Salomatlik

Kichkintoylar salomatligi borasida 4 savolga - javob

Farzand tarbiyalayotgan yosh onaning yonida ko‘pni bilgan kattalar bo‘lgani yaxshi. Ammo shunday holatlar bo‘ladiki, ularga faqat mutaxassis-shifokor tavsiyasi kor keladi. Mushtariylardan kelayotgan savollarga umumiy amaliyot shifokori Yulduz KARIMJONOVA javob beradi.

«QIZIMDAN NOXUSh HID KELADI»

– Qizim 5 yoshda, gimnastika to‘garagiga boradi. Lekin mashg‘ulotdan qaytgach, qo‘ltiq osti terlab, noxush hid taraladi. Tozalikka rioya qilamiz, har kuni cho‘miltirib, ich kiyimini almashtiradi. Faqat paxtali matodan tikilgan liboslarni kiydiraman. Shunga qaramay, terlashi qolmayapti. Bu kasallik emasmi?

Sharofat ShOMANSUROVA, Farg‘ona viloyati

– Ter bezlari faol bo‘lgan odamlarda bu kabi holatlar bolaligidan kuzatilishi mumkin. Ya’ni, bolada kechayotgan ulg‘ayish boshqalarga qaraganda kuchliroq namoyon bo‘ladi. Ko‘p terlash bola ko‘p shirinlik yeganida, suyaklariga kalsiy yetishmaganida, adenoid yoki gaymoriti bo‘lsa ham kuzatiladi. Maslahatim, qizingizni tor doiradagi shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazing. Uy sharoitida bolani cho‘miltirgach, qo‘ltik ostini marvarak (shalfey) damlamasida arting. Bu damlamani nahorga va yotishdan oldin bir piyoladan ichish ham terlashni kamaytiradi.

«OYoG‘I QIZIB KETVERADI»

Ikki yoshli o‘g‘lim, oyoqlari qizib ketganidan poypog‘ini yechib, zax, sovuq joylarda yurgisi keladi. Buning sababini bilishni istardim.

Nodira XABIBULLAYeVA, Toshkent shahri

–Bu holat yassioyoqlik, qon tomir kasalligi, qonda qand miqdori ko‘tarilishi, tor paypoq yoki poyabzal kiyish bilan bog‘liq. Bolalar jarrrohi va ortoped ko‘rigidan o‘tib, qonning umumiy tahlilini topshiring. Muammo tomir kasalligida bo‘lsa, oyoqlarni dam-badam issiq-sovuq suvda chayish muolajasi asqotadi. Vannacha ichiga bir siqim no‘xat solib bolaning ustida yurg‘izish ham ushbu muammodan tez va bezarar qutulishga yordam beradi.

«YIG‘LASA, TOMIRI TOMIRLARI BO‘RTIB ChIQADI»

Farzandim bir yoshda. Yaqinda sochlarini oldik. Yig‘laganida boshidagi tomirlar bo‘rtib chiqadi. Ko‘rib qo‘rqib ketaman. Kimga murojaat qilsam bo‘ladi?

Saodat OLIMOVA, Qarshi shahri

–Farzandingizdagi ushbu holat bosh ichki miya bosimi ko‘tarilishining belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday bolalarning boshi og‘riydi, uyqusi ham notinch bo‘ladi. Shifokor-nevrolog ko‘tirigidan o‘tib, davolanishni boshlang. Farzandingizning injiqlik qilishi, uyqusida bezovta bo‘lishiga loqayd bo‘lmang. Albatta, mutaxassis qabuliga boring.

«ANTIBIOTIKLAR – QABZIYaTGA SABABMI?»

Qizimning kichikligidan ichi qotadi, har kuni emas, kunora keladi. Chaqaloqligida stafilokokkli infeksiya aniqlanib, antibiotik ko‘p olganmiz. Endi qabziyatdan qiynalayapti. Bular antibiotik preparatlar ta’siridan emasmi? Nima qilsa bo‘ladi?

Omina HOJIYeVA, Marg‘ilon shahri

–Agar bolaning qorni og‘rimasa, terisida mayda toshma bo‘lmasa, ichi kelgan paytda qiynalmasa, bola zo‘riqmasa, buning yomon tomoni yo‘q. Ammo qabziyat 3 kundan ortiq davom etsa, albatta, shifokorga murojaat qiling. Uyda bolaning ko‘proq suyuqlik ichishini ta’minlang, tuvakka bir xil vaqtda o‘tkazing, bu odatga aylansin. Ovqatlanishda non va pishiriqlar, makaron, tuxum, guruch, kabi xamirli mahsulotlarni kamaytiring. Nahorga mayiz, o‘rik qoqi damlamasi, yotishdan oldin yangi ivitilgan qatiq va albatta, olxo‘ri mevasini yedirish yaxshi natija beradi.

Barno HOJIMIRZAYeVA tayyorladi.

Manba: Darakchi.uz