Salomatlik

Kichkintoy bosh miya ichki bosimi bilan tug‘ilsa...

«Bola bo‘lgandan keyin yig‘laydi-da! Kecha-kunduzni almashtirib qo‘ygan, chillasidan keyin hammasi joyiga tushadi» bunday gaplar tez-tez quloqqa chalinishi rost. Lekin bu xato fikr! Sog‘lom bola hech qachon injiqlik qilmaydi va uyqusi buzilmaydi. Bordi-yu, bunday holatlar tez-tez kuzatilsa, bilingki go‘dagingiz sog‘ligida biror o‘zgarish bor. Buning sabablari juda ko‘p bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bosh miya ichki bosimi ko‘tarilganda bola o‘zini loxas sezadi. Kichkintoyga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, keyinchalik, bog‘cha-maktab davrida ham og‘ir fe’l-atvori bilan barchani qiynashi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun bemor bolakayni to‘g‘ri parvarish qilish zarur. Bu haqda bolalar nevropatologi Lola ShODMONOVA ma’lumot beradi.

NEGA ShUNDAY BO‘LADI?

Bosh miya – asab tizimining markaziy bo‘limi. Uni maxsus suyuqlik – likvor yuvib turadi. Bu jarayon tinimsiz davom etadi. Lekin ba’zan ushbu suyuqlik miya qorinchasida yoki miya va kalla suyagi orasida to‘planib, bosh miya tomirlari va to‘qimasiga bosim o‘tkazadi. Aynan shu holat bolaning umumiy ahvoliga ta’sir qiladi. Bola haddan ziyod asabiy, yig‘loqi bo‘lib qoladi, uyqusi buziladi, tez uyg‘onadi, ko‘p qusadi, boshini keskin orqaga tortadi, boshidagi liqildoq doim harakatda bo‘ladi. Mutaxassislar buning sababini homiladorlik va tug‘ruqning qay tarzda kechgani bilan bog‘lashadi. Eslab ko‘ring: balki homiladorlik paytida shamollagandirsiz yoki biron kasallik bilan og‘rigan bo‘lishingiz mumkin. Yo‘ldosh ko‘chishi yoki kech toksikoz ham bolaning bosh miya ichki bosimi ko‘tarilishi bilan tug‘ilishiga ta’sir qiladi. Tug‘ruqning cho‘zilib ketishi, bolaning gipoksiya (kislorod yetishmasligi) bilan yoki kindigiga o‘ralib tug‘ilishi ham mazkur holatga sababdir.

TAShHIS TO‘G‘RIMIKAN?

Farzandingiz ahvolidagi har qanday o‘zgarishni sezishingiz zahoti shifokor-pediatr huzuriga boring. Ko‘rikda boladagi belgilar haqiqatan ham asab tizimiga bog‘liq ekanligi aniqlansa, davolovchi shifokor sizlarni nevropatolog huzuriga jo‘natadi. U yerda tibbiy ko‘rikdan tashqari, albatta qo‘shimcha tekshiruv usullari – ko‘z tubini tekshirtirish hamda bosh miya UTT (neyrosono­grafiya) o‘tkaziladi. Tashhis tasdiqlansa, kerakli davo choralarini qo‘llash kerak.

AQLIY RIVOJLANIShIGA TA’SIR QILMAYDIMI?

Mutlaqo. Aksincha amaliyot bunday bolalarning iqtidorli bo‘lib, xotirasi kuchli, har tomonlama rivojlangan, fikri teran, musiqiy va badiiy tafakkurga ega ekanligini ko‘rsatmoqda. Ota-onadan talab etilgani, vaqtida dori-darmonlarni berib, bolaning ko‘proq dam olishiga qo‘yib berish.

QANDAY PARVARISh QILAMIZ?

1. VAQTIDA TIBBIY KO‘RIKDAN O‘TING. Bosh miya ichki bosimining ko‘tarilishi tashhisi qo‘yilgan bolalar ma’lum muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Mutaxassisning ilk ko‘rigi qancha erta boshlansa, muolaja shunchalik samarali kechada. Bola yoshiga yetmay, muammo bartaraf etiladi, ahvolidagi o‘zgarishlar boshqa qiynamaydi. Keyinchalik ham shifokor buyurgan dori-darmonlarni soatma-soat (o‘z vaqtida) qabul qilishni kanda qilmang. Aks holda, bu jarayon uzoq vaqt cho‘zilib, keyinchalik farzandingizning fe’l-atvoriga ham ta’sir qila boshlaydi: u urishqoq va tajovuzkor, injiq, muloqotga qiyin kirishadigan bo‘lib ulg‘ayadi.

Bilasizmi:

Odatda, bu kasallikning zo‘rayishi bahor-kuz mavsumiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda nevropatolog bilan maslahatlashib, o‘quv yuklamasini kamaytirishga harakat qilish, bosh miyada qon aylanishini yaxshilovchi va tinchlantiruvchi dori vositalarni qabul qilish kerak.

