Tarbiya

Farzandimizni tartibli qilish yo‘lidagi 7 qadam

Ko‘pchilik "bolalar" va "tartibsizlik" so‘zlari o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yadi. Sochilib yotgan o‘yinchoqlar, bilmasdan bosib olishimizga to‘g‘ri keladigan plastmassa konstruktor qismlari, o‘ta muhim suratlar aks ettirilgan qog‘ozchalar, toshchalar, tayoqlar va boshqa buyumlar - bularning barchasi odatdagi bolalar xonasiga xos narsalardir. Bu holatni o‘zgartirish mumkinmi?

tartibsizlik

Mumkin, faqat buning uchun bolaga yordam berish va tegishli qoidalarni belgilab olish kerak bo‘ladi.

  1. Ijobiy yo‘naltirish

"Tezda xonani yig‘ishtir, aks holda hech qanday multfilm ko‘rmaysan!", "Hozir hammasini bir xaltaga solaman-da, tashlab yuboraman"...  Bu kabi ko‘rsatmalar xonani tartibga keltirishga jazo tusini beradi. Hamda shunga xos reaksiyani yuzaga keltiradi: xohlamayman, qilmayman, yo‘q kabi.

Teskari usulni qo‘llab ko‘rish mumkin. "Kel, xonangni yana ham chiroyli qilamiz!", "Hamma narsa joy-joyida tursa, qanday yaxshi-a?", "Kerakli narsani birdaniga topa olsang juda qulay ekan, to‘g‘rimi?". Yana quvnoq musiqani yoqib, xonani yig‘ishtirishdan avval kuch to‘plash uchun maxsus pishiriq yeb olish mumkin.

  1. Farzandingizning fikrini ham hisobga oling

"Bu keraksiz narsani tashlab yubor!", "Shu turish chiroylimi?", "Qanaqa keraksiz narsalarni saqlab yuribsan?" - bu kabi bildirilgan fikrlar xonani tartibga keltirish istagini butunlay so‘ndiradi. Xonaning shinamligi haqida kattalar va bolalarning qarashlari bir-biridan farq qilishi mumkin. Xonaning aynan bolalar xonasi ekanligini hisobga olib, undagi narsalarni joylashtirish bo‘yicha bolaning fikrini ham e’tiborga olish zarur.

Xonani "mehmonlar kelib qolishi uchun" yoki "uyalib qolmaslik uchun" yig‘ishtirib qo‘yishga undash ham noto‘g‘ri hisoblanadi.

  1. Aniq reja

"Barchasini yig‘ishtir" ko‘rsatmasi bola uchun juda umumiydir. Vazifalarning ro‘yxatini tuzish samaraliroqdir. O‘yinchoqlarni yerdan yig‘ib olish, changlarni artib chiqish kabi alohida-alohida topshiriqlar bering. Agar farzandingiz o‘qishni bilsa, ularni yozib qo‘yish ham mumkin. Vazifalar yakunida qahramonni maqtab qo‘yishni unutmang!

  1. Saqlash uchun joy

Agar har bir narsaning aniq joyi bo‘lsa, xonani yig‘ishtirish oson kechadi. Bular konstruktorlar uchun quti, qalamlar uchun quticha, qo‘g‘irchoqlar uchun uycha, yumshoq o‘yinchoqlar uchun shkaf bo‘lishi mumkin. Bular nafaqat tartibli bo‘lishga, balki biror buyumni tezda topishga ham yordam beradi.

taxlash

  1. Qiziqarli topshiriq

Bog‘cha yoshidagi bolalar uchun xona yig‘ishtirishda o‘yin shaklidagi topshiriq ayni muddao hisoblanadi. "Xonani tartibsizlik kuchlari egallab oldi. Qanchalik ko‘p keraksiz buyumlarni topsak, o‘yinchoqlarni qanchalik chiroyli joylashtirsak, uning kuchi kamayib boradi". Kim tezroq changlarni artib chiqadi... Vazifa oxirida eng chaqqon harakat qilganga sovg‘a berish mumkin.

  1. Keraksiz narsalardan qutulish

Bolalar xonasida buyumlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, u yerda tartibni saqlash shunchalik qiyin bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan o‘yinchoqlarni tekshirib turing. Ulardan ba’zilari bilan farzandingiz ulg‘ayganligi uchun o‘ynamay qo‘ygan bo‘lishi yoki ular yaroqsiz holga kelib qolgan bo‘lishi mumkin.

  1. Foydali odatlar

"O‘ynab bo‘ldingmi (o‘qib, rasm chizib) - yig‘ishtirib qo‘y", — oddiy, lekin juda foydali qoida. Bu tarzda ozodalikka rioya qilish, keyin hammasini birdaniga yig‘ishtirishdan osonligini tushuntiring. O‘yinchoqlarni bolaning uyqusi kelib, injiqlik qilishni boshlagan paytda emas, kechki ovqat yoki kechki multfilm tomoshasidan oldin yig‘ib qo‘yish odatini shakllantiring.

Farzandingizga o‘zingiz ham o‘rnak bo‘ling!

Maqolani tayyorlashda "Mama.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.