Tarbiya

Mashhur pedagog Ron Klark o‘quvchilari uchun ishlab chiqqan 55 qoida – III qism

Maqolaning birinchi va ikkinchi qismlarida mashhur pedagog,  “Yil o‘qituvchisi” mukofoti sohibi Ron Klarkning o‘z o‘quvchilari uchun ishlab chiqqan 55 qoidadan 35 tasini taqdim qilgan edik. Quyida mazkur qoidalarning 15 tasini e’tiboringizga havola qilamiz.

36-qoida.

Eshikka yaqinlashgan vaqtingizda ortingizdan kimdir kelayotganini ko‘rsangiz, unda eshikni ochiq tarzda ushlab turing. Agar eshik siz tomonga ochiladigan bo‘lsa, unda eshikni ochiq holda ushlab turib, sizdan keyingi insonni birinchi bo‘lib o‘tkazib yuboring va ortidan o‘zingiz kiring. Agar eshik qarama-qarshi tomonga ochiladigan bo‘lsa, unda avval o‘zingiz ichkariga kirib, so‘ng eshikni ochiq tarzda ushlab turing.

37-qoida.

Agar sizga kimdir urilib ketsa, garchi ayb sizda bo‘lmasa ham, darrov kechirim so‘rang.

38-qoida.

Ekskursiyaga chiqqan vaqtimizda, diqqatga sazovor joylarga kirgan paytimizda bir-biringiz bilan gaplashmang. Binolarga bizni hech kim payqamaydigan darajada tinchlik saqlab kirishimiz kerak. Ushbu qoida kinoteatr, ibodatxona, teatr va shunga o‘xshash boshqa muassasalar uchun ham taalluqli. Mazkur qoidaga maktabga qaytganda ham amal qilishimiz kerak.

39-qoida.

Ekskursiya vaqtida, borgan joyimiz haqida bir-ikki og‘iz maqtov aytsangiz nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Masalan, biz kimningdir uyiga kirsak, uy egasiga pardalari chiroyli ekanligini aytsangiz yomon bo‘lmasdi. Mehmon kutayotgan insonlar odatda xijolat bo‘lib turishadi, shu sababli o‘zlarini erkinroq his qilishlariga imkon yaratib bersangiz ziyon qilmaydi. Shuningdek, boshqa joylarga borganda ham, masalan, muzey yoki teatrga, o‘sha inshootning arxitekturasi chiroyli ekanligini yoxud sizni olib yurgan gidga juda yaxshi xizmat ko‘rsatayotganligini ta’kidlasangiz ajoyib ish bo‘lar edi.

40-qoida.

Majlis vaqtida gaplashmang va atrofga olazarak bo‘lmang, sinfdagi do‘stlaringiz diqqatini o‘zingizga qaratmang. Biz birgalikda bahamjihat bo‘lib ishlayotganimiz haqida taassurot uyg‘otishimiz kerak.

41-qoida.

Uyda telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berayotgan vaqtingizda, o‘zingizni tutishingiz axloq qoidalariga mos bo‘lsin.

42-qoida.

Ekskursiyadan qaytganimizdan so‘ng, menga yoki mening o‘rnimdagi istalgan boshqa o‘qituvchiga rahmat ayting. Siz bizga ushbu ekskursiyaga vaqt ajrata olganimiz uchun minnatdorlik bildiring, shuningdek, bunday imkoniyatdan foydalanganingiz uchun xursand ekanligingizni ta’kidlang. Menga rahmatlaringiz kerak emas, menga kerak vaqtda, kerakli tarzda minnatdorlik bildira olishni o‘rganishingiz muhim. Bu odat qachondir ishni o‘z tomoningizga og‘dira olishda qo‘l keladi.

43-qoida.

Ekskursiyaga chiqqan vaqtimizda eskalator xizmatidan foydalanish zaruriyati tug‘ilsa, eskalatorning o‘ng tomonida turishga odatlaning. Bu shoshilayotgan insonlar uchun chap tomondan erkin o‘tib ketishlariga imkon yaratadi. Agar liftga, metroga yoki shunchaki biron eshikka kirmoqchi bo‘lsak, avval qolganlarning o‘tib ketishini kuting, shundan so‘ng o‘zingiz kiring.

