Kutubxona

Hech kim haqida hech narsa

Dadamga aytib qo‘ymang...

 Ular juda baxtli oila edi. Ota, ona va uch yoshli shiringina qizaloqdan iborat bu oila juda baxtli hayot kechirar edi. Lekin taqdir hukmi bu baxtni ularga ko‘p ko‘rdi – uzoq davom etgan kasallik sababli ona uch yoshli qizi hamda sevimli yorini tashlab bu dunyoni tark etdi. Turmush o‘rtog‘ining o‘limidan chuqur qayg‘uga botgan ota qizalog‘iga onasining o‘limini qanday tushuntirishni bilmasdi. Buni ustiga go‘dak har kuni otasidan "oyim qayerga ketdilar, qachon keladilar", deb so‘rayverardi.
– Oying ishga ketdi, qizim. Ishxonasidan uzoq muddatli safarga chaqirishgan, Xudo xohlasa tez orada kirib keladi, - deya qizini ovutib qo‘yardi. Qizaloq bu savolni tez-tez berar va deyarli bir xil javob eshitardi.
Shunday qilib qizi olti yoshga chiqqan yili ota bir mehribon, oqko‘ngil ayol bilan tanishadi va ular turmush qurishga ahd qilishadi. Bir kuni otasi qizini yoniga chaqirib, asta gap boshlaydi:
– Qizim, oying qaytib keladigan bo‘ldi. Sen uning qiyofasini unutib qo‘yganing yo‘qmi?
Qizaloq biroz o‘ylanib turib, "yo‘q"  ma’nosida bosh  qimirlatadi. Huddi shu lahzada eshik ochilib, ostonada haligi ayol paydo bo‘ladi. Quchog‘ini keng ochib, qizning ismini aytib chaqiradi:
– Qizalog‘im, men seni oyingman, taniyapsanmi?
Qizaloq otasiga hayron bo‘lib tikiladi.
- Qizim, oyingni tanimayapsanmi? Axir, u sening onang! Aytgandim-ku, ishga ketgan, bir kun qaytib keladi, deb. Ana qaytib keldi. Endi tez borib, "oyi" deb quchoqlab qo‘ygin-chi, bo‘laqol tez! - deb ota qizini ko‘zlariga tikildi.
Qizi indamay ayolning quchog‘iga borib, "oyi" deb qo‘ydi. Ko‘ngli to‘lgan ota qizini yoniga borib, peshonasidan asta o‘pdi va "Hozir kelaman, sen  oying bilan gaplashib o‘tir qizim", deya tashqariga yo‘l oldi. Otasi chiqib ketgach qiz birdan yig‘lab yubordi va ko‘zda yosh bilan:
- Siz mening oyim emassiz! - dedi to‘satdan. - Mening oyim o‘lgan!
Tong qolgan ayol hayratdan ne deyarini bilmay turardi.
- Buni men bobom va buvimlarnikiga borganimda ularning suhbatlaridan bilib qolganman. Buni faqat men, bobom va buvim bilamiz  xolos. Dadam bundan bexabar. U haligacha oyimni ishga ketgan deb o‘ylaydi. Bu gapni dadam bilmasin, u bilsa so‘zsiz azoblanib yig‘laydi. Sizni doim oyi deb chaqiraman. Faqat bu gaplarni dadamga aytib qo‘ymang. Dadam bilsa, chidolmay yig‘laydi. -deya qizaloq yig‘lab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tutib turgan "yangi oyisi"ga yolvorardi.
Bu payt esa eshik ortida turgan otaning ko‘z yoshlari ko‘l  bo‘lgan edi...
hqdefault
P.S  Bu hikoyaning muallifi noma’lum. Uni qozoq saytlaridan birida o‘qib qolib tarjimasiga urinib ko‘rdim.