Homiladorlik

Homilador ayollar uchun eng foydali oziq-ovqatlar

Bo‘lajak onalar har doim qanday oziq-ovqatlar iste’mol qilayotgani to‘g‘risida o‘ylashi kerak, chunki ayollar homiladorlik davrida oziq-ovqatlarning nafaqat ta’mini, balki uning bolaga yetkazishi mumkin bo‘lgan foydasi va zararini ham hisobga olishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik ayollarda «Homilador ayollar uchun qanday oziq-ovqatlar eng foydali?» degan savol paydo bo‘ladi.

Sizga homiladorlik davrida oziq-ovqatlar tanlashni biroz bo‘lsa-da yengillashtirish maqsadida biz bo‘lajak onalar uchun eng foydali bo‘lgan oziq-ovqatlar ro‘yxatini tuzdik.

Sabzavot va mevalar

Sabzi: homiladorlik paytida eng foydali sabzavot.  Sabzi me’da-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilaydi. Uning tarkibida katta miqdorda karotin, Ye, C vitaminlari, B, K va PP guruhiga mansub vitaminlar mavjud. Bu foydali moddalar bolaning a’zolari shakllanishiga yordam beradi. Bu sabzavot me’da yarasi, me’da osti bezi muammolari va me’da-ichak yo‘llari yallig‘lanishlari bo‘lgan ayollarga tavsiya qilinmaydi.

Shirin bulg‘or qalampiri: shifobaxsh xususiyatlarga ega, shilliq qavatlar holatini yaxshilashga yordam beradi va tomirlarni mustahkamlaydi. Qalampir tarkibidagi foydali moddalar homilador ayolning suyaklarini mustahkamlaydi va bolaning suyaklari shakllanishiga yordam beradi. Bu sabzavot tarkibidagi C, E, PP va P vitaminlari teri holatini yaxshilaydi. Efir yog‘lari, oqsil va beta-karotin esa immunitetni oshiradi.

Ismaloq: bu sabzavot homilador ayollarda bola tushish xavfini kamaytirishda, homiladorlik toksikozida va kamqonlikning oldini olishda yordam beruvchi foli kislotasi (A, B9 va E vitaminlari)ga juda boy.

Pomidor: juda to‘yimli va kaloriyasi past bo‘lgan bu sabzavot tarkibida hujayralarni erkin radikallardan himoya qilishda yordam beruvchi va noyob hisoblanuvchi likopin moddasi mavjud.

Banan: bu meva tarkibida kraxmallar soni ko‘pligi va kaloriyasi baland bo‘lishiga qaramasdan shifokorlar undan voz kechishni tavsiya qilishmaydi. Banan tarkibida homila uchun eng foydali elementlar mavjud, bular — rux va kaliy.

Olma: bu meva me’da-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilashga yordam beradi, me’da suyuqligi ajralishini ko‘paytiradi, ko‘ngil aynishini yo‘qotadi. Olmada homila rivojlanishiga yordam beruvchi ko‘plab temir, marganets, magniy, fosfor va kaliy moddalari bor.

Yormalar

Suli: undagi ko‘p miqdorda vitaminlar va minerallar homiladorlikning yaxshi o‘tishini ta’minlaydi. Murakkab uglevodlar modda almashishini tezlashtiradi.

Jigarrang guruch: guruchning bu turi organizmda oq guruchga qaraganda uzoqroq hazm bo‘ladi, shuning uchun homiladorlar uzoq vaqtgacha to‘qlik hissini saqlab qolishadi.

Oqsilli oziq-ovqat mahsulotlari

Tabiiy yogurt: uning tarkibida suyaklar va mushaklar, shuningdek boshqa muhim a’zolar shakllanishi uchun zarur bo‘lgan katta miqdorda kalsiy va oqsillar mavjud. Yogurtdagi foydali bakteriyalar me’da-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilaydi va foydali moddalarning homilaga yetib borishini tezlashtiradi.

Qattiq va zararsizlantirilgan pishloq: ko‘plab oqsillar va proteinlardan tashkil topgan bo‘lsa ham bunday pishloqlarning kaloriyasi pastdir.

Dengiz balig‘i: bunday baliqlarning losos, sardina, skumbriya, anchous, forel, seld kabi turlarida bolaning bosh miyasi rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan yog‘li Omega-3 kislota, oqsil va fosfor juda ko‘p.

Tuxum: tarkibida kaloriyasi past bo‘lgan katta miqdorda proteinlar, bolaning yurak-tomir tizimi rivojlanishiga yordam beruvchi B guruh vitaminiga mansub rux va selen moddalari mavjud.

Go‘sht (mol go‘shti, kurka go‘shti, tovuq to‘shi): ular tarkibida ko‘plab temir, foydali hayvon proteinlari, rux, B guruh vitaminlari bor.

Manba: Daryo.uz