Tarbiya

Farzandingiz tengdoshlari orasida kimligini bilasizmi? Yetakchi, yulduz yoki kuzatuvchi…(I qism)

Farzandingiz o‘z tengdoshlari orasida qanday o‘rinni egallashidan xabaringiz bormi? Yetakchi, yulduz yoki kuzatuvchi… Balki u “ajratib qo‘yilganlar” safidadir. Maqolada bolalarga o‘z jamoasida munosib o‘rin egallashi uchun qanday yordam berish mumkinligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Yetakchi

Bolalar guruhlarida eng yuqori o‘rinni “yetakchi”lar egallaydi. Qoida bo‘yicha ular o‘g‘il bolalar va qiz bolalarda alohida bo‘ladi. Yetakchilarni doim yaxshi ko‘rishmasa-da, odatda unga bo‘ysunishadi.

Yulduz

Yulduzlarni jamoada hamma yaxshi ko‘radi. Ular “yetakchilar” bilan raqobat qilishga urinmaydi va barcha bilan yaxshi munosabatda bo‘ladi.

Jamoada ko‘pchilikni “o‘rtachalar” tashkil qiladi. Bunday bolalar o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatishdan qo‘rqadi va “yetakchi”larning fikrini ma’qullaydi.

Har qanday jamoada 1—2 nafar “kuzatuvchi” topiladi. Ular do‘st tanlashda injiq bo‘ladi. Agar ularning o‘zi boshqa bolalar bilan birga o‘ynashni istasa, bolalar ularni o‘yinga qo‘shadi.

Hammadan ajralib turuvchi “oq qarg‘alar”ga esa ancha qiyin bo‘ladi. Bunday bolalar odatda qiziqishlari noodatiy bo‘lgan iste’dodli bolalar bo‘lib, ular ko‘pincha kulguga qoladi.

Quvg‘in qilish bu “rad etilgan”larga nisbatan qo‘llaniladigan usuldir. Bunday bolalar barchaga talpinadi, biroq hech kim u bilan o‘ynashni istamaydi.

Bolalarning jamoadagi o‘rni turli yoshda turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.

bolalar2

3 yoshdan 6 yoshgacha

Kichkina “yetakchi” hech kimga tinchlik bermaydi. Uyda buvisini qo‘shiq aytishga majburlagan bolakay, bolalar bog‘chasida kim nima o‘ynashini hal qiladi. Bunday “yetakchi”ning ota-onasi vaqti kelib uning o‘rnini boshqa bola egallashi mumkinligiga farzandini tayyorlashi kerak. Shuningdek, bolani boshqalarning qiziqishlarini hurmat qilishga o‘rgatish zarur.

“Yulduzlar” esa eng qiziqarli o‘yinchoqlarga ega va ularni qizg‘anmaydigan bolalardir. Unga boshqa bolalar uning o‘yinchog‘ini olishdan avval ruxsat so‘rashi lozimligini tushuntirish kerak. Bola do‘stlikni “sotib olishga” urinmasligi va ba’zan kimgadir yo‘q deyishdan qo‘rqmasligi zarur.

“Kuzatuvchilar” xotirjam bolalar bo‘lib, kattalar bilan muloqotni afzal ko‘radi. Bunday bolalarni umumiy o‘yinlar charchatishi mumkinligi uchun ularda qatnashishga majburlash yaramaydi. Yaxshisi uning kimga qiziqayotganligini bilib, o‘sha bola bilan do‘stlashishiga yordamlashish kerak.

“Oq qarg‘alar” esa odatda barcha uchun qiziqarli narsalarga befarq bo‘ladi. Uning saqich qog‘ozlari o‘rniga marka to‘plashi boshqa bolalarning kulgusiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq uning markalari ichiga saqich yopishtirgichlarini qo‘shish orqali uni tengdoshlari safiga qo‘shish mumkin.

“Ajratib qo‘yilgan” bolalar esa odatda yig‘loqi, chaqimchi, qizg‘anchiq va urushqoq bolalar bo‘ladi. Agar farzandingizdan boshqa bolalar o‘zini olib qochayotgan bo‘lsa, unga o‘zini boshqacha tutish orqali tengdoshlari bilan yaqinlashish mumkinligini tushuntirish lozim.

Davomi: Farzandingiz tengdoshlari orasida kimligini bilasizmi? Yetakchi, yulduz yoki kuzatuvchi...(II qism)

Maqolani tayyorlashda “Vospitay!” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.