Samarqandda nashr etiladigan «Zarafshon» gazetasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga «antiqa» ismlar qo‘yish urfga kirgani haqida maqola e’lon qilindi.
Yaqinda bir tanishimizning kelini qiz farzandli bo‘libdi, deyiladi maqolada. Chaqaloqqa uzoq umr tilarkanmiz, uning ismi ko‘pchilik qatori mening ham hayratimga sabab bo‘ldi. «Ishanioy!» deb erkalatdi jajji go‘dakni onasi bag‘riga bosib. Hind serialining qahramoniga havas qilibdi bu oila.
– O‘zimizda ham chiroyli ismlar ko‘p-ku axir? – ko‘nglimdagilarni yashirolmadim.
– Kelinim homilador payti shunaqa niyat qilgan ekan, ra’yini qaytarmaylik, dedik-da, – javob berdi onaxon.
Albatta, ism qo‘yishdan tortib oiladagi juda ko‘p masalalar shaxsiy ish. Ammo keyingi paytlarda antiqa ism qo‘yishda yosh oilalar bahsga kirishib ketganday, nazarimda. Amal, Imran, Amalya, Safra – qanchalik ko‘p jaranglasa, shuncha yaxshi.
Bir kuni taksida o‘tirgan yosh ona qizalog‘ini «Jassika, jim o‘tir!» deya koyidi.
– Jassika, bu qizaloqning ismi Jassikami? Uning ma’nosi nima? – ajablanib so‘radim.
– Jassika – mashhur Hollivud yulduzi-ku, – deya mening bilimsizligimdan ozorlanganday javob berdi ona.
Darvoqe, bundan ancha yillar avval bir qo‘shnimiz o‘g‘lining ismini koreyslarning serialidan ilhomlanib, «Jumong» deb qo‘ygandi. Yaqinda uni uchratib qoldim. Jumongbek yaxshimi, deb so‘raganimda «Bolalar mazax qilavergach, ismini almashtirishimizga to‘g‘ri keldi», deb qoldi.
Jumongning onasiga xavotir aralash qarab turdim. Ishqilib, ota-ona bu safar boshqa serialdan ta’sirlanmabdimikan? Yo‘q, hartugul ular farzandiga o‘zbekona ismni munosib ko‘rishibdi.
Qiziq, jajji qizaloq Ishani keyinchalik ismini tengdoshlariga nima deb izohlar ekan? Axir, ushbu serial ham bir kun unut bo‘ladi-ku.