Tarbiya

Mashhur pedagog Ron Klark o‘quvchilari uchun ishlab chiqqan 55 qoida – II qism

Maqolaning birinchi qismida mashhur pedagog,  “Yil o‘qituvchisi” mukofoti sohibi Ron Klarkning o‘z o‘quvchilari uchun ishlab chiqqan 55 qoidadan 20 tasini taqdim qilgan edik. Quyida mazkur qoidalarning 15 tasini e’tiboringizga havola qilamiz.

21-qoida.

Sinfda odob-ahloq qoidalariga amal qilamiz. Har qanday topshiriqni bajarishda bahamjihat va samarali harakat qilamiz. Bularga erishish uchun quyidagi qoidalarga amal qilishimiz kerak:

  1. Beruxsat o‘rningizdan turmang. Istisno: agar tobingiz qochsa, darhol chiqib keting.
  2. Quyidagi holatlardagina gapirishingizga ruxsat beriladi:

Qo‘lingizni ko‘targaningizdan so‘ng, sizga murojaat qilsam;

Sizga savol bergan vaqtimda, unga javob qaytarish uchun;

Tushlik vaqtida;

Sizga biron topshiriq bersam (masalan, guruh bo‘lib ishlash vaqtida).

22-qoida.

O‘zingiz bilan idishda suv olib kelishingiz va uni partangiz ostiga qo‘yishingiz mumkin. Dars o‘tayotgan vaqtimda suv ichish uchun mendan ruxsat so‘rashingiz shart emas. Shuningdek, o‘zgalarga ko‘rsatmasdan va menga eshittirmasdan biron narsa tanovvul qilishingiz ham mumkin.

23-qoida.

Maktabdagi boshqa o‘qituvchilarning ismini bilib oling va ularga ismlari bilan murojaat qiling. Masalan, “Xayrli tong, janob Grehem” yoki “Xayrli kun, Otiz honim”. (Eslatma: agar sinfxonada bo‘lsangiz, unda o‘qituvchilar bilan bemalol gaplasha olmaysiz, sababi bu vaqtda “gapirmaslik” qoidasi ishga tushadi (21-qoida). O‘qituvchilar bilan maktab ichida va tashqarisida faqat darsdan holi vaqtda, ta’til vaqtida, topshiriqqa binoan va sinflarni almashtirish vaqtida gaplashishingiz mumkin)

24-qoida.

Hojatxonadan foydalanganingizdan so‘ng, unitaz suvini tortishni va qo‘lingizni yuvishni unutmang. Qo‘lingizni yuvgandan so‘ng, suvni o‘chirish uchun jo‘mrakni burashda hojatxona qog‘ozidan foydalaning (jo‘mrakni qo‘lingiz bilan ushlamaslik maqsadida). Imkon qadar yuvilgan qo‘llaringiz bilan kir joylarni ushlamaslikka harakat qiling.

25-qoida.

Maktabimizga tez-tez mehmonlar kelib turishadi. Agarda mehmonlardan birontasi bizning sinfni ko‘rishni ixtiyor etsa, unda ikki nafar o‘quvchini mehmonni kutib olish uchun kirish eshigi oldiga yuboraman. Mehmonimiz kelgach, u bilan ko‘rishib, uni ichkariga taklif qilasiz. Mehmonni sinfga olib kirishdan avval, maktab bo‘ylab kichik ekskursiya o‘tkazganingiz ham ma’qul.

26-qoida.

Oshxonada (bufet) joylarni butunlay band qilmang. Agarda kimdir yoningizga o‘tirishni so‘rasa, uni bajonudil taklif qiling. Hech kimning ra’yini qaytarishga harakat qilmang. Biz – bir oilamiz hamda bir-birimizga hurmat va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishimiz zarur.

27-qoida.