2. MEHR KO‘PROQ BO‘LSIN. Bosh miya ichki bosimi ko‘tarilgan bolalarning ahvoliga hatto ob-havoning buzilishi ham ta’sir qiladi. Bunday paytda ularning boshi qattiq og‘riydi, o‘zi behol va injiq bo‘lib qoladi, gapga kirmaydi. Onadan talab qilinadigani bola qaysi yoshda bo‘lmasin, unga ko‘proq mehr-e’tibor ko‘rsatish. Chaqaloq bo‘lsa, vaqtingiz bormi-yo‘qmi, uni ko‘proq qo‘lda olib yurishga, quchoqlashga harakat qiling. Qo‘lingizda bo‘lgan mahal, sizdagi sokinlik asta-sekin unga o‘tib, tinchlanishi oson bo‘ladi. Unga ko‘proq tabassum qiling, birgalikda kulishing, sokin ovozda har bir harakatingizni izohlab, u bilan suhbatlashing, shunda bola o‘zini xavfsiz va qulay sezadi va boshidagi og‘riqdan chalg‘iydi. Bog‘cha-maktab yoshidagi bolaning kuni qanday o‘tgani bilan alohida qiziqing, nimalar uni qiynayotganligini sizdan yashirmay, ro‘y-rost gapirib berishiga qo‘yib bering. Bosh miya ichki bosimi ko‘tariladigan bolalar ba’zan muloqotga qiyin kirishib, tengqurlari bilan nizoga borishi mumkin. Bunday paytda masalani adolat bilan hal qilish, bolaning qaysi holatda nohaq ekanligini tushuntirish muhim. Aks holda u o‘z sog‘lig‘ini ro‘kach qilib, xudbin bo‘lib katta bo‘ladi.

3. EMIZISh FOYDA BERADI. Ona suti mo‘’jizaga qodir! Bola emishni istagani zahoti, ovqatlantiring, o‘zingiz bilan birga yotqizing. Shunda bola boshidagi og‘riq ancha kamayganini sezasiz.

4. SAYRGA VAQT AJRATING. Toza havo bosh miyadagi qon aylanishini tezlashtiradi. Shuning uchun kuniga ikki mahal, ertalab va oqshom tushishidan yarim soat oldin albatta, ochiq havoda sayr qilishi kerak. Sayr uchun archazor yoki daraxtli joylarni tanlaganingiz ma’qul. Bu bolaning tashqi muhitga tezroq moslashishiga yordam beradi, loxaslikdan saqlaydi. Sharoit bo‘lsa, bahor-yoz mavsumida tog‘li hududda dam olishga harakat qiling.

5. DAM OLIShIGA QO‘YIB BERING. Bosh miya ichki bosimi ko‘tarilgan bolalar boshqa tengqurlariga qaraganda tez toliqadi. Kun tartibini rejalashtirishda ham shunga alohida e’tibor berish kerak. Farzandingiz ulg‘ayganidan keyin ham maktabdan kelgach, bir soat davomida dam olishiga (uxlashiga) e’tibor bering. Shuningdek, uning kuniga 2 soatdan ko‘p televizor ko‘rmasligi ham muhimdir. Kompyuter o‘yinlarini esa kuniga yarim soatdan ko‘p o‘namasligi lozim.

6. HARAKAT KO‘P BO‘LGANI YaXShI. Har kuni 1 soat davomida bola bilan gimnastika mashqlari bilan shug‘ullanish kerak. Bolani maxsus gimnastika to‘garagiga joylashtirishingiz mumkin. Ertalabki badantarbiya mashqlarini ham kanda qilmang. Aks holda bola kun davomida o‘zini lanj va behol sezadi. Bundan ham yaxshisi, haftada uch marta bolani suzishga berishdir. Lekin jarohat bilan bog‘liq boks, kurash, basketbol, voleybol, futbol, yugurish kabi sport turlari qat’iy taqiqlanishini unutmang.

7. UQALASh MUOLAJALARIGA QATNANG. Malakali massajchi 5-6 muolajadayoq bolaning tarang mushaklarini rostlab, undagi gipertonus alomatlarini yo‘qotadi, natijada boshdagi qon aylanishi yaxshilanadi. Qarabsizki, bolaning yig‘loqiligi yo‘qoladi, uyqusi yaxshilanadi. Lekin buning uchun davolovchi massaj muolajasini kamida yiliga 3-4 marta olishga to‘g‘ri keladi.

8. OVQATLANISh TARTIBIGA E’TIBOR BERING. Taomnoma oqsil, vitamin va mineralllarga boy bo‘lishi kerak. Bola go‘shtli mahsulotlar, ayniqsa, baliq, bedana tuxumi, jigar, kalla-poycha kabi mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilishi lozim. Nahorga sabzi, lavlagi, ismaloq, petrushka sharbatini aralashtirib ichishi ham foydali.

Bilasizmi:

Xitoyda bu kasallikni davolashda tut daraxti po‘stlog‘ining qaynatmasidan foydalaniladi.

Rossiyada esa sarimsoqpiyozning spirtli tindirmasi yordamida mazkur kasallik davolaniladi.

Mevalardan ko‘k olma, shotut va anor, sut mahsulotlaridan qatiq va suzmani ko‘p-ko‘p tanovul qilishi talab etiladi. Bu mahsulotlar siydik haydovchi ta’sirga ega bo‘lgani uchun miyadagi qon aylanish yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.

Barno HOJIMIRZAYeVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi