Salomatlik

Chaqaloqlardagi qorin og‘rig‘ini to‘xtatishning 6 usuli

Ko‘pincha to‘rt oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarni qorindagi sanchiqlar bezovta qiladi. Xo‘sh, qorni og‘riyotgan kichkintoyga qanday yordam berish mumkin? Qorin sanchiqlari — bolaning qornida ortiqcha gaz yig‘ilishi va chiqib ketmasligi oqibatida ro‘y beradigan va kichkintoyni juda bezovta qiladigan og‘riqlar xuruji.

Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ingizning mazza qilib emib, keyin pishillab uxlab qolishiga termulib to‘ymaysiz. Ammo ko‘p o‘tmay, sizni xavotir va qo‘rquv egallab oladi. Chunki kichkintoy birdaniga qattiq chinqirib yig‘lab, qo‘lchalarini musht qiladi, oyoqchalarini esa tarang bo‘lib qolgan qorni tomon bukib oladi. Uning qorni og‘riyapti. Zudlik bilan choralar qo‘llash kerak!

Nima bo‘ldi o‘zi?

Odatda chaqaloq hayotining uchinchi haftasida qornida og‘riqlar paydo bo‘ladi. Ko‘pincha sanchiqlar kechqurun yoki erta tongda yuzaga kelib, har kuni deyarli bir vaqtda takrorlanadi, davomiyligi ham bir xil bo‘ladi. 6-8-haftada og‘riqlar avj nuqtasiga chiqadi, keyin susaya boshlaydi. 3-oyning oxiri va 4-oy boshlariga kelib yo‘qoladi.

Og‘riqlarni gazlar keltirib chiqaradi. Ular bolakayning hali yaxshi rivojlanmagan oshqozon-ichak tizimi mahsulidir. Axir ona qornidagi 9 oy davomida bola kindik orqali oziqlangan edi-da! Jajji organizm hosil bo‘lgan gazlarni darhol chiqarib yubora olmaydi. Gazlar esa o‘z navbatida ichaklar devorlariga bosim o‘tkazib, og‘riq yuzaga keltiradi. Oshqozon-ichak yo‘lining yetarlicha rivojlanishi, fermentlar va ichaklarda zaruriy mikrofloraning shakllanishi uchun vaqt kerak. Ungacha ota-onalar bolaga ortiqcha gazlardan xalos bo‘lishida yordam berib turishlari lozim.

Qanday ovqatlantirayotganingizga e’tibor bering!

1. Ko‘krakni to‘g‘ri berish.

Bola ko‘krakni to‘g‘ri olishi va emishi juda muhim. To‘g‘ri emizilsa, chaqaloq ortiqcha havo yutmaydi va qorinda gazlar kamayadi. Odatda, qoidaga muvofiq emizilsa, hech qanday «cho‘qillagan» ovozlar chiqmaydi. Emizayotganda ko‘krakda og‘riq sezish ham bolaning noto‘g‘ri emayotganidan darak. Chaqaloqni sun’iy ovqatlantirsangiz, butilkani to‘g‘ri ushlash juda muhim.

2. Maxsus butilkalar

Sun’iy ovqatlantirish uchun ichida havo yaxshi aylanadigan maxsus butilkalar ishlab chiqarilgan. Ular ichidagi sutda pufakchalar hosil qilmaydi, demak, chaqaloqning ichiga ortiqcha havo kirmaydi. Shuningdek, so‘rg‘ichning teshigi juda keng bo‘lmasligi lozim. Aks holda bola qalqib ketib, ko‘p havo yutib qo‘yadi.

3. Onalar parhezi

Emizikli ona nimalar iste’mol qilayotganiga ahamiyatli bo‘lishi kerak. Ayniqsa, qornida ortiqcha gaz to‘planayotgan bolaning onasi qat’iy parhez tutishi lozim. Go‘dakning qornida gaz hosil qilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlardan o‘zingizni tiying. Ko‘proq qatiq iching, go‘shtni esa gaz pechida pishiring yoki dimlang (qovurilgan go‘sht yemang!)

Hayotbaxsh iliqlik

4. Grelka

Og‘riq bezovta qilganda go‘dakning qorni issiq bo‘lishiga e’tibor bering. Emizayotganda yoki emizib bo‘lishingiz bilan farzandingizning qorniga iliq choyshab, ichiga iliq suv to‘ldirilgan butilka yoki olcha danaklari solingan grelka tuting. Olcha danakli grelka uchun qalinroq mato olib, xaltacha tikasiz. Bir chetini ochiq qoldirib, unga olcha danaklaridan to‘ldirib solasiz. Keyin xaltachaning ochiq uchini ham tikib qo‘yasiz. Chaqaloqda qorin og‘riqlari boshlanganda, xaltachani mikroto‘lqinli pechga qo‘yib, isitasiz va bolaning qorniga bosasiz. Dananaklar o‘zida uzoq muddat issiqlikni ushlab turadi.

  • Go‘dakning choyshabini dazmol bilan isiting (faqat qaynoq qilib yubormang, bolani kuydirib qo‘yishingiz mumkin) va qorniga qo‘ying.
  • Ichiga iliq suv solingan butilkaning ta’siri uzoqroq cho‘ziladi. Butilkani bolaning qorniga qo‘yishdan avval sochiqqa o‘rang.
  • Xaltacha tikib, ichiga olcha danaklari soling va uni mikroto‘lqinli pechda ilitib, bolakayning qorniga qo‘ying.

5. Ona ko‘ksining iliqligi

Kichkintoy sizning bag‘ringizda yaxshi isiydi va og‘riqlar o‘tib ketadi. Bolangizni ko‘ksingizga yotqizing. Bunda ham taftingiz kichkintoyingizning qorin og‘rig‘ini bosadi, ham siz bilan jismoniy yaqinlik uni tinchlantiradi. Ko‘pincha chaqaloqlar qorin og‘rig‘i o‘tib ketgandan keyin shu holatda onasining ko‘ksiga boshini qo‘ygancha uxlab ham qolishadi.

6. Iliq vanna

Agar imkon bo‘lsa, og‘riqlar bezovta qilgan payt kichkintoyni iliq suvli vannaga tushiring. Mazkur tadbir bolakayni tinchlantiradi, iliqlik esa og‘riqlarga barham beradi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi