Bilasizmi?

Farzandlikka olish uchun qanday hujjatlar kerak?

Savol: Bizning farzandimiz yo‘q. Turmush o‘rtog‘im bilan kelishib, farzandlikka bola olishga qaror qildik. Qanday kishilar bola olish huquqiga ega va buning uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasiga ko‘ra, farzandlikka olishga faqat voyaga etmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab yo‘l qo‘yiladi.

Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha alohida ish yuritish tartibida, farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yo‘l qo‘yilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.

Farzandlikka olishda quyidagi shaxslar ustunlik huquqiga ega bo‘ladilar:

  • turar joyidan qat’iy nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
  • farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
  • aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
  • o‘gay ota va o‘gay ona;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.

O‘n yoshga to‘lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12 apreldagi 171-son qaroriga 3-ilova sifatida qabul qilingan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida”Nizomga ko‘ra, bolani (bolalarni) farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar o‘z yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi iltimos bildirilgan arizani beradilar.

Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

  • nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo‘lsa);
  • oila a’zolari ko‘rsatilgan holda yashash joyidan ma’lumotnoma;
  • ish joyidan ish haqi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
  • ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
  • farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy- maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining ma’lumotnomalari;
  • sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq bo‘lgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.

Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsatiladi.

Vasiylik va homiylik organi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida oilaning turmush sharoitlarini, bolalarni tarbiyaga olishni istaganlarning moddiy ta’minlanganlik holatini tekshiradi, tekshirish dalolatnomasini tuzadi va tekshirish dalolatnomasi asosida ularni hisobga qo‘yadi. Hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza beruvchilar e’tiboriga qaror qabul qilingan kunidan boshlab 5 kun muddatda yetkaziladi. Hisobga qo‘yish rad etilgan taqdirda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hisobda turgan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishgan holda vasiylik va homiylik organlarida hisobda turgan va ota-onalar qarovisiz qolgan, shu jumladan tarbiyalash va davolash muassasalaridagi, shuningdek, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi voyaga yetmagan bolalarning dastlabki tanlab olinishini amalga oshiradi.

O‘zaro qarindosh bo‘lgan bolalar, qoidaga ko‘ra, bitta oilaga beriladi, tibbiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yoki boshqa sabablarga ko‘ra ular birga tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan hollar bundan mustasno.