Bilasizmi?

Farg‘onada bolalar rizqiga chang solgan bog‘cha mudiralari jazoga tortildi

Beshariq tumanidagi 37-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining rahbar va xodimlari hujjatlarni soxtalashtirish, bog‘cha oziq-ovqatlarini talon-taroj qilish jinoyatiga qo‘l urishdi. Bu haqda «Huquq» gazetasi xabar berdi.

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasida mudira lavozimini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlagan R.Yaxshiyeva muassasa xo‘jalik ishlari mudiri M.Boboyev, ta’minotchilar M.To‘rayev va B.Usmonovlar bilan til biriktirib, bog‘chaga aslida olib kelinmagan un, sariyog‘, go‘sht, grechixa kabi mahsulotlarni taomnomaga qo‘shib yozishgan. Rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali 26 mln. 580 ming so‘mdan ziyod byudjet mablag‘i nafs bandalari tomonidan talon-toroj qilingan.

Shu tumandagi 33-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ham mudira Iqboloy Mirzayeva, hamshira Zulfiya Hayitova va bosh oshpaz Nafisa Jiyanboyevalar ta’minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berilgan 15.902,5 ming so‘mlik go‘sht mahsulotlarini bolalarga buyurmasdan, aksincha, noma’lum shaxslarga naqd pulga sotib yuborgan. Mudira jinoiy harakatlariga qonuniy tus berish maqsadida shaxsan o‘zi soxta taomnomalar tuzib, shu tarzda jinoyatini yashirishga uringan.

Yuqorida nomlari tilga olingan shaxslar sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.