Agar men yoki boshqa o‘qituvchi biron o‘quvchi bilan gaplashayotgan yoki unga tanbeh berayotgan bo‘lsak, o‘sha o‘quvchiga qaramang. Chunki o‘zingizda ham biron muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa yoki sizga tanbeh berishsa, o‘zgalarning sizga qarashlarini xohlamagan bo‘lardingiz. Shu sababli, bunday vaziyatda siz ham boshqalarga qaramang. Agar sizga tanbeh berayotgan bo‘lsam, unda o‘zgalarning qarab turgani uchun jahl qilmang va bu holatdan bezovta bo‘lmang. Hammasini menga qo‘yib bering va bu vaziyatga yechim topa olaman.

28-qoida.

Agar uyga vazifa masalasida biron savolingiz bo‘lsa, unda menga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Qo‘ng‘irog‘ingizga javob bera olmasam, unda taxminan quyidagi ko‘rinishda xabar qoldiring:

“Salom, mister Klark. Men ___________________. Menga uy vazifasi bilan bog‘liq quyidagicha yordam kerak: ___________________________. Menga soat ___gacha qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Rahmat”.

Va asosiysi, ushbu xabarni 14 marta qoldirishingiz shart emas.

29-qoida.

Amal qilishingiz lozim bo‘lgan ovqat bilan bog‘liq bir qator etiket qoidalari mavjud bo‘lib, men ularni “Mening etiket alifbom” (My ABC’s of etiquitte) deb nomlaganman.

