Tarbiya

Maktabga ilk qadam

Bola ilk bora maktabga borayotganida juda xursand bo‘ladi. Qanday qilib u maktabdan ranjib qolmasligini ta’minlash mumkin?

Quyidagi bir qator maslahatlar bola borib-borib maktabdan ranjib ketmasligiga yordam beradi:

1. Bola bilan uy ishini qilmang. Eslatib turing, so‘rasa yordam bering, lekin birga o‘tirib qildirmang. Bu unda mas’uliyatsizlikni rivojlantiradi. Sabr qiling. Bog‘chadan so‘ng birdaniga maktab qoidalariga o‘rganib olish oson emas. Sekin-sekin uy ishini qilishga undang. O‘zi qilib kelganida yaxshilab maqtang va mukofotlang. Uy ishi qilishdan zavq olsin.

2. Bolaning baholariga hadeb ahamiyat beravermang. Baho muhim emas. Muhimi bola maktabni, bilim olishni sevib qolishi. Bilim olishga intilgan bola esa ertami-kech albatta yaxshi baholarni olib keladi. Sevmay ota-onasidan qo‘rqib turib "5" baho olgan bola "yaxshi lavozimlarni egallaydi yoki omadli bo‘ladi", desangiz adashasiz. Bunday bolalar hayotda qo‘rqoq bo‘lib yashaydi. Har bir ishni birovni turtkisi bilan amalga oshirishga o‘rganib qoladi.

3. Maktab haqida aytib bergan har bir gapiga e’tibor bilan quloq soling. Bu uning kichik boshidagi dardi. Sizga oddiy hol bo‘lgani bilan bola uchun bu katta muammo bo‘lishi mumkin. Uning maktab haqidagi gaplariga ahamiyatsiz bo‘lsangiz keyinchalik siz bilan bo‘lishmay qoladi. Katta bo‘lgan sari esa jiddiy muammolar yuz berganida ichida ushlab siqilib yuradi. Dardini sizga ishona olsin.

4. Hech qachon bolani oldida maktabini yoki maktab o‘qituvchilarini yomonlamang. Bola buni qulog‘iga quyib oladi va keyinchalik unga biron narsa uqtirganingizda sizning gaplaringizni esga oladi.

5. Bolaning huquqlarini hurmat qiling. Dars qilishi kerak albatta, lekin o‘yinga ham vaqti bo‘lishini ta’minlab bering.

6. Bola dars qilayotganida u istagan tarzda qilsin. "Biz yoshligimizda shunday qilar edik," deb o‘zingiznikini uqtirmang. Bolangiz hozirgi zamonda yashamoqda sizning kichikligingiz davrida emas.

7. Bolani yomon baho olib kelsa, uyaltirmang. Yoshligida ko‘p uyaltirilgan bola katta bo‘lganida psixologik muammolarga duch keladi. Yomon baho uchun, masalan muzqaymoqdan uni holi qilsangiz bo‘ladi yoki vada qilingan narsadan. Lekin keyingi safar albatta yaxshi baho olishiga ishonishingizni unga bildiring.

8. "Yaxshi baho olmasang mendan ko‘rasan!", kabi qo‘rqitishlar ijobiy natijaga olib kelmaydi. Bola o‘z intilishi bilan yaxshi baho olishi kerak. Qo‘rqitish ota-ona uchun eng oson yo‘l. Bolangiz o‘qiy olmaganiga jahlingiz chiqmasin, undan ko‘ra siz bolangizni o‘qishga qiziqtira olmayotganingiz haqida qayg‘uring.

9. Bolani sinfdoshlari bilan solishtirmang. Bola uchun eng yomoni, uning do‘sti ota-onasiga undan ko‘ra ko‘proq yoqishidir. Bundan u do‘stiga o‘xshashga intilmaydi, aksincha alamidan, rashkidan battar qila boshlaydi.

10. Birinchi sinf o‘quvchisining psixikasi juda zaif bo‘ladi. Yangi dargoh, yangi o‘qituvchi, yangi bolalar, yangi sharoit va odatlar. Ularga ko‘nikish unga oson emas. Shu davrda ota-onaning mehri unga eng kerakli narsa.

Manba: Uzbaby.uz