Mutaxassislarning fikricha, o‘yinchoq nafaqat bolani ovuntirishga, balki jismoniy va ma’naviy kamolotiga, asab faoliyati, tafakkurining shakllanishiga ham xizmat qiladi. Shu bois o‘yinchoqlarning nafisligi, toza mahsulotdan tayyorlanganligi, ma’naviy ta’siriga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.
O‘yinchoqlarni bolaning yoshiga mos tarzda tanlash muhimdir. Bola ulg‘ayib borgani sayin murakkabroq bo‘lgan, aqlni charxlaydigan boshqotirma shaklidagi o‘yinchoqlar tanlanadi. Shifokorlarning fikricha, har bir ota-ona farzandiga o‘yinchoq tanlayotganida uning sifatiga, qanday materialdan tayyorlanganiga, yoshiga mos kelishiga alohida e’tibor qaratishi juda muhim. Chunki tarkibida sog‘liq uchun zararli elementlar mavjud o‘yinchoqlar ham yo‘q emas.
Ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga qaraganda, hozir dunyo bo‘yicha qo‘g‘irchoqlarning yarmidan ko‘prog‘i Xitoyda ishlab chiqariladi. 2008 yilda mahsulotlari tekshiruvdan o‘tkazilgan uch mingta o‘yinchoq ishlab chiqarish korxonasidan olti yuztasining litsenziyasi- olib qo‘yilgan. Chunki mazkur korxonalarda bolalar sog‘lig‘i uchun zararli, sifatsiz o‘yinchoqlar ishlab chiqarilayotgani aniqlangan. Jumladan, "Mattyel" kompaniyasida tayyorlangan ayrim qo‘g‘irchoqlar tarkibidan qo‘rg‘oshin moddasi topilgan.
2008 yilda Rossiyada sotilayotgan 266 ming xil o‘yinchoq tekshirilganida yigirma foizi sifatsizligi va sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan. Ulardan o‘tkir detallar va boshqa zaharli moddalar topilgan. Bunday moddalar asosan o‘yinchoqlar bo‘yalgan ranglardan chiqqan. Bolalarning bunday o‘yinchoqlardan zaharlanish holatlari kuzatilgan. Shu jihatdan mamlakatimizda farzandlarimizni har jihatdan zararsiz o‘yinchoqlar bilan ta’minlashga, kutilmagan ko‘ngilsizliklarni bartaraf etish maqsadida xorijdan keltirilayotgan o‘yinchoqlar sifati va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilmokda. Har xil pirotexnika vositalari — "o‘yinchoqlar"ning mamlakatimizga olib kirilishiga butunlay chek qo‘yilgan. Mamlakatimizga import qilinayotgan o‘yinchoqlar, avvalo, bojxona maskanlarida doimiy faoliyat yurituvchi sanitariya xizmatlari nazoratidan utkazilishi va keiin sotuvga chiqarilishi iste’molchilarni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qilmokda.
Shuningdek kompyuterlashtirilgan o‘yinlar farzandlarimiz uchun bugun yangilik emas. Bunday o‘yinlar ularning bilimi, tafakkuri boyishiga xizmat qilishi tabiiy, albatta. Ammo ba’zi o‘yinlar bolalarning aqliy rivojlanishiga, fikrlashiga, qolaversa, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Ayrim hollarda bolalar hatto kattalarni ham sarosimaga soladigan, shiddatli janglar, vahimali otishmalar bilan kechadigan o‘yinlarni o‘ynashi ham sir emas. Psixologlarning xulosalariga ko‘ra, bunday o‘yin va multfilmlar, qolaversa, qilich, kamon, harbiy qurollar, har xil pirotexnik o‘yinchoqlar bolada qo‘pol xatti-harakatlar, jahldorlik, asabiylik holatlari paydo bo‘lishiga olib keladi. Biroq hamma ham bunday o‘yin va o‘yinchoqlar farzandining qiziqishi va tarbiyasiga qanday ta’sir ko‘rsata-yotganiga e’tibor bermaydi.
Arzimasdek tuyulgan bu kabi holatlar farzandning murg‘ak tasavvuriga singadi va kiyinishi, yurish-turishiga, tarbiyasiga asta-sekin ta’sir ko‘rsata boshlandi. Mard va jasur milliy qahramonlarimiz, bolalarni yaxshilikka, ezgulikka, teran fikrlashga undaydigan qanchadan-qancha ertak va afsonalarimiz bo‘la turib, farzandlarimiz bunday o‘yinlarga berilib ketayotganliklariga e’tiborsiz qarab bo‘lmaydi.
Ayni paytda yurtimizda urf-odat va an’analarimiz, milliy qahramonlarimizning o‘ziga xos fe’l-atvori aks etgan qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarishga, qo‘g‘irchoqsoz xunarmandlar uchun qulay sharoit yaratishga aloxida e’tibor qaratilmokda. Hunarmandlarimiz yaratgan Barchinoy, Xorazm go‘zali, Yetti go‘zal kabi qo‘g‘irchoqlar, avvalo, yuqori sifati, qolaversa, yoshlarimizni milliy urf-odatlarga, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Toshkentlik dizayner Nasiba Ahmedova ana shunday mahoratli usta-hunarmandlardan. Uning ijod namunalari - Alpomish, Kelin, Raqqosa, Mashrab kabi ibratli qahramonlar, xalqimizning boy va betakror dunyosini aks ettiradigan o‘zbekona qo‘g‘irchoqlar bugungi kunda AQSh, Fransiya, Angliya, Rossiya, Ukraina kabi ko‘plab davlatlardagi mashhur san’at muzeylarida saqlanmokda.
— Qo‘g‘irchoqlarning har bir detalida - taqinchog‘i, libosi, yuz ko‘rinishlarida milliylik aks etib turishiga alohida e’tibor qaratamiz, — deydi N. Ahmedova. — Shu bois ularni "kiyintirishda" atlas, adras, beqasam, olacha, parcha, satin singari milliy matolarimizdan keng foydalanishga harakat qilamiz. Ayni paytda zamonaviy ko‘rinishdagi qo‘g‘irchoqlarimizda ham xalqimizning ma’naviy ruhini aks ettirish biz, usta-hunarmandlarning vazifasidir.
Go‘zal SATTOROVA, O‘zA muxbiri ("Hayot")
Manba: Oilam.uz