Kutubxona

Fidoyi qizaloq

Mohira maktabdan kech qaytdi. Aslida-ku darslar erta tugagandi. Yo‘l-yo‘lakay dugonasi Mehribonnikiga ham kirib o‘tdi-da. Mehribon anchadan beri kasal. Negadir tuzalib ketmayapti. Maktabga ham kelmay qo‘ydi. O‘zi ham tanib bo‘lmas  darajada ozib-to‘zib ketibdi. Beliga tushadigan qop-qora, qalin sochlarini ro‘mol tagiga bekitgani-bekitgan. Bugun ham darvozani Mehribonning buvisi ochdi. — Voy, qizginamning dugonasi kelibdi-ku. Xabarchimdan o‘rgilay, kelaqol, oppog‘im, — dedi u Mohirani ichkariga taklif qilar ekan. Bahor kelib, kunlar isib ketganiga ancha bo‘ldi. Mehribonning uyi atrofida turli chechaklar ochilib yotibdi. Hidi boshingni aylantiradi. Ammo Mehribon hali ham hovliga chiqmabdi. Kasali og‘irmikan-a? Mohira cho‘chib tushdi. Xuddi o‘rtog‘idan ayrilib qoladigandek  u yotgan xona tomonga yugurdi. — Mehribon, Mehribon. — Kelaver, — ichkaridan zaifgina ovoz eshitildi. Mohira xonaga kirdi-yu, angrayib qoldi. Mehribonning qop-qora, qalin sochlari o‘rnida tap-taqir edi. — Mehribon, nega sochlaringni oldirding? — deb yubordi Mohira. Mehribonning lablari, uzun-uzun kipriklari titrab ketdi. So‘ng yig‘lab yubordi. Mohira nima qilishini bilmay qoldi. — Sochlarini oldirgani yo‘q. Kasallik to‘kib yubordi, — dedi choynak ko‘tarib kirgan Mehribonning buvisi. Shunaqasiyam bo‘larkanmi? O‘yladi Mohira. Ha, bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili iti Olapar ham qattiq kasal bo‘lib qolgandi. Tuzalayotganida hamma tuklari to‘kilib ketgan. Mohira xursand bo‘lib ketdi. Endi Mehribon ham tuzalibdi-da. — Sen xafa bo‘lma, — dedi u dugonasiga. Keyingi haftadan maktabga bor. Uyalma. Axir men yoningdaman-ku. — Hamma ustimdan kulsa-chi? Qo‘rqib ketyapman, — yig‘lamsiradi Mehribon. — Qo‘rqma. Qani, kulib ko‘rishsin-chi.

* * * Mohira kiyimlarini almashtirib sabrsizlik bilan ota-onasining ishdan qaytishini kuta boshladi. Kechki ovqat paytida u har doimgi joyida emas, dadasining yonida o‘tirdi. Dadasi bilan keyinroq gaplashmoqchi edi-yu, ichi g‘imirlab ketaverdi. — Dadajon, — dedi qizcha shivirlab. — Ovqatimni oxirigacha yeb qo‘ysam, bir iltimosimni bajarasizmi? — Ha, albatta, qizim, — dedi dadasi o‘ylab ham o‘tirmay. — Va’da berasiz-a? — Va’da beraman, — dedi Akrom aka. Mohira shosha-pisha ovqat yeyishga tutindi. U har doimgi odatiga teskari ovqatni bir qoshiq ham qoldirmasdan yedi. Keyin esa dadasidan: — Endi iltimosimni aytaveraymi? — deb so‘radi. — Ayt, qizim. Qani-qani? — Sochimni oldirib kelaylik. Mohiraning ota-onasi, akasi hangu mang bo‘lib qolishdi. Axir ular Mohiradan bunday gapni kutishmagandi-da. Hozir kitobmi, shokoladmi yoki biror qo‘g‘irchoqmi so‘raydi deb o‘ylashgandi. — Nega qizalog‘im? Soching yoqmay qoldimi? Unda kestira qolaylik. Oldirish shartmi? — dedi oyisi. — Yo‘q, oyijon. Oldirmasam bo‘lmaydi, — dedi Mohira. Ota-onasi rozi bo‘lmagach, yig‘lashga tushdi. — Axir va’da berdinggiz-ku! — dedi qizcha dadasiga. Mohiraning dadasi noiloj qizini  sartaroshxonaga olib chiqdi. Essiz, shunday soch! — dedi Akrom  aka yer bilan bitta bo‘lib yotgan sochga qarab. Ertasiga Mohira Mehribonlarnikiga yugurdi. Darvozani taqillatmasdan shoshib kirdi-yu, Mehribonni chaqirdi. — Ketdik, maktabga, — dedi u. — Endi ustingdan hech kim kulmaydi. Mohira shunday deb boshidan qalpog‘ini oldi. Mehribon angrayib qoldi. — Soch... soching qani? — Yo‘q. Endi ikkilamiz bir xilmiz. Yuraqol. Mehribonning rangpar yuzlariga qizil yugurgandek bo‘ldi. U tezda kiyinib chiqdi. Chiroyli qalpoqni ham unutmadi. Uning buvisi esa Mohiraning fidoyiligidan ta’sirlanib ko‘zida yosh bilan qizchalarning ortidan qarab qoldi.

Saida IBODINOVA