Salomatlik

"Homilador bo‘lolmayapman, nima qilay?..."

— Turmush qurganimga 2 yilu 7 oy bo‘ldi. Barcha tahlillarni topshirdik, tekshiruvlardan o‘tdik. Shifokorlarning xulosasi: biz soppa-sog‘miz. Lekin shu paytgacha homilador bo‘lolmayapman. Hatto bachadon ichi inseminatsiyasini ham qildirdik. Afsus, natija bermadi. Yana nimalar qilishni tavsiya etasiz?

Sevara, Toshkent shahri

— Hozirgi kunda bepushtlikning 40 ga yaqin sababi mavjud. Barcha turini aniqlash sanoqli klinikalar, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan amalga oshiriladi. Agar barcha tekshiruvlar o‘tkazilgan, tibbiyotga ma’lum bo‘lgan holatlar aniqlanmagan bo‘lsa, bu bepushtlikning noaniq turi hisoblanadi. Lekin qaysi tekshiruvlardan o‘tganingizni yana bir bor ko‘zdan kechiring. Masalan, ba’zilar er-xotinning o‘zaro moslik tekshiruvini unutib qoldiradi. Bu esa muhim tekshiruv. Rostdan ham barcha zarur tahlillarni topshirgan bo‘lsangiz, endi homiladorlikka ruhan tayyorgarlik ko‘ring. Asabiylashaverish ham muammoning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lishini unutmang.

Manba: Darakchi.uz