  1. A) Ovqatlanish uchun stol atrofiga o‘tirishingiz bilan, eng avvalo tizzangizga salfetka qo‘yishni (yoyishni) esdan chiqarmang. Agar oshxona jihozlari salfetkaga o‘ralgan bo‘lsa, unda ularni olib, salfetkani tizzangizga qo‘ying.
  2. B) Ovqatlanishni tugatgach, salfetkani stolga, tarelkaning chap tomoniga qo‘ying. O‘zingizni betartib qilib ko‘rsatishni xohlamasangiz, unda salfetkani g‘ijimlamang. Ammo salfetkani taxlab qo‘yish ham to‘g‘ri kelmaydi. Bu sizni yana o‘sha salfetkadan qayta foydalanish istagingiz borligini ko‘rsatadi. Salfetkani hech qachon stulda qoldirmang. Bu bilan salfetka stolga qo‘yishga arzimaydigan jarajada iflos ekanligini ko‘rsatasiz. Yana ba’zi joylarda, stulga qo‘yilgan salfetka, ushbu restoranga (ovqatlanish joyiga) boshqa qaytib kelmaslik ishorasini ham beradi.
  3. C) Hech qachon tirsagingizni stolga qo‘ymang.
  4. D) Bir qo‘llab ovqatlaning. Faqatgina biron narsa kesayotganda yoki nonga biron narsa surtayotgandagina ikki qo‘lingizni ishlatsangiz bo‘ladi. Hech qachon bir qo‘lingizda vilka, ikkinchi qo‘lingizda stakanni bir vaqtda tutmang.
  5. E) Hech qachon qo‘lingizni yalamang. Agar qo‘lni tozalash niyatida bo‘lsangiz, buning uchun salfetka bor.
  6. F) Labingizni chapillatmang va qattiq (ovoz chiqarib) chaynamang.
  7. G) Og‘zingizni ochgan holda chaynamang.
  8. H) Og‘zingizni to‘ldirib, ovqat yemang. Ba’zi odamlar og‘ziga ovqat solib, bir vaqtda gapirishadi ham. Siz bunday qilmang. Avval yeb olib, keyin gapiring.
  9. I) Agar tishingizga biron narsa kirib qolsa, o‘sha joyning o‘zida olib tashlashga urinmang. Avval alohida xonaga chiqib, keyin olib tashlang.
  10. J) Xo‘rillatib ichmang.
  11. K) Ovqatingizni o‘ynamang.
  12. L) Agar vilka, salfetka yoki shu kabi biron narsangiz tushib ketsa, ularni yerdan olib, stol ustiga qo‘ymang. Bu juda qo‘pol va gigiyenaga to‘g‘ri kelmaydigan ish. Agar yerdagi narsani olsangiz, unda uni ofitsiantga bering va o‘tirganlardan uzr so‘rab, ovqatlanishni davom ettirishdan avval albatta qo‘lingizni sovun bilan yuvib keling. Yaxshisi biron jihoz yerga tushganda ofitsiantdan o‘sha jihozni yangilab berishni iltimos qiling va yerdagi narsaga tegmang.
  13. M) Deyarli barcha ovqatlarni tanovul qilayotganda oshxona jihozlaridan foydalaning. Quyidagi 10 ta ovqatni iste’mol qilish uchun qo‘lingizni ishlatsangiz bo‘ladi:
  14. Pitssa
  15. Bekon
  16. Pechene
  17. Non (har doim yeya olishingiz mumkin bo‘lgan kichkina bo‘lakcha kesib (sindirib) oling. Agar nonga biron narsa surtmoqchi bo‘lsangiz, unda nonning barcha bo‘lagiga surtmang. Avval bittada tishlay oladigan qismingizga surting. Yeb bo‘lgach, navbatdagisini surtasiz).
  18. So‘tali makkajo‘xori (uni uzunligi bo‘ylab yeyish kerak, ko‘ndalang aylantirib emas)
  19. Xot-dog, gamburger, sendvich, shuningdek, biskvitlarni ham.
  20. Kartofel fri va chipslar.
  21. Qovurilgan jo‘ja.
  22. Sarsabil (ha, o‘sha siz ovqatga qo‘shib yeydigan uzunchoq, yashil ko‘kat)
  23. Mayda mevalar (masalan, uzum), olma, apelsin, sabzi va h.k.
  24. N) Hech qachon uzoqroqdagi biron narsani olish uchun kimningdir oldidan qo‘l uzatmang. Yaxshisi, kerakli narsani olib berishlarini so‘rang. Masalan: “Iltimos, menga tuzni uzatib yubora olmaysizmi?”.
  25. O) Joyingizga o‘tirmasdan turib, hech qachon ovqatlanishni boshlamang.
  26. P) Agar biz restoranda ovqatlanayotgan bo‘lsak, unda stol atrofidagi barcha insonlarga ovqatlari olib kelinmagungacha, tanovul qilishni boshlamay turing.
  27. Q) Yo‘lning uzoqligidan, ovqatning bemazaligidan yoki ko‘p kutishga to‘g‘ri kelgan vaziyatlarda shikoyat qilmang yoxud nolimang. O‘zingizning salbiy fikrlaringiz bilan o‘zgalar kayfiyatiga ta’sir qilmang.
  28. R) Agar siz ovqat uchun qaysi oshxona jihozini ishlatishni bilmayotgan bo‘lsangiz, unda eng avval tarelkangizdan uzoqroqda joylashgan vilka, qoshiq va pichoqlardan foydalaning. Chap tomoningizda salatlar uchun vilka tashqi tomoni bilan turadi, uning yonida esa ovqatga ishlatish uchun vilka ichki tomoni bilan turadi. O‘ng tomonda suyuq ovqatlarda foydalanish uchun qoshiq, uning yonida esa choy yoki kofeni aralashtirishga mo‘ljallangan qoshiqcha turadi. Ulardan keyin salat uchun pichoq, uning yonida ovqatda ishlatish uchun pichoq joylashgan bo‘ladi. Tarelkaning yuqori qismidagi jihozlar desertda ishlatish uchun mo‘ljallangan.
  29. S) Ovqatlanib bo‘lgach, o‘zingizdan tarelkani surib qo‘ymang. Yaxshisi u turgan joyida qolaversin. Agar ovqatlanib bo‘lganingizni ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, unda vilka va pichoqni tarelka ustiga eni bo‘ylab diagonal tarzda qo‘ying. Vilkani tishlarini pastga, shuningdek, pichoqni ham o‘tkir qismini pastga qaratib qo‘ying. Sizga yaqin tarafda vilka turishi kerak.
  30. T) Hech qachon ishlatilgan oshxona jihozlarini qaytib stolga qo‘ymang. Uni tarelka ustida yoki ovqat idishining o‘zida qoldiring.
  31. U) Agar biron oshxona jihozini ishlatmagan bo‘lsangiz, unda uni tarelka ustiga yoki ovqatga solmang. Ularni turgan joyida qoldiring.
  32. V) Ofitsiantga buyurtma berayotganda, savol so‘rayotganda yoki rahmat aytayotganda har doim unga qaragan holda murojaat qiling.
  33. W) Ofitsiant sizdan buyurtma qabul qilayotganda, uning ismini so‘rang. Imkon boricha unga tez-tez ismi bilan murojaat qiling.
  34. X) Agar siz biron ish bilan tashqariga chiqmoqchi bo‘lsangiz, unda albatta stol atrofidagilardan uzr so‘ragan holda turing.
  35. Y) Sizga desert yoki shunga o‘xshash narsa taklif qilishayotganda, “Siz nima deb o‘ylaysiz?” yoki “O‘zingiz nimani xohlagan bo‘lardingiz” kabi savollardan ko‘ra, “Qanday variantlar bor?” deb so‘raganingiz ma’qul. Natijada restoranda yo‘q mahsulotlarni sanashga ketadigan vaqtni iqtisod qilib qolasiz.
  36. Z) Hech qachon ofitsiantga xizmatkordek muomala qilmang. Ularga hurmat va muloyimlik bilan murojaat qiling. Unutmang, ular buyurtma olib, sizga ovqat olib keladigan insonlar. Axir ofitsiantlar tomonidan qandaydir yomonlik qilinishini xohlamaysiz-ku.

