot qilish kerak?

Har bir bola, hatto, eng kichigi ham, unga va uning kelajagiga aloqador bo‘lgan muhim oilaviy hodisalar haqida bilishga haqli. U o‘zini dadil va bexavotir his qilishi, sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayishi, rivojlanishi uchun ham buni bilishi kerak. Ammo u hali gapirmayotgan bo‘lsa, bizning so‘zlarimiz ma’nosini qanday chaqadi? Va u bilan muloqot chog‘ida ota-ona tafsilotlarga qanchalik berilishi kerak?

Dunyoga endigina kelgan chaqaloq ham — “gapiruvchi mavjudot”. Ushbu paradoksni taniqli psixoanalitik Fransuaza Dolto ko‘plab kitoblarida tushuntirib berdi. Uning fikricha, chaqaloqning nutqqa to‘yishga intilishi ona sutiga intilishidan kam emas, u ota-onasi nutqini o‘ziga singdirib oladi. Olamni u ko‘rish, paypaslash, hidlash, ta’m bilish yordamida his qiladi, biroq boshqa odamning unga qaratilgan so‘zigina unga o‘zini odamlar dunyosining bir bo‘lagi ekanligini his etish va o‘zining farqli ekanligini sezish imkonini beradi.

Fransuaza Dolto bola bilan muloqot (bolalarcha emas, balki ochiqdan-ochiq) ularni o‘zgartirishi — og‘riqni qoldirishi, toshmani yo‘qotishi, uyqusini yaxshilashi bo‘yicha ko‘plab isbotlarni keltirib o‘tgan.

Bola bilan suhbatlashish unga nafaqat eng muhim narsalar haqida gapirib berishni, balki u bilan yengil va erkin holda dunyodagi har qanday narsa haqida muloqot qilishni bildiradi.

Hali so‘zlash qobiliyatiga ega bo‘lmaganda, bolalar biz bilan o‘z tanasi tilida gaplashadi. So‘zlar yordamida suhbatlashishga ko‘nikib qolgan ota-onalar bola nima demoqchi bo‘layotganini tushunishi qiyin. Shu tufayli chaqaloq bilan muloqot ota yoki onaning monologi bo‘lib qolaveradi. Psixolog Olga Varpaxovskayaning aniqlik kiritishicha, bolaga gapirish emas, bola bilan gaplashish kerak. “Bu shuni bildiradiki, u bilan suhbatlashish, o‘ta batafsil va o‘tkinchi muloqot o‘rtasidagi muvozanatni topish kerak”, — dedi u.

“Bolalarcha” til, ekspertlar fikricha, bola uchun zararli emas, chunki u muhim rolni bajaradi — bola umrining ilk yilida uni muloqotga o‘rgatadi.

“Baland ohangdagi ovoz (“Gu-gu!”) chaqaloqning diqqatini tortadi. Shipillaydigan va hushtaksimon tovushlar (“Voy, mening quyoshcham!”) u ona qornida eshitgan ona nafasi tovushini eslatadi. Uzun pauzalar va takrorlanadigan bo‘g‘inlar (“Da-da! Ba-ba!”) nutq oqimidan so‘zning kichik qismini ilg‘ab olib, uni esda saqlashga yordam beradi”, — dedi perinatal psixolog Galina Filippova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bola bilan u uchun muhim bo‘lgan narsalar haqida oddiy tarzda gaplashish kerak. Buyumlar bilan tanishtirishda izohlarga berilib ketish kerak emas, uning aql-idroki uzun jumlalarni tushunish uchun yetarlicha rivojlangan emas. Buyumni ko‘rsatish, nomini aytish va u nima qilishini tushuntirish kifoya.

Psixolog muloqot chog‘ida hozirgi zamondan foydalanishni tavsiya etadi, axir chaqaloq o‘tgan va kelajak zamon haqida tushunchalarga ega bo‘lmaydi: vaqt haqidagi tushuncha unda ikki yoshdan keyin paydo bo‘ladi. Hozirgi zamonda, ikki-uchta so‘zdan iborat darak gaplardan foydalangan ma’qul, masalan, “Qo‘shnimiz bilan sayr qilayotgan oq-qora kuchukchani ko‘rayapsanmi?” — deyish o‘rniga, “Qara, kuchukcha!” — deng.