Ruhiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, inson fe’l-atvorining 80 foizi u 5 yoshgacha bo‘lgan davrda shakllanib ulgurar ekan. Ayni shu davrda ota-onaning tarbiyadagi e’tibori, oilaviy muhitning sog‘lomligi farzand kamolida katta ahamiyat kasb etadi.
Quyida e’tiboringizga tarbiyaga oid 20 ta fikr-mulohazani havola qilamiz.
Daraxtdan meva olaman desang, uni nihollik davridan parvarish qil.
― O‘zbek xalq maqoli
Otaning qandayligini hech kim yo‘qligida bolasiga qilgan muomalasidan bilish mumkin.
― Den Pirs
Ota-onaning o‘z farzandiga "Sen mening g‘urur-iftixorimsan" deyishi farzand tarbiyasidagi eng munosib xatti-harakatdir.
― Unarin Romaru
Oilada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hamma narsa, hatto, eng oddiy bo‘lib ko‘ringan oilaviy munosabatlar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Aynisqa, rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqatlilik, shirin suxan bo‘lish bola kamolotidagi zarur hayotiy vositalardan biridir.
― Abu Ali ibn Sino
Yaxshi ota yoki ona bo‘lish uchun har doim g‘azablanish kerak bo‘lganida vazmin bo‘lishing, xafa bo‘lishing zarur mahalda esa tabassum qilishing kerak bo‘ladi. Shu bois ham, ota-ona bo‘lish katta mahorat.
― Den Pirs
Bolalar hech qachon kattalarga quloq solishmagan bo‘lishsa ham, ular kattalarga taqlid qilishda hech qachon xato qilishmagan.
― Jeyms Boldvin
Menga ayt va men unutaman. Menga saboq ber va men eslab yuraman. Meni qiziqtir va men o‘rganaman.
― Benjamin Franklin
Siz o‘zimniki deb o‘ylagan bolalar aslida sizning farzandingiz emas – ular hayotning o‘g‘il-qizlari.
Garchi, ular siz orqali dunyoga kelgan bo‘lishsa ham, o‘zlarini umrga tegishli hisoblaydilar.
Ular yoningizda ulg‘ayishsa ham, kun kelib olisga ketib qolishlari mumkinligi ayni haqiqat.
Siz farzandga o‘z mehr-muhabbatingizni his qilishlariga yordam berishingiz mumkin. Ammo ularni o‘z o‘y-xayollaringiz bilan band qila olmaysiz. Chunki ularning o‘z dunyolari, xayol va rejalari bor.
Ularning qad-qomatlari sizning uyingizda bo‘lsa ham, ko‘ngillari hali bu yerda qo‘nim topmagan bo‘ladi. Boisi ularning ko‘ngillari kelajakka mansub. Siz esa o‘zingizni kelajakda xayollaringiz orqali ham tasavvur qila olmaysiz. Boisi siz bugunning odamlarisiz.
Siz farzandingizni tushunish uchun unga o‘xshashingiz mumkin. Ammo ularni tamoman o‘zingizdek bo‘lishga majburlamang. Sababi hayot oldinga yuradi va kechagi qoidalar bugunga munosib kelmaydi.
Siz misoli farzandingizni oldinga yo‘naltirgan kamonsiz. O‘qning imkon qadar uzoqqa borishi va mo‘ljalsha tegishi uchun kamon mustahkam bo‘lishi kerak.
― Xalil Jubron
Farzand – Yaratganning ota-onaga eng yuksak in’omi. Farzand qalbi esa – Xudoning ota-ona qo‘liga parvarishlash uchun bergan eng katta omonati. Bolangizga vaqt ajrating, ularni Xudoga e’tiqodli, odamlarga ishonchi baland qilib tarbiyalang. Ularning hayotdagi eng ishonchli do‘stiga aylaning. Keksalikda shulardan boshqa amallarning hech biri ish bermaydi.
― Liza Uingeyt
Bolalar ota-onalar tizzasidagi o‘quvchilardir.
― Emili Bavold
Garchi, bolalarimiz uchun bekam-ko‘st kelajakni hozir qila olmasak ham, bolalarimizni kelajak uchun kam-ko‘stsiz qilib tayyorlashimiz mumkin.
