Salomatlik

Isitmani dori-darmonlarsiz tushirish usullari

Bolaning yuqori haroratini dori-darmonlarsiz tushirish mumkinmi? Sizga haroratni maxsus vositalarsiz pasaytirishning bir necha usullari to‘g‘risida aytmoqchimiz.

Ho‘llab artish

Tana haroratini bir necha darajaga pasaytirishning eng oddiy usuli ho‘llab artishdir. Bolani yechintiring va badanini xona harorati (23–25 °C) dagi suvga botirilgan sochiqcha yordamida arting. Salfetka unchalik ho‘l ham, haddan tashqari quruq ham bo‘lmasligi: ho‘llab artilgandan keyin teri ustida nam tomchilar qolishi kerak.

Nam paypoqchalar

Paypoqchalarni sovuq suvda ho‘llang, ularni yaxshilab siqing va bolaning oyoqlariga kiydiring. Uning ustidan esa yana bir juft quruq paypoq kiydiring. 15-20 daqiqa o‘tib paypoqlar isigandan keyin buni yana takrorlashingiz mumkin.

Muz

Muz – baland harorat bilan kurashishda ajoyib yordamchi hisoblanadi, asosiysi – undan aql bilan foydalanish.

Buning uchun mayda bo‘lakchalarga ajratilgan muzni polietilen paketlarga joylashtiring, sochiqqa o‘rang va yirik tomirlar o‘tgan joylarga: qo‘ltiq ostiga, tizza tagiga, chov sohasi burmalariga 5 daqiqa qo‘yib turing.

Agar zarur bo‘lsa buni 15 daqiqadan keyin yana takrorlasangiz bo‘ladi.

Isitmani pasaytiruvchi tabiiy vositalar

Ko‘pchilik meva va o‘simliklar tarkibida haroratni pasaytirish xususiyatiga ega bo‘lgan moddalar mavjud. Bu moddalardan biri – ko‘plab isitmani tushiruvchi dorilarning tarkibiy qismi bo‘lgan salitsil kislota.

Olxo‘ri va sitruslilar, shuningdek smorodina, gilos va qulupnay tarkibi unga boy bo‘lib, bu mevalarni harorat ko‘tarilganda iste’mol qilish juda foydali.

Bundan tashqari, jo‘ka (lipa) guli, malina, qayin o‘simtasi, jambillar ter haydash xususiyatiga egadirlar. O‘simliklar odatdagi choyga qo‘shib damlanadi.

Yana bir foydali tabiiy vosita hisoblanuvchi asal bir vaqtning o‘zida ham isitmani tushirish va ham ter haydash xossalariga ega.

Shuningdek u bakteriyalar va viruslar bilan samarali ravishda kurashadi va immunitetni mustahkamlaydi.

Manba: Daryo.uz