Bolaning tarbiyasi onaning homiladorligidanoq boshlanadi. Oiladagi shart-sharoitlar, mehr-muhabbat, atrofdagilarning munosabatlari bolaning tarbiyasida juda katta rol o‘ynaydi. Ichki xislatlarimizning shakllanishi, qobiliyatimizni to‘g‘ri yo‘naltira olishimiz, hayotda o‘rnimizni topa olishimiz, oiladagi muhitga bog‘liq. Ayniqsa, o‘g‘il bolalarimizni haqiqiy yigit sifatida tarbiyalash uchun, ularga bolaligidanoq to‘g‘ri saboqlar berish katta ahamiyatga ega. Quyida sizlarga ana shunday saboqlardan ba’zilarini tavsiya etamiz.
Va’dasining ustidan chiqsin!
O‘g‘il bolalarga kichik paytidanoq har bir aytgan "so‘zida turish"ni o‘rgating. Qo‘lidan kela oladigan ishni bajara olishga so‘z berib, so‘zining ustidan chiqish qanchalik muhimligini va bu unga qanday ijobiy natija olib kelishini do‘stona munosabat yordamida tushuntirib bering. Albatta, bu bilan siz unga ishonishingizni ta’kidlab o‘ting, har safar so‘zining ustidan chiqqanida, undan faxrlanishingizni takrorlashdan charchamang.
Chidamli, bardoshli, kuchli bo‘lsin!
O‘g‘il bolalarga xos bo‘lgan xislatlar haqida (chidamli va kuchli shaxs sifatida) tanishtirib boring. Buning uchun har xil ertak qahramonlari, multfilm, kinodagi ijobiy timsollar orqali yoki hayotiy misollar bilan, o‘g‘il bolalarning o‘ziga xos xislatlarga egaligini tushuntirib boring. Ayniqsa, o‘g‘il bolalar sport mashg‘ulotlari (yoki jismoniy mehnat) bilan shug‘ullanishi kerak ekanligini ayting. Bu bilan siz farzandlaringizni hayotga chidamli, bardoshli va kuchli shaxs sifatida shakllanishida yordam berasiz. Uyda ayollar, maktabda ayollar bo‘lsa, siz kerakli natijaga erisha olmaysiz. Zero, yigitlarimizga xos bo‘lgan kuchli xislatlarni faqatgina erkaklarimizgina to‘g‘ri tushuntirib, singdira oladilar.
Ma’suliyatni his qilsin!
Javobgarlik hissini shakllantirishga yordam bering. Buning uchun biror-bir vazifa berib, shu vazifaning bajarilishiga ma’sulligini tushuntiring. Hozir yoshligida kichik bir ishga ma’suliyat bilan yondoshsa, kelajakda katta bir ishni xuddi shu ma’suliyat bilan bajarishiga olib kelishini ayting. Agar berilgan vazifani "qo‘limdan kelmaydi, qila olmayman" deb javob bersa, siz har doim farzandingizga ishongan holda, muhabbatingiz ila: "Sening qo‘lingdan keladi, senga ishonaman" degan so‘zlaringiz bilan uni qo‘llab-quvvatlang, natijaga erishganida uni rag‘batlantiring.
O‘z fikriga ega bo‘lsin!
Qaror qabul qilishni o‘rgating. Ya’ni u o‘z fikriga ega bo‘lsin. Buning uchun hayotda to‘g‘ri so‘zli, qat’iyatli bo‘lish, mehr ko‘rsatish, havas qilish, jonkuyarlik qilish kabi xislatlar aslida qanday bo‘lishini tushuntirib bering. Bunday xislatlarga ega bo‘lgan yigitlarni qanday yutuqlar kutayotganini ichki motivatsiyasini uyg‘otish yordamida shakllantiring. Ishonuvchanlik, ko‘ngilchanlik, ichki qo‘rquv hissiyotlari, g‘azab, hasad, yovuzlik, yolg‘onchilik, qizg‘anchiqlik bilan biror-bir yutuqqa erishib bo‘lmasligini, faqat salbiy natijalarga olib kelishini misollar yordamida tushuntirib boring.
Oladigan hosilingiz mehnatingizga bog‘liq!
Farzandingizga bo‘lgan asl munosabatingiz haqida jiddiy o‘ylab ko‘ring. Buning uchun bolangiz haqida o‘ylayotgan o‘ylaringiz yoki aytayotgan so‘zlaringiz ustida bosh qotiring. Misol uchun, "Sen odam bo‘lmaysan", "Sening qo‘lingdan kelmaydi", "Sen qiz bolaga o‘xshab ish qilasan" kabi so‘zlardan qoching. Unutmang, harakatlaringiz u yoqda tursin, hattoki o‘ylaringiz ham hayotda amalga oshib qolishi hech gap emas. Shunday ekan, niyatingiz sizning ekkan urug‘ingizdir, undan oladigan hosilingiz mehnatingizga bog‘liq! Yigitlarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ortirishda, o‘g‘illaringizga bo‘lgan munosabatingizning ahamiyati katta. Ya’ni siz farzandingizning yetuk shaxs bo‘lib yetishiga IShONING va IShONTIRING! O‘z hayotidagi o‘rnini topishga yordam bering, uy sharoitingizga ko‘ra uni hayotdagi orzularidan chegaralab qo‘ymang. O‘z hayotini o‘zi hal qilishiga o‘rgating.
Berilgan tavsiyalarim oddiy, faqat uni amalga oshirish uchun yillar kerak bo‘ladi. Bugun esa AYNI VAQTI – har birimiz o‘g‘illarimizning tarbiyasida jiddiy munosabatda bo‘laylik!
Manba: Beka.Uz