― Franklin D. Ruzvelt
Kim aytganini bilmadim-u, inson qalbida zabt etilmagan, his qilinmagan shunday tuyg‘ular bo‘ladiki, bu go‘zal hislarni bizga faqat farzand quvonchi hadya qila oladi.
― Enn Lamott
Ertaga farzandlaringiz yodida bo‘lish uchun, bugun ularning hayotidan va ko‘nglidan joy olinglar.
― Barbara Jonson
Ona bo‘lish – biologik omil emas, onalik to‘laligicha xulq-atvorga taalluqli.
― Robert Heynlayn
Farzandni uzoqqa ketkazmaslikning eng yaxshi yo‘li – oilaviy muhitdagi zaharli havoni ko‘chaga haydab, oilada farovon, dilkash rishtalar, odamga xush yoqadigan iqlimni yaratishdir.
― Doroti Parker
Kattalar tug‘ma aql sohiblari bo‘lmish bolalarning yo‘lini to‘sishni yaxshi ko‘radilar. Kattalarning talab hamda vazifalaridan charchagan bolalar bora-bora hafsalasiz va umidsiz bo‘lib, xushchaqchaq ko‘ngillarini bekitib oladilar, qalblarida borini o‘rtoqlashmay qo‘yadilar. Bolaga bunday munosabatda bo‘lish ularning o‘z ichki olamlariga badarg‘a qilish, demakdir. Natijada ularni u olamdan ortga qaytarish qiyin kechadi.
― Haruki Murakami
Ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bermaydi. Farzandingga odob bergin, chunki sen farzandga odob berish va uni ta’lim-tarbiyali qilishga mas’ulsan. Bu mas’ullik esa farzandning kun kelib senga yaxshilik qilishiga mas’uldir.
― Hadis
Ota-ona tabiatiga xos shunday tushunarsiz holat bor: ular o‘z bolalarini ularni jonlariday asrab-avaylagan ota-onalaridan ko‘proq yaxshi ko‘radilar. Kun kelib farzand bilan bo‘lib, ota-onalarining e’tiborini unutib qo‘yadilar.
Ota-ona farzandini ardoqlashga kirishar ekan, bolasiga mehri shu qadar chuqurlashadiki, oxir-oqibat farzand bu mehrni anglab yetishga ojizlik qilib qoladi. Natijada o‘rtada jarlik paydo bo‘ladi.
Sen ana shundagina ota-onangni senga nisbatan muhabbatini javobsiz qoldirganing va katta xatoga yo‘l qo‘yganingni anglaysan.
― Ursula Negi
Farzandingizga kuchli his-tuyg‘u mahalida o‘z-o‘zini qo‘lga olishni, tuyg‘usini nazorat qilishni, har qanday sharoitda adolatli bo‘lishni o‘rgating. Ana shunda siz kelajakka yaxshi bir insonni tuhfa qilib, jamiyatni jinoyat ta’siridan qutqarib qolgan bo‘lasiz.
― Benjamin Franklin
Yaxshi ota-ona farzandiga baxt mashaqqatli mehnatning mevasi ekanini o‘z sa’y-harakati bilan ko‘rsatadi va sekin-asta farzandini ham o‘z safiga olib, murg‘ak qalbni munosib hayot sari boshlaydi.
― Meg Miker
Masal:
Kelishmovchiliklar va ahillikning yo‘qligi bois bir dehqonning uyida doimo janjal hukmron ekan.
Bir kuni u o‘g‘illarini to‘plab, ularga bir donadan xivich berib, sindirishni buyuribdi. O‘g‘illari buni qiynalmay bajarishibdi. So‘ngra dehqon o‘g‘illaridan sindirilgan xivichlarni olib,bir butun qilib bog‘labdi va uni sindirishni so‘rabdi. Ammo hech bir o‘g‘il buni uddalay olmabdi.
–O‘g‘illarim, debdi dehqon, — oila ham mana shu xivichlarga o‘xshaydi. Agar siz ham axil bo‘lib, jips yashasangiz hech nima sizni mag‘lub qila olmaydi. Aks holda parokandalik sizdan ustun kelib,barchangizni halok qiladi.”
Siz ham farzandlaringizni ahil qilib tarbiyalang.
― Ezop
Barchangizga farzandingiz kamoli va rohatini ko‘rish nasib qilsin!