44-qoida.

Navbatga turgan vaqtimiz, turnaqator bo‘lib tizilishamiz. Bunda oldingizdagi inson bilan orangiz 1 qadam bo‘lishi kerak. Har doim to‘g‘riga qarang. Va hech qanday gaplashishlar bo‘lmasin.

45-qoida.

Hech qachon navbatni buzmang. Agar sizdan oldingi inson turib qolsa (oldinga yurmasdan), unda hech narsa demang. Mayli, turaversin, faqat bu haqida meni ogohlantirib qo‘ying. Men vaziyatni qo‘lga olaman. Agar siz navbatni buzgan inson bilan bahslashsangiz, unda bu yaxshilikka olib kelmasligi mumkin. Bunday qilish yaramaydi, yaxshisi menga xabar qilsangiz kifoya. Iltimos, sinfdoshlaringiz bilan o‘z o‘rnida bahslashing. Yuzaga kelgan muammoni o‘zingiz hal qilgandan ko‘ra, menga maslahat solganingiz ma’qul.

46-qoida.

Kinoga tushganimizda hech qanday gaplashishlar bo‘lmasligi kerak.

47-qoida.

Maktabga chipslar (qovurilgan kartoshka) olib kelmang.

48-qoida.

Agar maktabda kimdir sizni bezovta qilsa, bu haqida men bilishim kerak. Men sizlarning o‘qituvchingizman (sinf rahbari), va mening vazifam sizlarga ko‘z-quloq bo‘lish hamda himoya qilish. Men ushbu maktabda hech kimga sizlarni xafa qilishi yoki sizlarga noqulaylik tug‘dirishi uchun imkon bermayman. O‘z navbatida o‘zboshimchalik bilan vaziyatni qo‘lga olishga urinmasdan, menga imkon berishingizni so‘rar edim.

49-qoida.

O‘zingiz ishongan narsada qat’iy turing! Aqlingiz va qalbingiz boshlayotgan yo‘lda o‘zingizni kuchli his qilsangiz, unda boshqa yo‘lni tanlamang.

50-qoida.

Pozitiv bo‘ling va hayotdan zavqlaning. Ba’zi narsalar hatto xafa bo‘lishga ham arzimaydi. Kelajakdagi istiqbollar haqida o‘ylang va hayotingizdagi yaxshi narsalarga e’tibor qarating.

51-qoida.

Shunday yashangki, keyinchalik sira afsuslanmang. Agar biron ishni bajarishni istasangiz, bajaring! Hech qachon qo‘rquv, ikkilanish yoki yo‘lingizga to‘g‘anoq bo‘ladigan boshqa hissiyotlarga berilmang. Agar biron narsani juda xohlasangiz, unda o‘sha narsa uchun butun vujudingiz bilan kurashing. Agar biron ishni bajarishni juda ham istasangiz, faqat olg‘a boring va toki o‘z maqsadingizga erishmaguningizgacha to‘xtamang. Agar biron orzuingiz bo‘lsa, unda umringiz davomida o‘sha orzu umidida yashash va oxir-oqibat uni ro‘yobga chiqarish uchun qo‘lingizdan kelganicha harakat qiling.

52-qoida.

Qayerdadir baribir xato qilishingizni hisobga oling. Xatolardan tegishli xulosa chiqarib, maqsadingiz sari yana olg‘a intiling.

53-qoida.

Qanday holatda bo‘lishingizdan qat’i nazar, vijdonli bo‘ling. Hattoki biron nojo‘ya xatti-harakat qilib qo‘ysangiz ham, vijdonan buni tan olib, menga xabar qiling. Chunki men bunday insonlarni hurmat qilaman va vijdonli ekanligingiz hisobiga qilgan nojo‘ya ishingizni unutaman.

54-qoida.

Carpe Diem (Vaziyatlardan rohatlaning). Odam bir marta dunyoga keladi, shu sababli kunlaringizni behuda o‘tkazmang.

55-qoida.

Qo‘lingizdan kelganicha, eng yaxshi inson bo‘ling!

Mazkur maqola o‘zbek tiliga Xushnudbek Xudayberdiyev tomonidan o‘girilgan.