Tarbiya

Nima uchun to‘ng‘ich farzandlar uka va singillaridan aqlliroq bo‘ladi?

To‘ng‘ich farzandlar ko‘pincha oilada eng kattaman deb o‘ylab, ota-onaning bor diqqati va mehriga da’vogarlik qilgan holda, o‘zlarini haqiqiy shahzoda va malikalardek tutadi. Bu uka va singillarga qanchalik adolatsiz bo‘lib tuyulmasin, ilmiy ma’lumotlar dunyoga kelish tartibi ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.

Maqolada, tadqiqotlarga ko‘ra, to‘ng‘ich farzandlar tug‘iliboq qo‘lga kiritadigan ustunliklarning ba’zilarigina sanab o‘tiladi.

Katta farzandlar kichiklariga qaraganda o‘rtacha hisobda aqlliroq bo‘ladi

2007-yilda 250 ming yosh norvegiyaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot akalarning IQ darajasi ukalarnikidan o‘rtacha 2,3 bandga balandroq ekanligini ko‘rsatib berdi. Olimlar fikricha, bunday farq irsiyat bilan emas, bolalar o‘sadigan sharoit bilan bog‘liq. Masalan, to‘ng‘ich farzandlar odatda kichik bolalarga o‘rgatuvchilik qiladi, bu ularning o‘ziga axborotni yaxshi o‘zlashtirishda yordam beradi.

Bundan tashqari, har bir yangi farzand dunyoga kelishi bilan, ota-onada ularga individual tartibda e’tibor qaratish uchun kuch va vaqt tobora kamayib boradi, bu bolalarning aqliy jihatdan rivojlanishi uchun juda zarur. To‘ng‘ich farzandga ko‘pincha ota-onaning bunday qimmatli e’tibori eng ko‘p nasib qiladi.

To‘ng‘ich farzandlar — mas’uliyatliroq va itoatkorroq

Uka va singillariga qarash va g‘amxo‘rlik qilish zarurati to‘ng‘ich farzandlarga juda erta yoshda birov uchun javobgar bo‘lish nima ekanligini anglash imkonini beradi. “Aka-uka va opa-singillar effekti: qarindoshlik aloqalari biz haqimizda nimalarni so‘zlaydi” kitobi muallifi Jeffri Klyuger fikricha, katta farzandlar avloddan-avlodga o‘tadigan oilaviy an’ana va qadriyatlar muhofazachisi hisoblanadi, shu tufayli ular kichiklarga qaraganda ancha itoatkor va yumshoq tabiatli bo‘ladi.

To‘ng‘ich farzandlar hayotda kattaroq muvaffaqiyatlarga erishadi

Ular uka va singillariga nisbatan, nafaqat maktabda o‘rtacha hisobda yaxshiroq o‘qiydi, balki karera zinasida ham yuqoriroq ko‘tariladi. Nyu-York universiteti psixologi Ben Dattner fikriga ko‘ra, to‘ng‘ich bolalar tug‘ilganidan hayotda ko‘p narsaga erishish, “ota va onaning haqiqiy quvonchi”ga aylanishni mo‘ljallaydi. Bundan tashqari, tadqiqotlar dalolat berishicha, kichiklar ustidan hukmronlik qilish to‘ng‘ichlarni nafaqat oilada, balki kelajakdagi professional karerada ham yetakchi roliga tayyorlaydi.

To‘ng‘ich farzandlar qoidalarga rioya qiladi

Ko‘pincha oila poydevoriga putur yetkazadigan va isyonkor bo‘ladigan kichik farzandlarga qaraganda, to‘ng‘ichlar joriy holatni saqlab qolishga intiladi. “To‘ng‘ich farzandlar ko‘pincha ishonchli, an’analarga sodiq va raqobatga moyil bo‘ladi, kenjalar esa o‘zlariga boshqacha imij yaratish orqali ulardan uzoqlashishga intiladi — ular unchalik jiddiy bo‘lmaydi, balki tentakroq, kirishimliroq va itoatsiz bo‘ladi”, — deb yozadi belgiyalik psixologlar Vassilis Saroglu va Lora Fyasse ushbu mavzuga bag‘ishlangan maqolasida.

To‘ng‘ich farzandlar kenjalariga nisbatan halolroq, samimiyroq va hissiy jihatdan barqarorroq bo‘ladi

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ushbu shaxsiy sifatlarning barchasi hayotda muvaffaqiyat qozonishga katta yordam beradi.

Ammo olimlar barchamizning individual xususiyatlarimiz borligini va ko‘p narsa oiladagi hissiy muhitga bog‘liqligini ta’kidlaydi. Shu tufayli, to‘ng‘ich farzandlar ko‘p sohalar bo‘yicha yaxshiroq ekanligini asossiz ta’kidlab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, to‘ng‘ich farzandlarning ba’zilari doimiy ravishda yetakchilikka intilib, shu tariqa uni sezishlariga erishmoqchi bo‘lishi mumkin. Biroq bunday holat kenja farzandlar bilan ham sodir bo‘lishi mumkin, ayniqsa, ota-ona ularga katta farzandlarni namuna qilib ko‘rsatganida. Bundan tashqari, aynan kenja farzandlar muvaffaqiyatlarga erishgani borasida ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Mendeleyevni olib qarayli, u oilada 14-farzand bo‘lgan, ammo qanchalik katta muvaffaqiyatlarga erishgan!