Salomatlik

Miya chayqalishi asorat bermasin desangiz...

Miya chayqalishi ko‘proq yoshlarda, sportchi yoki xavfli kasb egalarida, shuningdek, avtofalokat, boshqa baxtsiz hodisa tufayli sodir bo‘lishi mumkin. Bu holatda, eng asosiysi, miya chayqalishidan keyin bemorni to‘g‘ri parvarishlashdir. Aks holda, jiddiy asoratlar yuzaga kelib, bemorning ahvoli yomonlashaveradi. Demak, bemor ma’lum vaqt shifokorning barcha ko‘rsatmalariga amal qilishi shart. Miya chayqalishidan keyingi hayot tarzi haqida shifokor-neyroxirurg Odilxon USMONXONOV ma’lumot beradi.

ASOSIY ShART

Bosh miya chayqalishidan keyin shifokor birinchi o‘rinda asorat qoldimi-yo‘qmi tekshiradi. Odatda, to‘g‘ri davo kursidan keyin odamda hech qanday asorat qolmaydi. Faqat ma’lum vaqt davomida, holsizlik, bosh og‘rig‘i, ob-havo o‘zgarishiga ta’sirchanlik sezilishi mumkin. Lekin bemor vaqtida dam olmaganida yoki davo kursi yakunlanmaganida asoratlar kuchayadi. Ba’zilar miya chayqalganidan keyin tez toliqadigan, asabiy, hatto urishqoq, tajovuzkor, boshqalar esa depressiyaga moyil bo‘lib qolishi mumkin. Yana miya chayqalishidan keyin odamning boshi og‘riydigan, uyqusizlik qiynaydigan, diqqatini jamlolmaydigan, tez shamollaydigan holatga keladi. Bunday paytda shifokor tinchlantiruvchi, og‘riqsizlantiruvchi dori-darmonlar buyuradi. Ammo ular ham vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, miya chayqalishidan keyin ma’lum qoidalarga rioya qilish kerak.

HAMMA NARSA VAQTIDA BO‘LSIN

Miya chayqalishidan keyin bemor bir hafta yotib davolanish tartibiga rioya qilishi shart. Kamida 2 hafta davomida quyidagilar TA’QIQLANADI:

*biror ish bilan shug‘ullanish,

*mashina haydash;

*sport bilan shug‘ullanish;

*oftobda yurish,

*saunaga borish,

*musiqa eshitish,

*televizor tomosha qilish,

*kompyuterda ishlash,

*kitob-gazeta o‘qish,

*3 kg dan ortiq yuk ko‘tarish,

*tamaki chekish, spirtli ichimliklar iste’moli;

*sho‘r, achchiq, haddan ziyod qovurilgan taomlar iste’mol qilish taqiqlangan.

DAVOSI NAZORATDA

Shifokor buyurgan har bir dori-darmonni o‘z vaqtida qabul qilishni unutmang. Ayniqsa, bosh miyada qon aylanishini yaxshilaydigan dorilarni o‘z vaqtida qabul qiling. Chunki bosh miya chayqalishidan keyin odatda, bemorning qon bosimi ko‘tarilib turadigan bo‘lishi mumkin. Bu esa, ayniqsa, yozning jazirama kunlarida xavfli omil hisoblanadi. Oradan bir oy o‘tib, shifokor-neyroxirurg yoki travmatolog ko‘rigidan o‘tish kerak. Zarur bo‘lsa, elektroensefalogramma tekshiruvi ham qilinadi. Bemor har olti oyda nevropatolog ko‘rigidan o‘tib, tegishli davo kursini olib tursa, hech qanday asorat uni qiynamaydi.

OVQATGA KO‘P NARSA BOG‘LIQ

Taomnomadagi barcha ovqatlar vitaminga boy bo‘lishi kerak. Bu miyadagi qon aylanishni yaxshilash, bemorni tinchlantirish va quvvatlantirish uchun kerak.

Bir oy davomida sutli ugra oshi, grechixali dimlama osh, lavlagili karam sho‘rva, ko‘proq chaq-chuqlar (ayniqsa, yong‘oq va bodom), kalla go‘shti, jigar, kurka va tovuq go‘shti, haftada bir marta, albatta, baliq iste’mol qilish kerak. Mevalardan banan va sitruslilar, shotut va anor foydali. Ichimliklardan kun davomida siydik haydovchi na’matak, zirk solingan yoki olxo‘rili kompot, asalli ko‘k choy ichish kerak.

Barno XOJIMIRZAYeVA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz