Ota-onalardan eng ko‘p eshitish mumkin bo‘lgan shikoyat bu bolalarning "quloqsizligi"dan shikoyatlardir. Ular farzandlari ularni eshitmasligi, bir necha marta takrorlash, baqirish va urishishga to‘g‘ri kelishini bayon qilishadi. Aslida bolalarning bizni eshitmasligi va quloq solmasligi uchun o‘zimiz aybdormiz. Bu holat nima sababdan yuz berishining ba’zi sabablarini keltirib o‘tamiz.
- Biz farzandimizning ko‘ziga qaramaymiz
Bolalar, ayniqsa kichik yoshda bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifaga e’tiborni jamlashga qodir bo‘lmaydi. Shuning uchun agar bola mashinasi bilan ovvora bo‘lsa, bizning yuqoridan kelayotgan so‘zlarimiz ungacha yetib bormaydi. Shu sababdan bolaning e’tiborini o‘zingizga qaratishingiz kerak. Uning ko‘zlariga tik qarab, qo‘lidan ushlab, ismi bilan murojaat qilib so‘zlang.
- Bolalarga juda uzun va qiyin ko‘rsatmalar beramiz
"Oyoq kiyimingni yechib, qo‘llaringni yuvib, ovqatlanishga o‘tir", — biz uchun bu iltimos juda osondek ko‘rinadi. Lekin bola uchun bu eslab qolish qiyin bo‘lgan algoritm bo‘lishi mumkin. U topshiriqlarning ketma-ketligini unutib qo‘yganligi tufayli, ularning ba’zilarini bajarmasligi mumkin. Shuning uchun iltimoslarimizni qisqa va jo‘n qismlarga bo‘lish lozim.
- Biz ko‘p gapiramiz
Uzundan-uzoq tushuntirish va ma’ruzalar bolani chalg‘itadi, u nutqimizning asosiy mazmuni nimadan iborat ekanligini unutib qo‘yadi. Aniq va qisqa ko‘rsatmalar yoki ogohlantirishlar bering. Biror narsa yuzasidan uzoq gapirishdan qoching. Bitta gapning o‘zi yetarli: "Divandan sakrash mumkin emas! Bu xavfli!". Keyin e’tiborni boshqa narsaga qarating.
- Ovozimizni balandlatamiz
Bolaga ovozimizni ko‘tarish orqali biz uni xavotir va qo‘rquvga solamiz. Shunda u faqat jazodan qutulib qolish uchun iltimoslarimizni bajaradi. Biz shunchaki qarorlarimizda qat’iy turishimiz lozim. Bola multfilmni o‘chirish haqidagi fikringizni o‘zgartira olmasligiga ko‘zi yetgandagina, iltimosingizni bajarishdan o‘zini olib qochmaydi.
- So‘zlarimizning shu zahotiyoq ta’sir qilishini kutamiz
Psixologlar tomonidan bolalar eshitganlarini bir necha soniyadan keyin qabul qilishi aniqlangan. Shuning uchun boladan aytilgan ishni o‘sha zahoti bajarishni talab qilmasdan, unga biroz vaqt berish lozim. Hademay o‘yinni yakunlab, uxlashga yotish kerakligi haqida ogohlantiring.
- Biz iltimoslarimizda -ma qo‘shimchasini ishlatamiz
"Teginma, taqillatma, o‘rmalama!" Hatto katta kishilar ham -ma qo‘shimchasini tashlab ketadi, bolalar esa azaldan bunga moyil. Inkor shaklidagi iltimoslarning o‘rniga bolaga qiziqarli taklif qilish mumkin: "Kel, hech kim eshitmasligi uchun eshikni yopib qo‘yamiz".
- Farzandimizga tinmay tanbeh beramiz
Agar biz farzandimizga kun davomida "Ehtiyot bo‘l! Yiqilib tushma! Bosib olma! Qayerga chiqib olding!" kabi so‘zlarni takrorlayversak, bola uchun bu odatiy so‘zlarga aylanadi va u tanbehlarga umuman ahamiyat bermay qo‘yadi. Ularning sonini qisqartirish kerak.
- Biz ham farzandlarimizni tinglamaymiz
Bolalar bizning harakatlarimizdan nusxa oladi. Agar kun davomida bolaning so‘zlariga, hikoyalariga, savollariga va umuman murojaatlariga e’tibor qilmasak, u ham biz bilan xuddi shunday yo‘l tutadi.
Maqolani tayyorlashda "Ya Happy mama" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.