Kutubxona

Gadjetlar va stol o‘yinlari. Qay birini tanlaymiz?

Ijtimoiy tarmoqlar va axborot texnologiyalari asrida deyarli har bir oilada gadjetlar bor va zamonaviy odamni ularsiz tasavvur qilish qiyin. Biroq stol o‘yinlari oila a’zolarining bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish vositasi sifatida bemalol gadjetlarning o‘rnini bosa oladi. Bolalar uchun bunday o‘yinlar bir qator ijobiy xususiyatlarga ega.

Xo‘sh, gadjetlarning foydali jihatlari nimada?

Ular bizning hayotimizni yengillashtiradi va soniyalar ichida axborot olish imkoniyatini beradi. Qolaversa, bolalar texnikani kattalarga qaraganda juda tez, deyarli yo‘rgakdan o‘zlashtirib oladi. Qulaylikdan tashqari, u zamonaviy va hammabopdir.

Agar undagi ijtimoiy tarmoqlar oqimini saralash va axborotga aqlli yondashuvni o‘rgansa, ba’zi mobil dasturlar bolalarni hatto savodga, matematika va chizishga ham o‘rgatishi mumkin. Bilimni oshirish uchun xizmat qiluvchi multfilmlar bolalarning atrofimizdagi olam haqida yangi bilimlar olishiga yordam beradi.

gadjet

Biroq gadjetlarning salbiy oqibatlari ham mavjud.

Gadjetlardan juda erta va cheklanmagan miqdorda foydalanish albatta salbiy oqibatlarga olib keladi. Gadjet - smartfon yoki planshet bo‘sh vaqtni maroqli o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanganda, bolaning rivojlanishi faqat mayda motorika va ko‘rish taassurotlari bilan cheklanadi. Eng muhimi hissiy qabul qilish bilan bog‘liq boshqa sohalarga qiziqish yo‘qoladi.

Nima qilish kerak?

Ko‘pchilik psixologlar va pediatrlar ota-onalarga bolalarni harakat faolligi va jonli muloqot bilan ta’minlashni tavsiya etadi. Bola faqat telefon yoki kompyuter bilan o‘ynamasligi zarur. U an’anaviy o‘yinlarni ham bilishi kerak, chunki kishining to‘laqonli rivojlanishi odamlar va narsalar bilan aloqa o‘rnatish orqali va faqat real hayotda yuz beradi.

Albatta gadjetlardan foydalanishni butunlay cheklab qo‘yishga zarurat yo‘q. Ular ba’zan maktab darslarini tayyorlashda juda qo‘l keladi. Zarur material va ma’lumotlarni internetdan osongina topish mumkin. Muhimi berilib ketmaslik! Bola planshet, smartfon yoki kompyuter bilan qancha vaqtini o‘tkazayotganligini kuzatib borish lozim.

Shuni yodda tutingki, agar ota yoki onaning o‘zi butun bo‘sh vaqtini gadjet bilan yoki ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazsa, bola bu kabi xulq-atvorni normal hisoblay boshlaydi.

Bolani gadjetlardan qanday chalg‘itish mumkin?

Eng samarali usullardan biri bu barcha oila a’zolari bilan o‘ynaladigan stol o‘yinlaridir. Vaqtni bunday o‘tkazish usullari eramizdan avvalgi asrlardayoq yuzaga kelgan va hozirga qadar ommabop hisoblanadi.

Stol o‘yinlarini hamma joyga olib borish mumkin, har qanday sharoitda va deyarli cheklanmagan o‘yinchilar soni bilan o‘ynash mumkin. Bunday o‘yinlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ham talab etilmaydi, barcha zarur narsalar o‘yin qutisining ichida mavjud bo‘ladi. Aynan shuning uchun ular ko‘plab mamlakatlarda bo‘sh vaqtni oila davrasida o‘tkazishning asosiy ko‘rinishi hisoblanadi.

Stol o‘yinlarining qanday foydali jihatlari bor?

O‘yin jarayonida avlodlar o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi, qarindoshlik aloqalari va oiladagi o‘zaro munosabatlar mustahkamlanadi. Bolalar ota-onalari bilan birga o‘ynay turib, o‘zlarini ular bilan bir xil maqomda his qiladi, ota-onalar uchun esa bu ishdan keyin dam olish uchun ajoyib imkoniyatdir.

birga o‘ynash

Stol o‘yinlari bolalarni o‘z harakatlari va qarorlari uchun mas’uliyatni his qilish, mag‘lubiyatlarni ham tan olish va boshqalarning muvaffaqiyati uchun ham xursand bo‘lishga o‘rgatadi. Shuningdek, ular yordamida bolalar o‘zini va tengdoshlarini yaxshi tushunishni o‘rganadi, aqliy va ruhiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi.

Deyarli barcha stol o‘yinlari hissiy va ijtimoiy intellektni rivojlantirish mexanizmiga ega bo‘lib, bolaning xayolot olami, tasavvurlari, ziyrakligi, mustaqilligi va fikr yuritish jarayonini rivojlantirishga yordam beradi. Stol o‘yinlari yordamida bolalarning xotirasi mustahkamlanadi, ular o‘z harakatlarini tahlil qilishni o‘rganadi.

O‘yin tufayli bolalar real hayotda asqotadigan turli hissiyotlarni boshdan kechirish bo‘yicha bebaho tajribaga ega bo‘ladi.

Bolalar tez ulg‘ayadi va barcha ma’lumotlarni o‘ziga qabul qilib oladi. Shuning uchun ularning kelajagi bugun biz ular uchun qanday o‘yin va o‘yinchoqlarni tanlashimizga chambarchas bog‘liq.

Farzandingiz uchun qay biri yaxshiroq - stol o‘yinlarimi yoki gadjetlar, buni o‘zingiz hal qiling.

Maqolani tayyorlashda "Parents.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.