Shunday vaqtlar bo‘ladiki, noqulay ob-havo sharoitida beixtiyor uyning asiriga aylanib qolamiz. Agar farzandlaringiz bilan barcha multfilmlarni tomosha qilib bo‘lgan hamda qiziqarli kitobchalarni varaqlab chiqqan bo‘lsangiz-chi? Uyda vaqtingizni maroqli o‘tkazish yo‘llari bormi? Bugun biz sizga shular haqida hikoya qilamiz.
- Sehrli tunnel
Bu o‘yin uchun sizga biror katta texnikaning qutisi kerak bo‘ladi. Uni qiziqarli tunnelga aylantiring. Bolalarga bunday tunnel juda yoqadi, ayniqsa ular ikki nafar bo‘lsa. Agar bunday qutini topa olmasangiz, uni eski gulqog‘ozdan o‘zingiz yasashingiz ham mumkin.
- Sirpanish uchun tepalik
Bunday tepalikni yasash uchun sizga enliroq taxta bo‘lagi kerak bo‘ladi. Bunda eski javon taxtasi yoki shkaf eshigi yaxshigina asqotadi. Endi taxtani qiya joyga, masalan, divanga qo‘ying. Uning bir uchi divan ustida, keyingi uchi esa polda turadi. Bu tepalikchadan mashinalarni yoki koptoklarni sirpantirishingiz yoki bolakayning o‘zi ham undan sirpanib tushishi mumkin. Eng asosiysi, fantaziyani ishga solishdir.
- Kichkina buyumlar
Kichkina buyumlar bilan o‘ynash bolalar uchun nafaqat qiziqarli, balki foydali hamdir. Bu loviya donalarini qoshiq yordamida idishga solish bo‘lishi mumkin. Yoki suvda suzib yurgan loviya donalarini qoshiqcha yordamida tutib olish.
Bolalar qaynatilgan tuxumni mustaqil archishni juda yoqtiradi. Tovuq tuxumining o‘rniga bedana tuxumini berib, jarayonni yanada qiziqarli qilish mumkin.
Yana bir variant kichikroq qutichadan teshikcha ochib, unga turli buyumlarni tugma, munchoq va tangalarni solish mumkin. Quticha to‘lganda, yosh izquvarga uning ichidagi xazinani ko‘rsatishingiz mumkin. Yana makaronlardan munchoq tizish ham bolalarga bir olam zavq beradi.
- Ijod bilan shug‘ullanish
Rasm chizish va nimalardir yasash bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishi hech kimga sir emas. Eski jurnal yoki bolalar kitobidan ertak qahramonlari va hayvonlarni qirqib olish yoki ularni o‘zingiz chizib berishingiz mumkin. Uchi to‘mtoq qaychi yordamida bolaning o‘zi qog‘ozlarni qirqishiga imkon bering.
Yana bir qiziqarli narsa, bu - plastilindir. Bolangiz xayolot dunyosini ishga solib, undan ko‘plab buyumlarni yasashi mumkin.
- Uydagi teatr
Bu safar asosiy rolni o‘zingiz bajarishingiz kerak bo‘ladi. Farzandingiz uchun ertaklar olamini oching, shunda u sizga jarangdor kulgusi va baxtdan porlayotgan ko‘zlari bilan javob qaytaradi.
Yumshoq o‘yinchoqlar yordamida qo‘g‘irchoq teatridagi kabi sahna namoyishini uyushtiring. O‘yinchoqlarga tovushingizni o‘zgartirib ovoz bering.
Ishoning, bolalar siz bilan birga o‘ynashdan juda xursand bo‘ladi!