30-qoida.

Ovqatlanib bo‘lgach, stol ustini tozalashni unutmang. Polda chiqindi qolmaganiga e’tibor qiling. Qayerda bo‘lishimizdan qat’i nazar, o‘zingizdan biron chiqindi qolmasligi uchun javobgar bo‘lasiz. Yon-atrofni iflos qilmayotganingizga ishonch hosil qilishingiz kerak.

31-qoida.

(ushbu qoida o‘sha maktabda amal qilgan. Tarj. izohi)

Mehmonxonaga joylashgan paytimizda, biz ketganimizdan so‘ng xonani tozalaydigan xodimlar uchun yostiq ostiga choychaqa qo‘yib ketish maqsadga muvofiq. Kuniga 2 yoki 3 dollar berish tavsiya qilinadi. Bu albatta xonaning narxiga ham bog‘liq.

32-qoida.

Avtobusda ketayotganingizda har doim oldinga qarab keting. Qolgan o‘quvchilar bilan gaplashish uchun o‘girilmang, oynadan hech narsa tashlamang, o‘rningizdan turmang. Avtobusdan tushib ketayotganda, albatta har doim haydovchiga rahmat ayting va xayrli kun tilang.

33-qoida.

Ekskursiyaga chiqqan paytimizda begona insonlar bilan sizlarni tanishtirsam, ularning ismlarini eslab qolishga harakat qiling. Ketayotgan vaqtimizda esa ularga ismlari bilan murojaat qilgan holda minnatdorlik bildirib, xayrlashing.

34-qoida.

Sizga shvedcha stol yoki sinfdagi tadbir vaqtida ovqat taklif qilishsa, hech qachon ochko‘zlik qilib, o‘zingizga keragidan ortiq ovqat olmang. Bu narsa chetdan qaraganda nafaqat xunuk ko‘rinadi, balki boshqalarga yetarlicha yegulik qoldirmasdan, o‘zgalarga nisbatan hurmatsizlik ham qilgan bo‘lasiz.

35-qoida.

Qayerdaligining ahamiyati yo‘q, maktabdami yoki ekskursiyadami, agarda kimdir biron narsasini tushirib qo‘ysa, uni olib, egasiga qaytaring. Hatto o‘sha narsa, egasining yonginasiga tushgan bo‘lsa ham, xushmuomalalik bilan egilib, olib bering.

Ingliz tilidan Xushnudbek Xudayberdiyev tarjimasi.

Manbaa: www.xushnudbek.uz