Rezina so‘rg‘ich haqida har xil fikrlar mavjud. Ushbu maqolada so‘rg‘ichning befoydaligi, buning ustiga zararli ham ekanligini ta’kidlovchi fikrlar bilan tanishamiz.
Har bir narsa, shu jumladan so‘rg‘ich ham qarovni talab qiladi
Bolaga so‘rg‘ich bera boshlagandan keyin, so‘rg‘ichni toza tutish va hamma joyga bola bilan birga olib yurishingiz kerak, bu esa sizning vaqtingiz va diqqatingizni talab qiladi.
Bola so‘rg‘ichga o‘rganib qoladi
Keyin bolani so‘rg‘ichdan ajratish qiyin bo‘ladi.
So‘rg‘ich bola nutqining rivojlanishini sekinlashtiradi
Ko‘pincha so‘rg‘ich emadigan bolalarning nutqi tengdoshlaridan orqada qoladi. Shu xususda ekspert xulosasini keltirib o‘tamiz. Logoped Tatyana Viskvarko: «Bolaning kuni bo‘yi tinmasdan so‘rg‘ich emishi nutq apparatining o‘zgarishiga olib keladi, bolani bilim olish jarayonidan chalg‘itadi, keyinroq esa nutq rivojlanishining ancha orqada qolishiga olib keladi. Hamma narsa me’yorida bo‘lgani yaxshi, shu jumladan bolaning so‘rg‘ich emish vaqti ham.»
So‘rg‘ich tishlamni, ya’ni tishlarning bir-biriga tegib turish holatini buzadi
So‘rg‘ichni uzoq vaqt va davomli emib yurish bolaning bo‘lg‘usi tishlami (prikus)ning buzilishiga olib keladi. Bu esa kelajakda bolani ortodontlar yordamiga muhtoj etadi, ba’zi tovushlarni to‘g‘ri talaffuz etolmagani uchun logopedlarga murojaat qilishga ham to‘g‘ri keladi.
So‘rg‘ich yig‘lash sababini bartaraf etolmaydi va onaning o‘rnini bosmaydi
Ba’zan so‘rg‘ich bolani tinchlantiradi, lekin bunday hollarda so‘rg‘ichsiz ham bolani yupatsa bo‘ladi. Bolaning biror joyi og‘riganda yoki qorni ochganda, onasini sog‘inganda so‘rg‘ich foyda bermaydi.
Bola so‘rg‘ichsiz uyquga ketolmaydigan bo‘lib qoladi
Tunning o‘rtasida uyg‘onib ketgan bola so‘rg‘ichni topolmagach, yig‘lay boshlaydi, chunki u faqat og‘zida so‘rg‘ich bilan uyquga ketib o‘rgangan. Tungi uyqusining tinch bo‘lishini xohlagan ona bolasini so‘rg‘ichdan ajratishiga to‘g‘ri keladi. Undan ko‘ra, bolaga boshidan so‘rg‘ich bermagan ma’qul emasmi?
Yana bir muhim narsa
Ko‘krak suti bilan boqilayotgan bolaga so‘rg‘ich berishning hojati yo‘q. Lekin bolani vaqtincha ko‘krakdan ajratishga majbur bo‘lgan hollarda, sun’iy ovqatlantirishga ehtiyoj bo‘lgan vaqtda pediatr bilan maslahatlashib, so‘rg‘ichga talab bor yoki yo‘qligini aniqlab olgan yaxshi. So‘rg‘ichga rostdan ham talab tug‘ilsa, uni vaqtinchalik yordamchi sifatida ishlating. Yaxshi narsa ham me’yorida bo‘lgani yaxshi, degan qoidani esdan chiqarmang.
Manba: Daryo.uz