Bolalarga boshqa kishilarning aldoviga uchmaslik, begona mashinaga o‘tirmaslik, xavfli vaziyatga tushib qolganda o‘zini qanday tutishi lozimligi, eng muhimi ota-ona nazoratidan tashqarida u bilan nima hodisalar yuz berayotganligini ochiq so‘zlab berishni o‘rgatish har birimiz uchun muhim vazifa hisoblanadi.
Psixologlar kamida 2000—3000 nafar bolalar o‘rtasida ular jinoyatchini qanday tasavvur qilishi va xavfli vaziyatda qanday yo‘l tutish lozimligi yuzasidan so‘rov o‘tkazdi.
Quyida aniq statistikaga asoslangan xulosalarni keltirib o‘tamiz:
7—9 yoshdagi 10 nafar boladan 9 nafari ota-onalarining telefon raqamini yoddan bilmaydi. O‘ylab ko‘ring, farzandingiz mobil telefonsiz ko‘chada qolib ketsa, nima yuz berishi mumkin?
Barcha yoshdagi 20 nafar boladan 19 nafari xushmuomala xolani yaqin do‘kongacha kuzatib qo‘yishi, yoshi kattaroq amakiga mushugini mashinasigacha olib borib berishi yoki sumkasini ko‘tarishga yordam berishi mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, boshlang‘ich maktabning 10 nafar o‘quvchisidan 10 nafari ham qirq yoshlar atrofidagi odamlarni yoshi katta odamlar safiga qo‘shadi. "Yoshi kattalar"ga esa yordam berish kerak deb hisoblaydi.
10—14 yoshli bolalarning yarmiga yaqini ko‘chada jinoyatchini qiyinchiliksiz taniy olishiga ishonadi. Bunda ular jinoyatchi deganda qora kiyimdagi, qo‘rqinchliroq, g‘alati qaraydigan, ayyorlik bilan notabiiy jilmayib turgan, konfet beraman deb aldaydigan, uysiz odam yoki jinoyatchiga o‘xshab kiyingan kishilarni tushunadi.
Bolalarning kamida yarmi xavf tug‘ilgan vaziyatda podezd yoki yashinish mumkin bo‘lgan boshqa biror joyga qochishini ma’lum qilgan.
Barcha bolalar "tanish katta kishilarga", jumladan, qo‘shnilar, do‘stlarining ota-onasi, umuman, avval ham ko‘rgan odamlarning barchasiga ishonsa bo‘ladi deb hisoblaydi.
20 nafar boladan 19 nafari ularni ismi bilan chaqirgan har qanday odamning ortidan borishga tayyor va "Yordam bering! Men bu odamni tanimayman!" deb baland ovozda yordamga chaqirishdan uyaladi.
Bu unchalik ham quvnoq bo‘lmagan statistikaning faqat yarmi xolos.
Haqiqiy jinoyatchi — umuman shubha uyg‘otmaydi. Aksariyat hollarda u o‘tkinchilar orasidan eng shubha uyg‘otmaydigani bo‘lib chiqadi. Bu juda xushmuomala, yaxshi kiyingan odam, ehtimol ixcham qariya yoki yoqimtoy ayol bo‘lishi mumkin.
Bunday statistik ma’lumotlar bilan farzandimiz xavfli vaziyatlarda o‘zini himoya qila olishi yoki bunday vaziyatdan jabrlanmasdan chiqib keta olishiga ishona olamizmi?
Maqolaning II qismida farzandingizga o‘rgatishingiz lozim bo‘lgan xavfsizlikning oltin qoidalari bilan tanishishingiz mumkin.