Bilasizmi?

O‘zbekiston bog‘chalarida yangicha tizim asosida ta’lim beriladi

Yoshlar press-klubida Maktabgacha ta’lim vazirligi va boshqa idora vakillari ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda  Toshkent shahar hokimiyati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshol Kenjayev, maktabgacha ta’lim muassasalar mudirlar va tarbiyachilari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson butun umri davomida oladigan ma’lumotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan muddatda oladi. Shu bois O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Bog‘chalarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida har bir muassasada kengashlar tashkil qilinadi. Uning tarkibiga mahalla va yoshlar ittifoqi vakillari, ota-onalar kiradi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlarni yetkazish tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu jarayonda uzluksizlikni, belgilangan standart va sifatni ta’minlashga katta e’tibor qaratiladi. Shu bois sohaga tadbirkorlar ham jalb qilinadi. Mutaxassislar oziq-ovqatlarning foydali elementlarga boyligi, shifokorlar bolalarning o‘sish sur’atlarini kuzatib boradi.

Shu bilan birga, tarbiyachi va bolalar uchun yangi o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar nashr etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalariga malakali shifokorlar, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, sanitariya-gigiyena vositalari ajratiladi. Shuningdek, ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va zarur texnika vositalari bilan ta’minlanadi.