Shunday ko‘nikmalar borki, ularni farzandingizga maktabda o‘rgatishmaydi. Ularni faqat oilada o‘rganish mumkin. Quyida ana shunday ko‘nikmalarning beshtasini keltiramiz:
- Savol berish
To‘rt yoshlar atrofidagi bolalarga tinmay turli-tuman savollar berish xos. Bu to‘g‘rilik va hamma narsaga qiziqish bilan yo‘g‘rilgan ajoyib davrdir. Biroq bola ulg‘aya borishi bilan undagi bu ko‘nikma qayergadir g‘oyib bo‘ladi. Bola axmoqona savol berishdan va o‘qituvchi hamda tengdoshlarining norozi nigohlaridan qo‘rqib qoladi... Bu esa yomon, chunki savollar bermasdan turib sifatli ta’lim olishning deyarli imkoni yo‘q. Ota-onalar bolalarni hech kimdan qo‘rqmasdan savol berishga o‘rgatgani ma’qul, chunki bolalarning bunga haqqi bor. Shuningdek, farzandingiz berayotgan savollarga javob qidirishga yordam bering.
- O‘z muammolarini mustaqil hal qilish
Hayot kishining oldiga turli vazifalarni qo‘yadi. Har doim ham farzandingizning yonida bo‘la olmasligingizni yodingizda saqlang. Shuning uchun ularga darhol yordam berishga shoshilmang. Bu xoh kiyimni to‘g‘ri kiyish, xoh fizikadan masala yechish bo‘lsin, bola mustaqil yechimini topishni o‘rgansin. Siz faqat to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib va qo‘llab-quvvatlab turing.
- Boshlagan ishni oxiriga yetkazish
Farzandingizga o‘rnak bo‘ling, boshlagan ishlaringizni oxiriga yetkazing. Unga biror ishni boshlagandan so‘ng uni oxiriga qadar yetkazish va buning uchun mas’ul bo‘lishni o‘rgating.
- Hayotda o‘zini topish
Aksariyat hollarda bugungi kundagi maktab bitiruvchilari hayotda nima qilishni, nima bilan mashg‘ul bo‘lishni bilmaydi. Ular oliy ta’lim muassasasiga do‘sti bilan birga o‘qish yoki ota-onasining maslahati bo‘yicha yo‘l oladi. Bu unchalik yomon emas, biroq inson hayotda o‘zi sevgan kasb bilan mashg‘ul bo‘lsa, shubhasiz yanada baxtliroq yashaydi! Keling, farzandimizning qaysi yo‘nalishga moyilligini aniqlab, uni rivojlantirishga harakat qilamiz. Bolalarni o‘zligini topishida ko‘mak beraylik!
- Atrofdagilarga nisbatan sabrli bo‘lish
Faqat ota-onagina farzandiga atrofdagilarga nisbatan sabrli bo‘lishni o‘rgata oladi. Kishilar turli-tumandir, ularning o‘z qadriyatlari, o‘z qarashlari va fikrlari mavjud. Faqat shaxsiy namuna bo‘lish va ota-onaning say’-harakatlari bilan bolaga hammaga o‘xshamaslik va o‘ziga xos bo‘lish normal holat ekanligini ko‘rsatish mumkin.
Yuqoridagi ko‘nikmalar farzandingizning hayot yo‘lida o‘z munosib o‘rnini topishiga ko‘mak beradi.