O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi nizom hamda Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti ustavi tasdiqlandi, deb yozmoqda Kun.uz.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
2) maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
3) bolalarni maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olishni ta’minlash;
4) zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini o‘quv-tarbiya jarayoniga joriy etish;
5) maktabgacha ta’lim muassasalarini milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash;
6) zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama kamol toptirish masalalarini yuqori professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
7) maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish hamda ta’lim-tarbiya jarayoniga tajribali, yuqori malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni jalb qilish;
8) maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun munosib shart-sharoitlar, shu jumladan, to‘laqonli va ratsional, muvozanatli, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishni ta’minlashga, asoslangan tibbiy ko‘rsatmalar bilan belgilanadigan hajmlarda va intensivlikda ko‘ngilochar va bilim beruvchi mashg‘ulotlar elementlari bo‘lgan serharakat o‘yinlar va mashqlar uyushtirishga yo‘naltirilgan shart-sharoitlar yaratish;
9) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish.