Har millatda bo‘lgani kabi, yahudiylarning ham farzandlariga nisbatan mehr-muhabbati tuganmasdir. Odatda yahudiylar bola tarbiyasiga eng mas’uliyatli millat sifatida e’tirof etiladilar. Shu sabab bo‘lsa kerak, bu millat jahonga ko‘plab buyuk insonlarni bergan.
"O‘g‘il tarbiyalash katta ish, qiz tarbiyalash esa – sharafli ishdir," deydi yahudiy xalqi. Qolaversa, bu millat farzandi kelajagiga uning jinsidan kelib chiqib qayg‘urmaydi. Qizmi yoki o‘g‘ilmi iloji boricha uni qo‘llab-quvvatlaydi.
Yahudiylar har bir bolaga qandaydir iste’dod berilganiga ishonadilar. Quyida farzand tarbiyalashda bu millatga xos ba’zi qoidalarni ehtiboringizga havola qilamiz.
- Hech qachon bolani aybdor kayfiyatga solmaydilar.
Onalar bolalarini biror aybi uchun jazolashga yoki u aybni bolaning bo‘yniga qo‘yib, uni mulzam qilishga shoshmaydilar. Ular bu vaziyatda "sen ahmoq bola qanday qilib bu ishga qo‘l urding?" deyish o‘rniga "mening aqlli bolam bu kabi xatoni nima sababdan qildi ekan?" qabilida ish tutadilar.
"Mening bolam bekam-ko‘st va biror kamchiligi bo‘lishi ham mumkin emas" degan o‘y-fikr onalar ongida mudom turadi va onalar buning isboti uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qiladilar.
Ayniqsa, onalar "bolani onasining emas, qo‘shnilarning so‘zlariga qarab bil" degan yahudiy maqoliga juda e’tiborli bo‘ladilar. Modomiki, farzandda biror kamchilik ko‘zga tashlansa, ona buni zudlik bilan bartaraf etishga kirishadi.
- Farzandga aqliy erkinlik beradilar.
Zamonaviy yahudiy ota-ona farzand tarbiyasida ikki bir-biriga zid qoidaga amal qiladi: bolaning erkin bo‘lishiga harakat qiladi hamda unga nisbatan qattiqqo‘l munosabat. Bu tarbiyani majoziy ma’noda mustahkam devorli katta va emin-erkin yurish uchun sharoit yaratilgan xonaga qiyoslash mumkin.
Ba’zi yahudiy oilalarining qonun-qoidalariga ko‘ra, ota-ona va farzand o‘rtasida biror muzokara olib borilayotganida gapirish istagida bo‘lgan bola qo‘l ko‘tarib, ota-onasidan izn so‘rashi kerak bo‘ladi.
Bu millat ota-onalari qimmatbaho buyumga zarar yetkazgan yoki kerakli hujjatni yirtib qo‘ygan farzandlariga ta’na toshlarini yog‘dirmaydilar.
Yahudiy ota-onalari farzandlarini tarbiyalashda maxsus qonun-qoidalar ham ishlab chiqmaydilar. Aslida, ularni "zaharli havo"dan himoya qilishga intiladilar.
Qattiqqo‘llikka asoslangan tarbiyaga esa bolada nojoiz xatti-harakat namoyon bo‘la boshlagan paytdan amal qilinadi. Lekin ota yoki onaning qimmatbaho kiyimiga dog‘ tekkizgan farzandni jazolash bu millatga xos emas.
- Har qanday kichik sabab bolani maqtash uchun ayni muddaodir.
Onalar farzandlarini tinmay maqtaydilar, e’tirof etadilar. Bu odat farzand dunyoga kelishi bilan boshlanadi. Hatto bolaning eng kichkina, arzimas ishi, deylik biror so‘z o‘rganishi yoki oq qog‘ozga ilk marotaba aji-buji chiziqlarni tortishi ham maqtov uchun ayni muddao.
Onalar bolasining bu qobiliyatini tez orada barcha yaqinlari, do‘stlari bilan o‘rtoqlashadilar. Va onalar bu ishni bolaning ko‘z o‘ngida amalga oshirishni ma’qul ko‘radilar.
Modomiki, farzandning muvaffaqiyati yuksakroq bo‘lsa, unda bu voqea rasman e’lon qilinadi, oila a’zolari, qarindoshlar tomonidan bola sha’niga maqtovlar yog‘iladi.
Agar biz bolada uning hammaning diqqat va e’tiborida ekanini, uning kichik harakati ham katta e’tibor olib kelishini tushuntira olsak, bola asta-sekin jamiyatda o‘zini qanday tutishi kerakligini anglaydi hamda o‘z-o‘zidan ijobiy kayfiyatdagi shaxsiy fe’l-atvori shakllanadi.
Farzandning bu yutuqlarini ovoza qilish esa uni bu yaxshi ishlarni davom ettirishi uchun tirishishini ta’minlaydi.
- Ota-onada xulq-atvor va o‘zini tutishda yuqori darajadagi mas’uliyat kerak.
Yahudiylarda "otasini bosh og‘riq qilgan bolaga e’tiborsizlik – kelajakda otaning yurak og‘rig‘iga mubtalo bo‘lishiga teng" degan naql bor.
Ushbu millatning tarbiya an’analariga ko‘ra, hatto ota-onaning shoshilinchda aytgan arzimas so‘zi yoki nojo‘ya harakati, farzandga e’tiborsizlik ham farzandning tarbiyasini buzishi mumkin bo‘lgan sababdir. Shu tufayli, yahudiy ota-onalar turli vaziyatda o‘zlarini tutishlari va og‘izlaridan chiqayotgan so‘zlari bilan farzandlariga namuna bo‘ladilar.
Shu sababli bo‘lsa kerak, yahudiylar farzandga nom tanlashda ham juda e’tiborli bo‘lishadi. Boisi, ular farzandning ulg‘ayish jarayonida uning nomi fe’liga ta’sir qilishiga ishonadilar.
- Oiladagi muhabbat va hurmat – ruhiy sog‘lom bola tarbiyalashning omilidir.
Mazkur millatning urf-odatlariga ko‘ra, har qanday oilaning ustuni – ota-ona, ya’ni er va xotindir. Shu bois ham, farzandga uning erta yoshidan boshlab oilada otaning onaga va onaning otaga bo‘lgan munosabatlariga oid bilimlar o‘rgatib boriladi. Bunda ota-ona farzandiga o‘rnak bo‘ladi.
Ruhshunoslarning fikricha, agar farzand ota-onasi o‘rtasidagi muhabbatni his qilsa, ularning er va xotin sifatida bir-birlariga bo‘lgan hurmatlari, g‘amxo‘rligi va sevgisini his qilsa, bu kabi farzandning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, hayotdagi omadi va muvaffaqiyati doimo yuqori bo‘ladi.
Shu bilan birga, ota-onaning o‘zini tutishi – kamolga yetayotgan navniholning o‘sib-unishi uchun misoli buloq manbai. Bu kabi bolalar kelajakda o‘z oilalarida ham xuddi shunday samimiy muhitni yaratishga harakat qiladilar.
Yahudiylar har qanday sharoitda, hatto gadoga aylangan mahalda ham, farzand ota-onasini qadrlashi, keksayib qolgan ota-onaga nisbatan mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lishi kerakligini bolalariga uqtirishdan charchamaydilar.
- Ota-onalik uchun tayyorlanish – qobil farzand tarbiyalashning muhim kaliti.
Yahudiylar farzandlari dunyoga kelguniga qadar farzand tarbiyalashning sir-asrorlari bilan tanishib chiqadilar va buning uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘radilar.
Ba’zi bir yahudiy an’analariga ko‘ra, farzandning millati bevosita onaga ko‘ra belgilanadi. Ya’ni, onaning ishtiroki – farzand tarbiyasida muhim omildir.
Turmushga chiqqan qiz asta-sekin o‘zini oila uchun tayyorlab boradi va endi o‘zi uchun emas, ro‘zg‘or va oila uchun yashashi kerakligini o‘ziga uqtiradi, bunga amal qiladi.
Yahudiylar er va xotin avval boshdanoq munosib farzand tayyorlash maqsadini oldilariga qo‘yishmasa, keyin kech bo‘lishi, imkoniyat qisqarishi mumkinligini ta’kidlashadi.
Aytishadiku, kuch qaysi tomonga yo‘naltirsang, natijani ham shu tomondan olasan.
Qolaversa, qobil farzand tarbiyalash yuzasidan yahudiy donishmandlari tomonidan butun boshli tarbiya tizimi ishlab chiqilgan. An’anaga ko‘ra, turmush qurayotgan har bir yosh undagi bilimlardan boxabar bo‘lishi lozim. Bu kabi bilimlar ilgari diniy maskanlarda o‘rgatilgan bo‘lsa, hozir bu kabi kurslarni butun jahondan topsa bo‘ladi.
Yahudiylarning fikricha, hayotda "rafiqa va ona", "er va ota" degan muhim kasblar bo‘lib, ularni egallash uchun ham o‘qib, izlanish kerak bo‘ladi. Bu esa tarbiyaning bosh kalitidir.
- Farzandni vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga o‘rgatish – tabiiydir.
Yahudiy bolalar danagasalik va ko‘chaga chiqib olib, boshqa bolalar bilan gap sotish, ko‘cha changitish nimaligini bilishmaydi. chunki ular hech qachon bo‘sh o‘tirishmagan. Ota-onalar bolalarning yoshligidanoq band bo‘lishlari uchun harakat qiladilar. Ular matematika va xorijiy tillarni o‘rganishadi, biror musiqa asbobida chalishni mashq qilishadi. Bolalarning doimo band bo‘lishi – yahudiycha tarbiyada tabiiy jihat hisoblanadi.